Timishoare — Ruminiyaning gʻarbiy qismidagi shahar, Bega daryosi boʻyida. Timish judetsining maʼmuriy markazi. Aholisi 324,3 ming kishi (1998). Transport yoʻllarining yirik tuguni. Aeroporti xalqaro axamiyatga ega. Mashinasozlik (jumladan, elektrotexnika va radioelektronika, kon sanoati uchun jihozlar, qishloq xoʻjaligi. mashinalari ishlab chiqarish.), neft kimyosi, mebel, toʻqimachilik, tikuvchilik, koʻnpoyabzal, poligrafiya, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Universitet, teatrlar, muzeylar bor. Shahar 13-asrdan maʼlum. Meʼmorii yodgorliklardan Yanosh Xunyadi qasri (14—15-asrlar), barokko uslubida qurilgan cherkov va monastirlar (18-asr) saqlangan.