Venetsiya — Italiyaning shimolidagi shahar, Adriatika dengizining Venetsiya qoʻltigʻida. Venetsiya viloyati va Venetsiya provinsiyasining maʼmuriy markazi. Venetsiya 2 qismdan iborat: tarixiy markaz (aholisi 100 ming kishi atrofida) 150 kanal bilan ajralib turgan 118 orolda joylashgan va materikdagi sanoatlashgan port qismi. V. ning orollardagi qismi — muzey shahar, dengiz kurorti, xalqaro turizm markazi. Aholisi 450 mingdan ziyod kishi (1990-yillar oxirlari). V. dagi kanallar (rio) ustiga 400 dan ortiq koʻprik qurilgan. Kanallardan eng muhimi Katta kanalning uz. 3,8 km boʻlib, shaharni butunicha kesib oʻtgan. Materikka eng yaqin orol temir yoʻl (1846 i. dan) va avtomobil yoʻlli (1932-yildan) koʻprik orqali tutashgan. Yirik port (yuk ortib-tushirish yiliga 30 mln. t). Havo yoʻllari tuguni. Lido o.da xalqaro aeroport bor.

Mil. av. V asrdan boshlab V. da aholi yashagan.IX-X asrlarda Gʻarbiy Yevropa bilan Sharq oʻrtasidagi savdoda vositachilik rolini oʻynagan. 4-salib yurishi natijasida (1202—04) V. Oʻrta dengiz imperiyasiga aylanadi (Istanbulning bir qismi, Marmar dengizidagi bir necha gavan, Evbey, Krit va b. orollarni egalladi). XV asr boshlariga kelib, V. oʻzga viloyatlarni bosib olish siyosatini yuritdi. Istanbulning turklar tasarrufiga oʻtishi (1453) hamda Buyuk geografik kashfiyotlardan soʻng savdo yoʻlining Oʻrta dengizdan Atlantika okeaniga koʻchishi V. mavqeiga katta zarar yetkazdi. XVII-XVIII asrlarda V. chukur tushkunlikka yuz tutdi. 1797-yil V. ni Fransiya qoʻshinlari ishgʻol qildi va Kampoformiy sulhiga muvofiq u Avstriyaga berildi. 1848-1849 yillardagi inqilob tufayli V. mustaqil respublika boʻldi. 1866-yil V. yana Italiya tarkibiga kirdi. XIX asr oxiri — XX asr boshlarida V. yirik sanoat markaziga aylandi. V. 1943-yil nemis qoʻshinlari tomonidan okkupatsiya kilindi. 1945-yil aprel qoʻzgʻoloni natijasida ozod qilindi. V.ga sanoat xom ashyolari (metall, neft, koʻmir, paxta tolasi va b.) chetdan keltiriladi. V. da odatdagi shahar transporti yoʻq, yoʻlovchilar qayiqlar va motorli kemalarda tashiladi. V. Italiyaning iqtisodiy jihatdan ancha taraqqiy qilgan markazlaridan. Yirik sanoat korxonalari V.ning materikdagi chekka qismlarida. Kemasozlik, rangli metallurgiya (alyuminiy, rux), neftni qayta ishlash, kimyo, toʻqimachilik, mashinasozlik,oziq-ovqat, oyna, poligrafiya sanoati tarmoqlari rivojlangan. Qurol-aslaha, neft-kimyo, koks-kimyo, alyuminiy prokatlari va chinni zavodlari, temir yoʻl ustaxonalari bor. Shuningdek, qadimdan anʼana boʻlib kelayotgan badiiy buyumlar, nafis toʻrlar va b. hunarmandchilik buyumlari ham ishlab chiqariladi. V. ga turistlar koʻp keladi. Lido o.da mashhur xalqaro dengiz kurorti joylashgan. Sanʼat akademiyasi, savdo, tibbiyot va Adriatika dengizini oʻrganish instituti, universitet bor. Kuzgi kuchli shamollar taʼsirida dengiz suvi sathining koʻtarilishidan V. da shahar maydonlari va koʻchalarini suv bosadi. V. asrlar davomida tobora suv ostiga choʻkayapti. Undagi moddiy va madaniy yodgorliklarni saqlab qolish uchun choralar izlanmoqda.

V. da (XIII asrda) Italiyadagi asosiy rassomlik maktablaridan biri vujudga keldi va oʻziga xos tarzda rivoj topdi (qarang Venetsiya maktabi). V. da Akademiya galereyasi, arxeologiya muzeyi, shisha buyumlari muzeyi (Murano o.da) bor. Meʼmoriy yodgorliklardan San-Marko sobori (IX-XV asrlar), San-Marko qad. kutubxonasi (XVI asr), saroylar (XV asr, XV asr oxiri), cherkov va monastirlar (XV-XVI asrlar) va b. saqlangan.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil