Sulfat kislota H2SO4 - ikki asosli kuchli kislota. Uning elektron va tuzilish formulalari quyidagicha (oltingugurtning 6 ta elektroni kislorod atomlari tomon siljigan). Olinishi — Sulfat kislotani olish uchun quyidagi sxema asosida boradigan kimyoviy reaksiyalarni amalga oshirish kerak: FeS2→ SO2 → SO3 → H2SO4. Fizik xossalari. Oddiy sharoitda hidsiz, rangsiz, ogʻir moysimon suyuqlik; zichligi 1,83 g/sm³ (15 °C-da), qotish temperaturasi 10,45 °C, qaynash temperaturasi 296,2 °C. Sulfat kislota suvni oʻziga yutib, koʻp miqdorda issiklik chiqaradi. Shu sababli uni suyultirishda kislotaga suv qoʻshish salbiy oqibatlarga olib keladi (kuchli portlash sodir boʻlishi mumkin). Sulfat kislotani suyultirish uchun uni ozozdan suvga qoʻshiladi. Sulfat kislota ning suvdagi eritmalarini sovitish yoʻli bilan uning H2SO4·H2O, H2SO4·2H2O, H2SO4·4H2O tarkibli gidratlari olingan. Sulfat kislota sulfatlar va gidrosulfatlar hosil qiladi. Konsentrlangan Sulfat kislota kuchli oksidlovchi. Sulfat angidridning Sulfat kislota dagi eritmasi „tutovchi“ Sulfat kislota yoki oleum nomi bilan yuritiladi. Sulfat kislota oltingugurt, oltingugurt kolchedani FeS2, sulfit angidrid SO2 va boshqa dan ham hosil qilinadi. Sulfat kislota kimyo sanoatining muhim mahsuloti. Oʻgʻit tayyorlashda, metallurgiyada, neftni tozalashda, boʻyoqchilik sanoatida, sunʼiy tolalar, portlovchi moddalar, xlorid kislota olishda, qoʻrgʻoshinli akkumulyatorlarda elektrolit sifatida va boshqalarda ishlatiladi.

Sulfat kislota ishlab chiqarishdagi zaharli gazlar (SO2 va NO2), shuningdek, SO3 va H2SO4 bugʻlari ancha xavflidir. Shuning uchun qurilmalarni yaxshilab germetiklash va shamollatish kerak. Sulfat kislota terini kuchli kuydiradi, u bilan ishlaganda himoya vositalari (koʻzoynak, rezina qoʻlqop, fartuk, etik)dan foydalanish zarur. Akkumulyatorlarga ham bu kislota quyiladi.