Sokrat (Sokrates), Suqrot (mil. av. 470/469 —Afina — 399) — yunon faylasufi. Haykaltarosh Sofriniks va doya Fenaretta oilasida tugʻilib oʻsgan. Oʻz taʼlimotini ogʻzaki bayon qilgan, hech qanday yozma manba qoldirmagan. Sofistlarga qarshi kurashish va yoshlarni tarbiyalashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Atrofiga koʻplab iqtidorli talabalarni jamlagan. Bu talabalarning bir qismi (Alkiviad, Kritiy va boshqalar) Afina demokratiyasiga qarshi kayfiyatda boʻlgan. S.ni demokratiyaga nisbatan dushmanlikda asossiz ayblashgan. Aslida u boshqaruvning hamma shakli — monarxiya, mustabidlik, aristokratiya, plutokratiya va demokratiyani, agar ular adolatni buzayotgan boʻlsa, tanqid qilgan. S. taʼlimotidagi tanqidiy ruh Afina hukmron doiralarini xavotirga solgan. Buning natijasida S. yoshlarni yoʻldan adashtirganlik, fuqarolik meʼyorlarini buzganlik hamda "yangi xudolarga sajda qilish"da ayblanib, sudga berilgan va oʻlim jazosiga hukm qilingan. Bu hukm turmada S.ga zahar ichirish yoʻli bilan ijro etilgan. S.ning falsafiy taʼlimoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni unga zamondosh va shogird boʻlgan Ksenofont, Platon, keyinroq Aristotel yozib qoldirgan. S. faqirona kun kechirib, doimo eski liboslarda, oyoq yalang yurardi. Uning turmush tarzi ham, soʻzlari va suhbatlari ham odamlarda katta qiziqish uygʻotardi. Faylasuf koʻp vaqtini odam gavjum maydonlarda, xiyobonlarda oʻtkazgan. Oʻzining suhbatidan bahramand boʻlish niyatida yurgan istalgan kishi bilan savol-javob qilgan. Ushbu muloqotlarning uslubi va xarakteri Platonning suhbat tarzida yozilgan asarlarida oʻz ifodasini topgan. S. oʻz falsafiy tadqiqotlariga axloqiy masalalarni asos qilib olgan. U olamning kelib chiqishi va tuzilishini oʻrganish zaruratini rad etib, bu masalalarni yechishga inson tafakkuri qodir emas deb hisoblagan. S. taʼlimoti ga koʻra, falsafaning maqsadi oʻz-oʻzini bilish boʻlib, bu esa chin ezgulikka erishish yoʻlidir; ezgulik — bilim yoki donolikdir. S. insonda 1-dan, oʻrta miyonalik, moʻʼtadillik (yaʼni. ehtiroslarni jilovlay bilish)ni, 2-dan, dovyuraklik (yaʼni, xavf-xatarni yenga bilish)ni, 3dan, adolat (yaʼni, ilohiy va insoniy qonunqoidalarga rioya eta bilish)ni eng asosiy ezgulik va yaxshilik belgisi deb hisoblagan. Zamondoshlari va shogirdlarining guvohlik berishicha, S. oʻzining chuqur dialektik fikrlashi, yaʼni predmetga oid nomukammal tushunchalardagi ziddiyatlarni ochish orqali oʻsha predmetni bilish sari yetaklay olish sanʼati, induktiv taʼlimotdan foydalanish mahorati bilan katta taassurot uygʻotgan. S. taʼlim-tarbiya amaliyotidagi har qanday aqidaparastlikni qattiq qoraladi. Taʼlimning maʼruza oʻqish shaklidan voz kechib, suhbat va munozaralar orqali haqiqatni izlab topishni asosiy uslubga aylantirdi. U barcha mavjud nuqtai nazarlarning hech biriga qoʻshilmay turib, ularni tanqidiy asosda muhokama qilishga intilgan. Ped.da majburlashdan, zoʻravonlikdan voz kechish tarafdori boʻlgan. Uningcha, bilim berishning yagona vositasi — ishontirishdir. S. nomi keyingi davrlar uchun donishmand timsoli boʻlib qolgan.

Suqrot (Σωκράτης)
Tavalludi taxminan mil. av. 470[1]
Vafoti taxminan mil. av. 399
Fuqaroligi Qadimgi afina
Olgan taʼsirlari Anaksagoras, Parmenid, Prodikus, Diotima
Otasi Sophroniscus
Onasi Phaenarete

Suqrot yoki Sokrat (yun.: Σωκράτης taxminan mil. av. 470mil. av. 399) qadimgi yunon faylasufi boʻlgan. U falsafada toʻntarilish yasagan Suqrot metodi muallifidir. Xususan, Suqrot pedagogiyaga ham falsafiy yondashuv olib kirgan, bunda muallim oʻquvchining oʻzi eng yaxshi javobga kelishi uchun uni yoʻnaltiruvchi savol-javobga tutadi. Suqrot Gʻarb falsafasiga hamda uning asoschilari - Aflotun va Arastuga katta taʼsir oʻtkazgan, deb hisoblanadi.[2]

Manbalar tahrir

  1. 1911 Encyclopaedia Britannica
  2. "Suqrot" OʻzME. S-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil