Tosh davri — insoniyat taraqqiyotidagi eng qadimgi davr. Bu davrda mehnat qurollari hamda qurolyarogʻlar, asosan: tosh, yogʻoch va suyakdan yasalgan. Tosh davri qadimiy (paleolit), oʻrta (mezolit) va yangi (neolit) davrlarga boʻlinadi. Tosh davri bundan taxminan 2 million yil oddinroq boshlanib, Oʻzbekistonda 4 ming yil burun tugagan (ayrim hududlarda uzoqroq davom etgan). Tosh davri odamlari terimchilik, ovchilik, baliq ovlash bilan shugʻullangan; neolit davrida dehqonchilik qilish va chorvachilik paydo boʻlgan. Ijtimoiy munosabatlar „ibtidoiy odamlar toʻdasi“ga, soʻngra ibtidoiy urugʻdoshlik tuzumiga xos boʻlgan. Tosh davrining qad. davri — paleolit 3 davrga boʻlinib oʻrganiladi: quyi paleolit, oʻrta paleolit, yuqori paleolit. Quyi paleolit davri ilmiy xulosalarga koʻra, odam ilk bora mehnat qurollarini yasagan vaqtlardan boshlangan. Bu jarayon yer sharining turli joylarida turli vaqtlarda sodir boʻlgan (mas., Afrikada bu jarayon 3 million yil avval boshlangan, Yevropaning jan. va Osiyoda taxminan 2 million yil avval). Ammo qayerda va qachon boshlanganidan qatʼiy nazar, quyi paleolit insoniyatning eng uzoq, davom etgan tarixini aks ettirgan. Tosh asri texnikasining takomillashuvi natijasida disk shaklidagi (rapidasimon) nukleuslarnya vujudga kelishi va ulardan oʻtkir uchli uchburchaksimon uchirindilarni yuzaga kelishi bilan quyi paleolit oʻrnini oʻrta tosh davri, yaʼni mustye davri (qarang Mustye madaniyati) oladi. Mustyedan soʻng yuqori paleolit davri boshlanadi. Yevropada, Osiyoda, jumladan, bizning Oʻrta Osiyoda oʻrta paleolit hozirgi kunimizdan 200 ming yil avval boshlanib, oʻrta hisobda 160 ming yil davom etadi va oʻrnini 50 ming yil avval progressivroq boʻlgan yuqori paleolit davriga boʻshatib beradi. Yuqori paleolit davrida, asosan, realistik sanʼat rivojlanadi. Oʻsha davr odamlari hayvonlarni ovlash jarayonini qanday koʻrgan boʻlsalar, shunday ravishda gʻor devorlariga rasmlar chizganlar. Chizganda ham qizil va kora tabiiy ranglarda chizganlar. Bu narsa odamlarning ongini rivojlanganligini koʻrsatadi. Mexnat kurollarini yasash texnikasi boʻyicha quyi va oʻrta paleolitta nisbatan juda yuksak koʻtarilgan yuqori paleolit davri, oʻz navbatida, bundan 12—10 ming yil avval progressivroq boʻlgan mezolit davri bilan almashdi. Tosh davrining soʻnggi bosqichi boʻlgan neolit bundan 5—4 ming yil avval, davri bilan almashdi.