Sunna (arabcha سنة — odat, anʼana, xatti-harakat tarzi) — islomda musulmonlar uchun ibrat hisoblangan Muhammad (sav)ning soʻzi, qilgan ishi, xatti-harakatlari. Sunnaga tegishli har bir maʼlumot hadislarda berilgan va toʻplam qilingan. Sunna islomda Qurʼondan keyingi, uni toʻldiruvchi manba, islom ilohiyoti va shariatning ikkinchi asosi sifatida eʼtirof etilgan. Sunna VII asr oʻrtalaridan yigʻila boshlangan. Bir yarim—ikki asr davomida hadislar juda koʻpayib ketgan. Hadisshunoslik eng taraqqiy qilgan IX asrga kelib, ular tartibga solingan, din, axloq va fiqhning manbaiga aylangan. Imom Buxoriy va Muslim ibn Hajjojning hadis toʻplamlari eng obroʻli hisoblanadi. Sunnada arab xalifaligining dastlabki ikki asrida islom dinining taraqqiyoti va turli ijtimoiy qatlamlarning ahvolini koʻrsatadigan tarixiy maʼlumotlar oʻz ifodasini topgan.

Sunnaning ziddi bidʼat (Sunnada uchramagan yangilik) boʻlib, u ikki xildir. Birinchisi — "bidʼati hasana", yaʼni Sunnada uchramagan boʻlsada, islom dini taʼlimotiga zid boʻlmagan odatlar. Masalan, Muhammad (sav)ning tavallud kunini bayramona kutib olish; unga atalgan mavlud kitoblarini yozish; ramazon oyida jamoat bilan tunda tarovih namozi oʻqish; rasmiy hujjatlarga muhr bosish; arab tilini oʻrgatadigan qoida kitoblarini taʼlif etish va h.k. Ikkinchisi — "bidʼati sayyia", yaʼni Sunnada uchramagan va islom taʼlimotiga zid odatlar. Masalan, xatna munosabati bilan toʻy qilish; dunyodan oʻtganlarga bagʻishlab 7, 20, 40, yil, hayit kabi nomlar bilan xudoyi marosimlarini oʻtkazish; nikoh toʻyida qalin toʻlash va h.k. Muhammad (sav) ning hadislarida "Kimki biror yaxshi sunnatni joriy etsa, unga amal qiluvchilarning savoblaridan oʻz ulushini olib turadi, kimki yomon sunnatni joriy etsa, unga amal qiluvchilarning gunohlaridan oʻz ulushini olib turadi", deyiladi. Oʻzbek tilida sunna bilan sunnat soʻzlarining oʻrtasida farq bor. Hadisning barcha turlari ham sunnadir. Sunnat — hadislarda targʻib etilgan, ibodatda ham, muomalada ham qoʻllaniladigan amal. Masalan, tahoratda yuz, qoʻloyoklarni 3 martadan yuvish sunnatdir. Oʻgʻil bolani xatna qilish, uylanib oila qurish, farzandlarga yaxshi ism qoʻyish sunnat amallardan sanaladi.