Toʻlov tizimi

Pul qiymatini oʻtkazish yoʻli bilan moliyaviy operatsiyalarni hal qilish uchun foydalaniladigan tizim

Toʻlov tizimi — toʻlovlarni toʻlov tizimining operatori, toʻlov tizimi ishtirokchilari va (yoki) toʻlov tashkilotlarining toʻlov tizimi operatori tomonidan belgilangan toʻlov tizimining tartib-taomillarini, infratuzilmasini va qoidalarini qoʻllash vositasida hamkorlik qilish yoʻli bilan amalga oshirishni taʼminlaydigan munosabatlar majmuidir[1].

Toʻlov tizimi operatori bilan hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi va toʻlov tizimida ishtirok etish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan banklar toʻlov tizimining ishtirokchilari hisoblanadi.

Operatsion tarmoq deb ataladigan keng tarqalgan toʻlov tizimining turi bank hisobvaraqlarini bogʻlaydi va bank depozitlari yordamida pul almashinuvini taʼminlaydi[2]. Baʼzi toʻlov tizimlari kredit mexanizmlarini ham oʻz ichiga oladi, ular asosan toʻlovning boshqa jihati hisoblanadi.

Umumiy maʼlumot tahrir

Toʻlov tizimlari ichki va xalqaro operatsiyalarda naqd pul oʻrniga qoʻllaniladi. Bu banklar va boshqa moliya institutlari tomonidan taqdim etiladigan asosiy xizmatlardan iborat. Anʼanaviy toʻlov tizimlariga hisob-kitob hujjatlari (masalan, cheklar) va akkreditivlar kabi hujjatli kreditlar kiradi. Kompyuterlar va elektron aloqa vositalarining paydo boʻlishi bilan koʻplab muqobil elektron toʻlov tizimlari paydo boʻldi. Elektron toʻlov atamasi elektron usullardan foydalangan holda va bank xodimlarining bevosita aralashuvisiz bir bank hisobvaragʻidan boshqasiga amalga oshirilgan toʻlovni anglatadi[3]. Tor maʼnoda elektron toʻlov elektron tijoratni anglatadi. Internet orqali taklif qilinadigan tovarlar yoki xizmatlarni xarid qilish hamda sotish uchun toʻlov yoxud keng maʼnoda har qanday turdagi elektron pul oʻtkazmalari.

Zamonaviy toʻlov tizimlari anʼanaviy toʻlov tizimlariga nisbatan naqd pul oʻrnini bosuvchi vositalardan foydalanadi. Bunga debit kartalari, kredit kartalari, elektron pul oʻtkazmalari, toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlar, toʻgʻridan-toʻgʻri debitlar, internet-banking va elektron tijorat toʻlov tizimlari kiradi.

Toʻlov tizimlari fizik yoki elektron boʻlishi mumkin va har birining oʻz tartiblari va protokollari mavjud. Standartlashtirish ushbu tizimlar va tarmoqlarning baʼzilarini global miqyosda oʻsishiga imkon berdi, ammo hali ham koʻplab mamlakatlarning oʻz toʻlov tizimlari mavjud. Global miqyosda mavjud boʻlgan toʻlov tizimlariga misollar sifatida kredit karta va bankomat (AMT) tarmoqlarini keltirish mumkin. Toʻlov tizimlarining boshqa oʻziga xos shakllari, shuningdek, qimmatli qogʻozlar bozori, obligatsiyalar bozori, valyuta bozori, fyuchers bozori, derivativlar bozori, opsion bozorlaridagi mahsulotlar boʻyicha moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish uchun qoʻllaniladi. Bundan tashqari, moliyaviy institutlar oʻrtasida pul oʻtkazish shakllari mavjud. Mamlakatda bu avtomatlashtirilgan hisob-kitob markazi va real vaqt rejimida yalpi hisob-kitoblar (RTGS) tizimlari yordamida amalga oshiriladi. Xalqaro miqyosda bu SWIFT tarmogʻi yordamida amalga oshiriladi.

Samarali milliy toʻlov tizimi tovarlar, xizmatlar va aktivlarni ayirboshlash xarajatlarini kamaytiradi. Bu banklararo, pul va kapital bozorlarining ishlashi uchun ajralmas hisoblanadi. Zaif toʻlov tizimi milliy iqtisodiyotning barqarorligi va rivojlanish salohiyatiga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Bunday muvaffaqiyatsizliklar moliyaviy resurslardan samarasiz foydalanishga, agentlar oʻrtasida riskni adolatsiz taqsimlashga, ishtirokchilarning haqiqiy yoʻqotishlariga, moliyaviy tizimga va puldan foydalanishga ishonchni yoʻqotishiga olib kelishi mumkin[4]. Iqtisodiyotni rivojlantirishda toʻlov tizimining texnik samaradorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Avtomatlashtirilgan hisob-kitob markazi (AHM) tizimi tranzaktsiyalarni qismlarga boʻlib qayta ishlaydi, ularni guruhlarga boʻlib saqlaydi va uzatadi. AHM sof hisob-kitob tizimi hisoblanadi, yaʼni hisob-kitob kechiktirilishi mumkin. Bu hisob-kitob riski deb ataladigan tushunchani keltirib chiqaradi.

Real vaqt rejimidagi yalpi hisob-kitob tizimlari (RVYHT) — pul oʻtkazmalari tizimining bir koʻrinishi boʻlib, pul yoki qimmatli qogʻozlarni bir bankdan ikkinchisiga oʻtkazish „real vaqt“ rejimida va „yalpi“ asosda amalga oshiriladi. „Real vaqt“ rejimida hisob-kitob qilish, toʻlov operatsiyasi hech qanday kutishlarsiz amalga oshirilishini anglatadi. Bitimlar qayta ishlanishi bilanoq hisob-kitob qilinadi. „Yalpi hisob-kitob“ bitim boʻyicha boshqa bitimlar bilan bogʻlanmasdan yoki toʻldirilmasdan birma-bir toʻldirilishini anglatadi. Ishlov berilgandan soʻng, toʻlovlar qaytarib olinmaydi.

Nisbatan, AHMʼlar odatda past qiymatli, shoshilinch boʻlmagan tranzaksiyalar uchun, RVYHT odatda yuqori qiymatli, tezkor operatsiyalar uchun foydalaniladi[5].

Mamlakatlar va mintaqalarda, shuningdek, real vaqt rejimida yoki lahzali (yoki tezkor) toʻlov tizimlari joriy qilingan, ular odatda 24x7x365 tartibida ishlaydi va 10-15 soniya ichida buyurtmachining hisobvaragʻi debetidan benefitsiar (pul mablagʻlarini oluvchi shaxs)ning hisob kreditiga qadar operatsiyani amalga oshiradi[6].

Globallashuv korporatsiyalarni oʻz davlatlaridan tashqarida ham tez-tez tranzaksiya (pul oʻtkazmalar)larni amalga oshirishlariga undamoqda. Isteʼmolchilar xorijiy elektron tijorat saytlaridan xarid qilish, shuningdek, chet elda sayohat qilish, yashash va ishlash maqsadida global miqyosda tranzaksiyalarni amalga oshirmoqdalar. Toʻlov sanoati uchun natijada toʻlovlar hajmi ham valyuta qiymati, ham operatsiyalar soni boʻyicha yuqori koʻrsatkichni saqlab qolmoqda. Bu, shuningdek, ushbu toʻlovlarning oʻrtacha qiymatining pastga siljishiga olib kelmoqda.

Bugungi kunda mavjud toʻlov va kliring[7] tizimlarning baʼzilari:

Oʻzbekistonda toʻlov tizimi tahrir

Oʻzbekiston Respublikasida eng samarali va jahon talablari darajasida deb hisoblangan respublika toʻlov tizimining rivojlanishi toʻrt bosqichga boʻlinadi[8].

Birinchi bosqich tahrir

Birinchi bosqich 1991-yildan 1995-yilgacha boʻlgan davrni qamrab olgan. Shu davr mobaynida Oʻzbekiston Respublikasining „Axborotlashtirish toʻgʻrisida“gi Qonuni[9], Vazirlar Mahkamasining 146-sonli „Bank tizimini takomillashtirish, pul-kredit munosabatlarini barqarorlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi Qarori[10] hamda Vazirlar Mahkamasining „Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi Qarori[11] qabul qilindi. Shuningdek Mustaqillikning uch yilligi sharafiga elektron toʻlovlar vaqtinchalik Nizomi yaratildi.

Ikkinchi bosqich tahrir

Ikkinchi bosqich oʻz ichiga 1995-1998-yillarni oladi. 1995-yili aprel oyida Markaziy bank Jahon banki mablagʻlari hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi banklararo toʻlov tizimini takomillashtirishga yoʻnaltirilgan xalqaro tanlov tender e’lon qildi. Markaziy bankda tashkil etilgan elektron toʻlov tizimini yaratish boʻyicha tuzilgan ishchi guruhi elektron toʻlov tizimi texnologiyasini yaratdilar. Eski tizim 1995-yil, 19-avgustdan boshlab yangi texnologiya bilan almashtirila boshlandi. Bu paytga kelib Markaziy bank tizimida hisob-kitob markazlari tashkil etildi va tijorat banklariga elektron toʻlov boʻyicha xizmat koʻrsatila boshlandi. Yangi texnologiyaga oʻtila borishi sababli yilning oxirigacha respublikada 2 tizim: elektron pochta va elektron toʻlov tizimlari ishlab turdi. Yil oxiriga kelib esa barcha tijorat banklari Markaziy bankning hisob-kitob markazlari, kliring markazlari elektron toʻlov tizimiga qoʻshildi.

Uchinchi bosqich tahrir

1998-yil Oʻzbekiston Respublikasida toʻlov tizimiga oʻtishda uchinchi bosqich yili boʻldi. Markaziy bank bilan Jahon banki oʻrtasida 1998-yil dekabr oyida “Respublika moliya sohasini rivojlantirish” uchun zayom ajratish toʻgʻrisida shartnoma imzolandi.

Toʻrtinchi bosqich tahrir

Toʻrtinchi bosqich 2002-yildan 2019-yilgacha boʻlgan davr mobaynida davom etdi. 2002-yilda toʻlovlarni real vaqtda oʻtishini taʼminlash va tijorat banklariga yagona vakillik hisobvaragʻi orqali xizmat koʻrsatish boʻyicha texnologiya tanlanib, ushbu boʻyicha texnik topshiriq, ishlab chiqildi va banklararo toʻlovlarni yagona vakillik hisobvaragʻi orqali oʻtkazish hamda banklarda axborotlashtirilgan axborot tizimini tashkil etish boʻyicha dastur yaratildi. 2004-yili qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 24-sentabrda qabul qilingan “Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 445–sonli Qarori[12] bilan ushbu tizimni kengaytirish borasidagi ilk reja koʻrsatkichlari, shuningdek toʻlovlarni plastik kartochkalar orqali qabul qilish terminallari bilan jihozlanadigan ob’ektlar roʻyxati tasdiqlandi. Shu bilan bir qatorda, mazkur qarorga muvofiq mamlakatda Yagona umumrespublika protsessing markazi tashkil etildi. Mazkur qarorga muvofiq, barcha tijorat banklari plastik kartochkalar tizimida ish olib borilishiga zamin yaratildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1989-sonli qarori[13] bilan respublika “Elektron hukumat” tizimining kompleks axborot tizimlari tarkibiga Markaziy bankning “Chakana toʻlovlarni real vaqt rejimida amalga oshirish kliring tizimini yaratish hamda xizmat koʻrsatuvchilarning billing tizimi bilan integrallash” loyihasi ham kiritilgan boʻlib, mazkur Kliring tizimi amaliyotga tatbiq etildi. Shu bilan birga, „Oʻzkart“ banklararo chakana toʻlov tizimi faoliyatini tartibga solish va uning faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida, Markaziy bank huzuridagi Axborotlashtirish Bosh markazida “Banklararo universal netting axborot tizimi” dasturiy majmuasi ishga tushirilishi munosabati bilan „Oʻzkart“ tizimida Hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi bank vazifalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Banklararo hisob-kitob markazidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitoblar markaziga oʻtkaziladi.

2015-yildan boshlab toʻrtinchi bosqichning yangi davri boshlandi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-sentabrdagi “Milliy toʻlov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3945-sonli Qaroriga[14] asosan Milliy banklararo protsessing markazi 2018-yilning IV-choragida tashkil etildi va „Humo“ toʻlov tizimi 2019-yilning I-choragidan boshlab ishga tushirildi. Toʻlov tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar bilan bir qatorda, uning meʼyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasini, xalqaro meʼyor va qoidalarni chuqur oʻrganish asosida Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonuni[15] ishlab chiqildi va 2019-yil 1-noyabrda tasdiqlandi.

Oʻzbekistonda mavjud toʻlov tizimlari:

  • Click;
  • Apelsin;
  • Anor;
  • Oson.

Havolalar tahrir

  1. "Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida" Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni, 01.11.2019-yildagi OʻRQ-578-son. — LEX.UZ - Ўзбекистон қонунчилиги.
  2. "Payment Systems: Design, Governance and Oversight", edited by Bruce J. Summers, Central Banking Publications Ltd, London, 2012, p.3
  3. Schueffel, Patrick (2017). The Concise Fintech Compendium. School of Management Fribourg, Switzerland.
  4. Biagio Bossone and Massimo Cirasino, Op.Cit, p.7
  5. "Clearing and Settlement Systems from Around the World: A Qualitative Analysis" (PDF). Michael Tompkins, Payments Canada Research Unit, and Ariel Olivares, Bank of Canada. www.payments.ca.
  6. "Instant payments definition". www.ecb.europa.eu. European Central Bank. 2017.
  7. Toʻlov tizimi ishtirokchilarining pulga doir oʻzaro talablari va majburiyatlarini yigʻish, taqqoslash hamda hisobga oʻtkazish jarayoni
  8. "Oʻzbekiston Respublikasida toʻlov tizimining rivojlanish bosqichlari". Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki. www.cbu.uz.
  9. "Axborotlashtirish toʻgʻrisida" — LEX.UZ - Ўзбекистон қонунчилиги.
  10. "Bank tizimini takomillashtirish, pul-kredit munosabatlarini barqarorlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" — LEX.UZ - Ўзбекистон қонунчилиги.
  11. "Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida" — LEX.UZ - Ўзбекистон қонунчилиги.
  12. "Plastik kartochkalar asosida hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida". (Hujjat 18.10.2021-yilda oʻz kuchini yoʻqotdi). — LEX.UZ - Ўзбекистон қонунчилиги.
  13. Oʻzbekiston Respublikasining milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida. (Hujjat 16.06.2021-yilda oʻz kuchini yoʻqotdi). — LEX.UZ - Ўзбекистон қонунчилиги.
  14. Milliy toʻlov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida. — LEX.UZ - Ўзбекистон қонунчилиги.
  15. Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida. — LEX.UZ - Ўзбекистон қонунчилиги.