Tilogʻoch (Larix) — qaragʻaydoshlar oilasiga mansub ignabargli daraxtlar turkumi. 20 ga yaqin turi bor. Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikada usadi. Bir uyli, ayrim jinsli oʻsimlik. Boʻyi 20–25 m (50 m gacha, diam. 1 m gacha yetadi), barglari qishda toʻkiladi. Ignalari yumshoq, silliq, uzun novdalarda 20—40 tadan spiralsimon joylashgan. Urugʻli qubbalari dumaloq yoki choʻziqroq (yoshligida qizgʻish yoki yashil), kalta novdalar uchida joylashgan. T. ignabarg chiqarishi bilan gullaydi, qubbasi va urugʻlari oʻsha yildayoq kuzda yoki bahorda ekiladi. Ochilgan qubbalari daraxtda 2—3 yilgacha turadi. Urugʻi mayda, qanotchali, shamol yordamida tarqaladi. T. sovuqqa gʻoyat chidamli, joy tanlamaydi, yorugʻsevar. Togʻ yon bagʻirlarini mustahkamlashda, dala ihota daraxtzorlari hosil qilishda va joylarni koʻkalamzorlashtirishda T.ning ahamiyati katta. Uning Gmelin yoki dauriya T. (L. gmelinii) va Sibir T. (L. sibirica) turlari koʻp tarqalgan. Yogʻochi pishiq, mustahkam, qattiq, suv osti inshootlari qurishda; mebel, qogʻoz tayyorlashda ishlatiladi.