Termin (lotincha: terminus — „chegara“, „had“) — bilim yoki faoliyatning maxsus sohasiga doir tushunchani ifodalovchi soʻz yoki soʻz birikmasi. Termin umumxalq tshtiga muayyan terminologik tizim orqali oʻtadi, binobarin, termin va umumisteʼmoldagi soʻzlar bir-birini toʻldiradigan leksik birliklardir. Sistem xarakterga egalik, oʻz terminologik maydonida bir maʼnolilikka moyillik, histuygʻuni ifodalamaslik, uslubiy betaraflik kabilar terminga xos xususiyatlardir. Biologiya, matematika, tilshunoslikda qoʻllanadigan „funksiya“ soʻzini koʻp maʼnoli termin sifatida emas, balki terminologik omonimlar, sohalararo sodir boʻlib turadigan reterminologik jarayon (bir soha termin ining ikkinchi soha termini sifatida qoʻllanishi) hosilasi tarzida qaralmogʻi lozim. Umumxalq leksikasiga doir qonuniyatlar termin hosil qilishda ham kuzatiladi. Soʻz bilan termin ning umumiy va xususiy tomonlari yetarli darajada ochib berilgan emas; kundalik turmushda keng isteʼmolda boʻlgan soʻzlar ayni paytda turli sohalarga doir terminlar hamdir. Masalan, quloq, burun, tomoq — anatomiya va tibbiyot; gilam, sholcha, palos — gilamdoʻzlik; kitob, ruchka, daftar — pedagogik soha terminlari boʻlish bilan birga umumxalq tilida faol qoʻllanadi.

Hozirgi kunda „termin“ soʻzi bilan bir qatorda „atama“, „istiloh“ soʻzlari ham ayni maʼnoda qoʻllanmoqda. Lekin ular „termin“ soʻzining hozirgi maʼnosini toʻliq ifoda eta olmaydi. „Atama“ soʻzi keng maʼnoda boʻlib, geografik obyektlar, atoqli nomlarga nisbatan qoʻllanadi. „Istiloh“ soʻzini esa termin maʼnosida tarixiy mavzulardagi matnlar (mas., adabiyot tarixi, Sharq falsafasi va boshqalar)da bemalol qoʻllash mumkin.