Vitiligo

terining ayrim qismlarida pigment yoʻqolishi bilan kechadigan kasallik

Vitiligo (lotincha: vitiligo — teri usti kasalligi) — terining ayrim qismlarida normal pigmentning yoʻqolishi. Xalq orasida pes nomi bilan ataladigan vitiligo kasalligining kelib chiqish sabablari rivojlangan tibbiyotga hanuzgacha toʻliq maʼlum emas. Aynan shu tufayli uni davolash ham qiyin sanaladi. Bu kasallik yosh, jins va irq tanlamaydi. Dunyo aholisining 1-4 foizi vitiligodan aziyat chekadi. Lekin soʻnggi vaqtlarda yoshlar orasida kasallanganlar soni koʻpaygani kuzatilgan. Odamlarda hanuzgacha bu xastalikka ibtidoiy qarash saqlanib qolganini inkor etib boʻlmaydi. Koʻpchilik bu haqda etarli maʼlumotga ega boʻlmagani bois, uni „yuqumli“ yoki „avloddan-avlodga oʻtadi“, deb oʻylaydi. Bemorlarni kasallikning oʻzidan koʻra atrofdagilarning shunga oʻxshash fikr va qarashlari koʻproq qiynaydi. Vitiligo infeksion yoki allergik kasallik emas, atrofdagi odamlarga umuman yuqmaydi. „Nasl surish“ esa zamonaviy tibbiyotning ochiq masalalaridan biri. Aksariyat shifokorlar toʻgʻridan-toʻgʻri nasldan oʻtishini inkor etishadi. Koʻp hollarda vitiligo bilan ogʻriganlar „oʻz tengim“ deya xuddi shunday bemorlar bilan turmush qurishadi. Bu ularning eng katta xatosi. Ota va ona birdek vitiligo bilan kasallangan boʻlsa, ularning farzandida genetik moyillik hosil boʻlishi mumkin. Lekin oq dogʻlarning oʻzi ota-onadan farzandga oʻtmaydi. Sabablari: Surunkali asabiylik; Vitamin va mikroelementlar etishmasligi; ichki aʼzolar tizimidagi kasalliklar (jigar — Gepatit A va V turlari, oʻt qopi, oshqozon osti bezi, oshqozon-ichak kasalliklari); ichki aʼzolar tizimi faoliyatining buzilishi; endokrin tizim kasalliklari (masalan, qalqonsimon bez faoliyatining susayishi); gormonal fonning oʻzgarishi (balogʻat yoshi, homiladorlik, tugʻruq jarayoni, klimaks); organizmda parazitlar mavjud boʻlganda (lyambliya, oskarida, ostritsa, pakana lentasimon gijja va boshqalar); immunitet zaifligi; ekologik omillar; ovqatlanish tartibiga rioya qilmaslik. Bu sabablarning barchasi kompleks holida boʻlgandagina vitiligo kasalligi boʻlishi mumkin. Dermatologlar oq dogʻlarni bemor boshidan oʻtkazgan bir qancha kasalliklarning asorati, kosmetik nuqson deb baholashadi. Chunki inson terisi ichki aʼzolar faoliyatining koʻzgusi. Kasallikning kechishi va belgilari: Tananing turli joylari depigmentatsiya, yaʼni teriga tabiiy rang beruvchi melanin pigmenti kamayishi yoki yoʻqolishi natijasida oq dogʻlar paydo boʻladi. Bu dogʻlar kattalashish va bir-biriga qoʻshilib ketishga moyil. Bunda dogʻ joylashgan teri sezish xususiyatini yoʻqotmaydi. Shikastlangan teridagi sochlar ham oqaradi. Dogʻlarning quyosh va sunʼiy ultrabinafsha nurlariga sezgirligi yuqori boʻlib, tez kuyadi. Bu kasallik boshlanishini odam koʻpincha sezmaydi. Odatda dogʻlar paydo boʻlishidan oldin teri biroz qichishishi va kepaklanishi ham mumkin. Bu kasallikda bemorga asabiylashish mumkin emas. Asablar va bosh miyaning zoʻriqishi ularning birinchi raqamli dushmanlari. Bemor tashqi koʻrinishidagi oʻzgarishlarni qabul qilishga qiynaladi. Ruhiy tushkunlik ustun kelganidan, shifokorga murojaat qilishdan ham bosh tortganlar oz emas. Kasallik bilan kurashish istagida boʻlganlar avvalo oʻzlarini qoʻlga olishlari kerak. Mutaxassislar fikricha, bemorning xohishi, sogʻayish va shifokorga ishonchi davolash samarasini oshirar ekan. Vitiligo davosi yoʻq kasalliklar roʻyxatidan oʻchganiga ancha boʻldi. Uni davolash mumkin, bugungi kunda buning bir qancha turlari bor va ular yaxshi samara berayotgani bilan ahamiyatli. Avvalo dogʻlarning qachon paydo boʻlgani va qay darajada tarqalganiga eʼtibor beriladi. Dogʻlarni qanchalik erta davolashga kirishilsa, ulardan shuncha tez forigʻ boʻlish imkoniyati bor. Har bir bemorning holatiga individual yondashiladi. Vitiligoni bitta dogʻning oʻziga qarab davolab boʻlmaydi. Davolashni boshlashdan oldin xastalikning kelib chiqish sababini oʻrganish, bemorning umumiy ahvoli va boshdan kechirgan kasalliklari haqida bilish lozim. Asab tizimi, oshqozon-ichak, jigar va boshqa ichki aʼzolar tekshiriladi. Parazit organizmlar mavjudligini aniqlash uchun tahlil topshiriladi. Shuningdek, qalqonsimon bez faoliyatini ham tekshirish kerak. Patologik holatlar aniqlansa, barchasi davolanadi. Vitaminoterapiya (V guruh vitaminlari, RR, mis, rux, temir va askorbin moddalari) oʻtkaziladi hamda immunitet yaxshilanadi. Soʻng dogʻni mahalliy davolash choralariga oʻtiladi. maxsus surtma dori va ultrabinafsha nurlari yordamida terini tabiiy rangiga qaytariladi. Mezoterapiya — kerakli dorilar bilan dogʻ va uni atrofidagi terining yuqori qavatiga mikroukol qilinadi. Lazeroterapiya — teri surtma dori va lazer nuri yordamida oʻz rangiga qaytariladi. Teri koʻchirib oʻtkazish — mini jarrohlik amaliyoti hisoblanadi. Bemor sogʻlom terisining bir qavat epidermisi dogʻ ustiga koʻchirib oʻtkaziladi. Bunda terilarning oʻzaro mosligiga ahamiyat beriladi. Masalan, son qismidagi dogʻ ustiga sondagi sogʻ teri koʻchiriladi. Amaliyot mahalliy anesteziyada oʻtkaziladi. Bu davolash usullari teri-tanosil dispanserlari va ixtisoslashgan dermatologik markazlarda amalga oshiriladi. Muolaja turini shifokor belgilaydi. Davolanish muddatini oldindan aytib boʻlmaydi, bu bemorning holatiga bogʻliq. Sabr bilan muolajalar oʻz vaqtida qilinsa, natija yaxshi boʻladi. Bir kurs davolanganidan soʻng bemor dam oladi. Va yana qaytadan davolanadi. Dogʻlar butunlay ketganda davolash toʻxtatiladi. Shifokor koʻrsatmasiga toʻliq rioya qilinganda dogʻlar paydo boʻlish ehtimoli kamayadi. Vitiligo kasalligini davolash qimmat muolajalardan sanaladi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil