Trikotaj (frans, tircoter toʻqimoq) — bir yoki bir necha iplardan halqalar hosil qilib, ularni oʻzaro biriktirish (oʻrish) natijasida olinadigan mato yoki buyum. T. iplarning tarkibiga, ishlatilishi, pardozlash usuli va tuzilishiga qarab turlarga boʻlinadi. Tarkibi ga qarab, paxta ipi, jun, ipak va kimyoviy tola aralashgan iplardan toʻqilgan xillarga boʻlinadi. Ishlatilishiga qarab, T. buyumlar yoki matolarga boʻlinadi. T. buyumlariga kostyum, jemper, kofta, palto, qoʻlqop, koʻylak, ichki kiyim, paypoq va boshqa matolariga sunʼiy moʻyna, sunʼiy charm kiradi; bular texnik maqsadlarda va turli xil kiyimlar tayyorlashda ishlatiladi. Pardozlash usuliga qarab, dagʻal, oqartirilgan, tekis va boʻyalgan xillarga boʻlinadi. T.ning asosiy fizikmexanik xossalari uning tuzilishiga, halqalarning shakli va oʻlchamiga, ipning yoʻgʻon va ingichkaligiga, qalinligi va pishikligiga bogʻliq. Tuzilishi (strukturasi) ga qarab, koʻndalang toʻqilgan, tanda oʻrilishli, bir qavatli va ikki qavatli boʻladi. T. yumshoqligi, elastikligi, g`ijimlanmasligi, yengilligi, oson yuvilishi bilan boshqa toʻqima matolardan ustun turadi. T. oʻrilish boshqa oddiy gazlamalar oʻrilishidan farq qiladi. Bir yoki bir necha uzluksiz ip xalqalarini bir-biriga birlashtirib hosil qilinadi. T. halqalarining qanday hosil boʻlishiga qarab, koʻndalang toʻqilgan (kulir) va boʻylama (tandadan toʻqilgan) T. farqlanadi.

Koʻndalang toʻqilgan (kulir) T. matodagi hamma halqalar qatori bitta ipning birin-ketin egilib bukilishidan hosil boʻladi. Boʻylama (tandadan toʻqilgan) T.da esa har bir xalqa alohida ipdan hosil boʻladi. T. oʻrilish bir qavatli va ikki qavatli boʻlishi mumkin. Bir qavatli T.ning oʻng tomoni bir tomonda, teskari tomoni boshqa tomonda joylashadi. Ikki qavatli T.da esa ikkala oʻng tomoni yoki ikkala teskari tomoni bir yoqda joylashgan boʻladi. Ikki kavatli T. qalinroq, pishiqroq va ogʻirroq. T. oʻrilish asosiy, xosilaviy va gulli oʻrilishga boʻlinadi. Asosiy oʻrilishlar guruhiga bir xil halqa beradigan oddiy oʻrilishlar kiradi. Bunday oʻrilishlarga kulir toʻqimasi, triko zanjir, atlas misol boʻla oladi. Hosilaviy oʻrilish asosiy oʻrilishni oʻzgartirish yoʻli bilan hosil qilinadi. Bunday oʻrilishlarga hosilaviy kulir toʻqimasi, movut va boshqa misol boʻladi. Gulli oʻrilishlar guruhiga asosiy oʻrilishlar bazasida gul shakli hosil b>;ladigan oʻrilishlar kiradi; bularni tayyorlash uchun mashinaga qoʻshimcha mexanizm kiritiladi hamda hosil qilish jarayonini oʻzgartirish yoʻli bilan mato sirtida gul hosil qilinadi. Bunday oʻrilishlarga pressli, arqoqli, jakkard, futer va boshqa gulli oʻrilgan T. misol boʻladi.

T. trikotaj mashinasida toʻqiladi. U dumaloq va tekis T. mashinalariga boʻlinadi. T. mashinasining asosiy detali xalka hosil qilish mexanizmining ignasi hisoblanadi. Ignaning tilli, ilgakli, oʻyikli va boshqa turlari bor. Ignalar poʻlat sim yoki lentadan 25–100 mm uzunlikda, 0,3—1,0 mm yoʻgʻonlikda ishlab chiqariladi. Ignaning yoʻgʻoningichkaligi T. halqalarining oʻlchamiga qarab tanlanadi: halqalar qancha mayda boʻlsa, shunchalik ingichka igna olinadi. T. mashinalari, asosan, T. sanoati uchun ishlab chikariladi, lekin maishiy qoʻl mashinalari va apparatlari ham bor.