Torkvato Tasso (1544.11.3, Sorrento — 1595.25.4, Rim) — italyan shoiri. Shoir Bernardo Tassoning ugli. Bolonya universitetini tugatgan (1565). Diniy maʼrifat taʼsirida falsafiy skeptitsizmdan voz kechgan, sufiyona yoʻldan borgan. Asarlari klassitsizm va barokko uslublarida yaratilgan. Turklar bilan Yevropa xalqlari orasida toʻqnashuvlar sodir boʻlib turgan bir paytda T.ning "Goffredo" tarixiy dostoni (1574—75; 1580) "Ozod qilingan Quddus" nomida toʻla nashr etilishi oʻsha davr ijtimoiy hayotiga javob boʻlgan. Asarda Uygʻonish davri uchun xos boʻlgan gumanizm prinsiplari bilan individualizm va kontrreformatsiya davri axloqi oʻrtasidagi kurash oʻzining yorqin ifodasini topgan (qayta ishlangan varianti "Istilo qilingan Quddus", 1593). T.ning "Aminta" pastoral dramasi (1573) bu janrning choʻqqisi boʻldi. Asarda choʻpon Aminta va Silviya sevgisi orqali muhabbatning qudratli kuchi, Uygʻonish davri panteizmn haqidagi kurashlar ifodalangan. Bizga qadar T.ning 28 falsafiy dialogi va sheʼriyat nazariyasiga oid ilmiy risolalari ham yetib kelgan. T. ijodi 17—18-asr Gʻarbiy Yevropa adabiyoti taraqqiyotida muhim rol oʻynagan. Volter, E.Spenser, J.Milton, Lope de Vega va boshqa bevosita T. ijodi taʼsirida boʻlganlar.