Vegetatsiya davri — 1) meteorologik sharoitlarga koʻra yilning oʻsimlik oʻsishi va rivojlanishi mumkin boʻlgan davri. V.d.da oʻsimlik organik moddalar hosil qiladi, urugʻ, don, tuganaklar, mevalar va b. xoʻjalik ahamiyatiga molik mahsulotlar shakllanadi va yetiladi. Moʻʼtadil iqlimli mintaqalarda V.d.bahordagi oxirgi qorasovuq boshlab kuzda tushadigan birinchi qorasovuq oʻrtasidagi vaqtga toʻgʻri keladi. Tropik va subtropik iqlim mintaqalarida esa bu davr yilning deyarli hamma faslini oʻz ichiga oladi; 2) qishloq xoʻjaligi ekinlarining toʻliq rivojlanish sikli uchun, yaʼni oʻsimlik urugʻining unib chiqishidan boshlab hosil yigʻilgungacha boʻlgan zaruriy davr (biol.da bir va ikki yillik oʻsimliklarda urugʻning unishidan oʻsimlik umrining tugashigacha yoki koʻp yillik oʻsimliklarda erta bahorda uygʻonishdan qishda "uyqu"ga kirishgacha boʻlgan davr). Sovuqqa chidamliligi turlicha boʻlgan oʻsimliklarda V. d. bir joyning oʻzida har xil: issiqsevar oʻsimliklarda qisqa, sovuqqa chidamli oʻsimliklarda uzun boʻlishi mumkin. V. d. ketma-ket oʻtuvchi bir qator fazalarga boʻlinadi: gʻoʻzada — shonalash, gullash, koʻsak tugish va ochilish; gʻalla oʻsimliklarida — tuplanish, boshoq tortish, gullash, sut (mum) pishish va toʻliq pishish fazalari. Har bir ekin turi va navi V. d.ning uzun-qisqaligi, ayrim rivojlanish fazalarining muddatiga bogʻliq. V. d. rivojlanish davri davomida oʻsimlikning olgan umumiy issiqlik miqdori bilan belgilanadi. Oʻsimliklarda V. d.ning uzun-qisqaligini hisobga olib, sovuq erta tushadigan shimoliy rayonlarda ertapishar navlar, sovuq kech tushadigan jan. rayonlarda kechpishar navlar ekiladi. V. d. tashqi sharoitga va navning irsiy xususiyatlariga ham bogʻliq. Bir sharoitda ertapishar deb hisoblangan nav ikkinchi bir sharoitda kechpishar boʻlishi mumkin. Masalan, sugʻoriladigan dehqonchilik sharoitlarida gʻoʻzaning V. d. bahorda, havo temperaturasining oʻsimlik rivojlanishi uchun qulay doimiy biologik minimum darajadan (10°) barqaror koʻtarilishidan to kuzgi, oʻsimlik barglarini nobud qiladigan qorasovuq tushgunga qadar oʻtadigan vaqtga toʻgʻri keladi. Har yili paxtaning pishib yetilishi 4000—4900° faol temperatura yigʻindisi bilan ifodalangan termik resurslar evaziga amalga oshadi. V. d.dagi oʻrtacha oylik temperatura bahor va kuzda 15° dan, yozda esa 30° dan yuqori boʻlishi lozim. Har qanday ekinning muayyan rivojlanish fazasi oʻtishi uchun maʼlum miqdorda samarali temperatura yigʻindisi talab etiladi, shunga koʻra turli gʻoʻza navlari uchun V.d. ham har xil; gʻoʻzaning ertapishar navlari uchun V. d. 90—100 kun, kechpishar navlarida 140 kun va undan ham koʻproq (chigit unib chiqqandan boshlab to dastlabki koʻsaklari yetilgunga qadar boʻlgan davr). Oʻzbekistonda iqlim, tuproq sharoitlari va navlariga koʻra ekinlarning V.d. kunlari (sutka hisobida) oʻrtacha quyidagicha: arpa 60—110, kuzgi bugʻdoy 240— 300, suli 100—120, makkajoʻxori 80— 90 dan 130 gacha, qovun 60—80 dan 110—125 gacha, yer yongʻoq 120—160, kunjut 90—120.

Renat Nazarov.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil