Taragʻoy, Amir Taragʻoy, Taragʻoybek (?— 1360) — Amir Temurning otasi. Chigʻatoy ulusining nufuzli beklaridan biri, barlos qabilasi oqsoqollaridan boʻlgan. Taragʻoy ajdodlari Chingizxon va Chigʻatoy saroyiga yaqin boʻlishgan, keyinchalik ular Kesh viloyatini idora etganlar. T.ning oʻzi ham Amir Hazagʻonning ishonchli beklaridan sanalgan. Chigʻatoy ulusi hukmdorlari tomonidan Ili daryosi boʻyida har yili chaqiriladigan qurultoyga boshqa viloyat beklari qatorida T. ham qatnashgan. T.ning Movarounnahr va Moʻgʻoʻlistondagi mashhur amirlardan doʻstlari koʻp boʻlgan, bu hol keyinchalik Amir Temurga qoʻl kelgan. T. beklar xonadoniga mansub boʻlsada, otasi Amir Bargul kabi harbiy ishga mayli boʻlmagan. T. taqvodor musulmon boʻlib, koʻp vaqtini darveshlar bilan oʻtkazgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishiga koʻra, "Taragʻoybek ulamo va sulaho va muttaqiylarga mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi...". T. Shamsuddin Kulolnm oʻziga pir tutgan. T.ning xotini Buxoro fuzalolarining peshvosi — sadr ulsharʼia (shariat qonunlarini shargʻlovchi)ning qizi Takina xotun boʻlgan. T. farzandi Temurbekni yoshligidan maxsus murabbiylar nazorati ostiga topshirib, chavandozlik, ovchilik, kamondan oʻq otish, qilichbozlik va boshqalardan harbiy taʼlim olishiga alohida eʼtibor bergan. Bular uni kelajakda buyuk sarkarda boʻlib yetishida katta rol oʻynagan. T. Kesh (Shahrisabz)dagi oilaviy xilxonaga dafn etilgan. Sohibqiron keyinchalik jome masjid yaqinida, shayx Shamsuddin Kulol maqbarasi yonida yangi makbara qurdirib otasining xokini oʻsha yerga koʻchirgan. Amir Temur harbiy safarlardan qaytishda Keshda toʻxtab, otasi, oʻgʻli Jahongir, piri shayx Shamsiddin Kulol qabrlarini ziyorat qilgan.

Manba: tahrir

  • Sharafuddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1997;

Adabiyot tahrir

  • Amir Temur jahon tarixida, Parij, 1996; Bartold V.V., Sochineniya, t.2(chast 2), M., 1964; Fayziyev T., Temuriylar shajarasi, T., 1995;Radlov V.V., Opit slovarya tyurkskix narechiy, t.Z, M., 1963.