Vandallar — qadimgi german xalqlarining sharqiy tarmogʻiga mansub kabila boʻlib, dastlab Yutlandiya yarim orolda, mil. av. 1-asrdan esa — Oder va Visla daryolari, shuningdek Sudet va Karpat toglari oraligʻidagi hududlarda yashashgan. Vandallar ikki qavmga (silinglar va xasdinglar) boʻlingan. Mil. 2-asrda Markoman urushida qatnashib, hozirgi Vengriya hududiga qadar siljiganlar. 4-asrda Pannoniyada oʻrnashib olgan vandallar Rimga yollanma askarlar yetkazib berishgan, ular orasidan iqtidorli sarkardalar ham (Stilixon) yetishib chiqqan. Vandallar alanlar va svevlar bilan birgalikda Gʻarbga yurish qilib (406-yil), Reyn daryosidan kechib oʻtishgan va butun Galliyani bosib oʻtib Ispaniyaga qadar borishgan (409-yil). Bu toʻgʻrida hozirgi Andalusiya (Vandalusiya) provinsiyasiping nomi hanuzgacha eslatib turadi. Silinglar Ispaniyada vestgotlar tomonidan deyarli tor-mor etilganlar, xasdinglar esa Geizerix rahbarligi ostida 429—439-yillarda Rim imperiyasiga qarashli Shimoliy Afrikani bosib olganlar va hozirgi Tunis hududida oʻrnashganlar. Vandallar qirolligi Rim imperiyasiga tobe yerlarda barpo etilgan birinchi german qirolligi edi. Vandallar floti Oʻrta dengizda hukmron boʻlib olgan. Vandallar 455-yil Rimni talon-toroj qilishgan, Balsar orollari, Sardiniya va Korsikani egallashgan. Vizantiya sarkardasi Velizariy 533—534-yillarda vandallar qirolligini zabt etgan. Vandallar tarixda oʻzlarining talonchilik, bosqinchiliklari bilan mashhur boʻlishgan. Shu tufayli madaniy qadriyatlarni bekordan bekorga yoʻq qilinishini anglatuvchi vandalizm tushunchasi paydo boʻlgan.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil