Topografik anatomiya - aʼzolarning oʻzaro joylashuvi va ularning qon tomiri hamda nervlarga nisbatan munosabatini oʻrganadigan fan. Amaliy ahamiyatga (xirurgiyada) ega. Topografik anatomiya tanani ayrim sohalarga ajratib oʻrganadi. Topografik anatomiyada normal anatomiya usullaridan tashqari, murdani qavatmaqavat kesib ochish, muzlatilgan tanani arralash, rangli boʻyoqlar yuborib tomirlarni toʻldirish, rentgenografik, rentgenoskopik va h.k. usullar ham qoʻllanadi. Topografik anatomiyaning ahamiyati faqat operativ xirurgiya fani doirasi bilan chegaralanib qolmaydi. Tibbiyotning har qanday sohasiga, xirurgiya kabi, topografikanatomik maʼlumotlar ham zarur. Mas., ichki kasalliklar shifokori (terapevt) aʼzolarning patologik holati toʻgʻrisida fikr yuritish uchun ularning akstasviri (chegaralari)ni, fiziologik siljish hududlarini, aʼzolar shakli va tutgan oʻrnining turli yosh va jinslardagi, har xil qomatli kishilarda qanday boʻlishi mumkinligini bilishi, asab shifokori esa biror patologik jarayonning (oʻsma, qon quyilishi) oʻrnini aniqlash uchun bosh va orqa miya hamda ularning oʻtkazuvchi yoʻllari topografiyasini bilishi zarur va h.k.

Topografik anatomiyani dastlab, 18-asrda rus anatomi P.A. Zagorskiy (1789-1846), soʻng xirurg I. V. Buyalskiy (1789— 1866) oʻrgandi. 19-asrda N. I. Pirogovning tadqiqotlari Topografik anatomiyani fan sifatida shakllantirdi. Oʻzbekistonda Topografik anatomiya sohasidagi dastlabki ilmiy tadqiqot 20-yillarda boshlandi; 1920-yilda Turkiston universiteti tibbiyot fti qoshida tashkil etilgan birinchi kafedrada professor V. F. VoynoYasenetskiy boshchiligida yiringli jarroxlik, keyinchalik B. A. Stekolnikov rahbarligida kollateral qon aylanishi va ichki aʼzolar innervatsiyasi tajribada oʻrganildi. 60-yillarda professor F.F. Amirov boshchiligida kekirdak va bronxlarni plastik operatsiya qilishga oid tadqiqotlar olib borildi va u klinik amaliyotga tatbiq qilindi. Meʼdaning surunkali yalligʻlanish modeli ishlab chiqildi, birinchi boʻlib gastroskopiya qoʻllanildi, yalligʻlanish kasalliklarida markaziy va periferik nerv sistemalarining oʻzgarishi chuqur oʻrganildi (S. A. Dolimov). 70-yillardan Toshkent tibbiyot intida pulmonologiya, yurak tomir patologiyasi, jarroxlik tikish materiallarining yangi turlari oʻrganildi va tatbiq etiddi (N. H. Shomirzayev), Samarqand tibbiyot intida diafragmaning topografik anatomiyasi va jarrohligi (V. Ya. Barakov), Andijon tibbiyot intida ichki aʼzolarning yoshga bogʻliq topografiyasi (I. Q. Qosimxoʻjayev), Toshkent vrachlar malakasini oshirish intida novokainli blokadalarning turli xil usullari (A. Gʻ. Mirzamuhamedov), Toshkent tibbiyot pediatriya intida yoshga qarab tayanchharakat apparatining oʻzgarishi oʻrganildi (Sh. M. Ahmedov).