Voha — sahro oʻrtasidagi suvli, koʻkalamzor joy. Choʻl va chalachoʻllarda obod qilingan yer[1].

Liviyadagi voha

Etimologiyasi tahrir

Oʻzbek leksikografi Sh. Rahmatullayev voha soʻzining kelib chiqishi haqida quyidagi maʼlumotlarni keltirgan: „Voha arabcha soʻz boʻlib, bu soʻz vảhat(un) shakliga ega ot boʻlib, oʻzbek tiliga choʻziq unlisini a unlisiga, hoyi hutti undoshini „h“ undoshiga almashtirib, soʻz oxiridagi t tovushini tashlab qabul qilingan: vảhat>vảha(voha); ‘sahro oraligʻidagi ekin ekinladigan obod oʻlka ma’nosini anglatadi“[2].

Tabiati tahrir

Cho‘l va chala cho‘llarda obod qilingan yerlar hisoblangani sababli vohalarda namgarchilik boshqa joylarga nisbatan koʻp boʻladi. Yer osti suvlari yuza boʻlib, buloqlar chiqib yotadi, daryolar vaqt-vaqti bilan toshib turadi. Vohalar koʻpincha daryo, koʻl, kanal va quduqlardan suv bilan taʼminlanadi. Maydoni bir necha oʻn km2 dan bir necha oʻn ming km2 gacha boʻladi. Shimoliy Afrika, Gʻarbiy Osiyo va Markaziy Osiyo choʻllarida mashhur Vohalar bor. Toshkent, Murgʻob, Xorazm, Buxoro vohalari, Fargʻona vodiysidagi vohalar ham ancha katta. Odatda, vohalarda aholi zich yashaydi. Shuningdek, Antarktidaning muzdan xoli boʻlgan joylari ham voha deb ataladi[3][4].

Voha tuproqlari tahrir

Sug‘orma dehqonchilik mintaqalaridagi tuproqlar, keng daryo vodiylari, tog‘lararo soyliklar va tog‘ etaklarining nishab tekisliklaridagi vohalarda tarqalgan. O‘rta Osiyo voha tuproqlari qadimdan dehqonchilik qilib kelinayotgan hududlardagi tuproqlarning asosiy qismini tashkil etadi. Sug‘orma dehqonchilik ta’sirida voha tuproqlari  mutlaqo yangi belgilarga ega bo‘lib boradi. Sug‘oriladigan yerlarga beriladigan suv bilan birga oziq moddalarga boy oqiziqlar keladi. Amudaryo suvlaridagi o‘rtacha yillik oqiziqlar miqdori Termiz shahri yonida 206 million tonna, Nukus shahri yonida esa 104 million tonna voha tuproqlarini tashkil etadi.

Oqiziqlarning asosiy qismi kanallarda cho‘kib qoladi, shuning uchun sug‘orish shoxobchalarini tez-tez tozalab turish zarurati tug‘iladi. Zarafshon daryosi havzasidagi dalalarga sug‘orish suvi bilan birga har yili gektariga 10,8 — 17,8 tonnagacha oqiziq jinslar, jumladan, o‘rtacha 2350 kg/ga CaCO3 485 kg/ga K2O va 0,41 kg/ga R2O5 oqib keladi. Sug‘oriladigan yerlarga kelib tushadigan agroirrigatsion yotqiziqlar miqdori yiliga 0,8—1,3 mm ga ortadi. Samarqand, Buxoro, Murg‘ob va Xorazm singari qadimiy vohalardagi bunday yotqiziqlar qalinligi 1—2 m va undan ortiq bo’ladi.

Morfologik tuzilishi, agrokimyoviy, agrofizik, biologik xususiyatlari va meliorativ holatiga ko‘ra O‘rta Osiyoning sug‘orma dehqonchilik mintaqalaridagi voha tuproqlari turli tiplarga, ya’ni cho‘l mintaqasining o‘tloqi-voha, botqoqi-voha va taqirli-voha tuproqlariga, sur tuproqlari mintaqasining o‘tloqi-voha, botqoqi-voha va sur tuproqli-voha tuproqlari tipiga mansub. Agroirrigatsion yotqiziqlar qalinligiga ko‘ra: yupqa (35— 50 sm), o‘rtacha (70—80 sm) va juda qalin (1 m dan ko‘p) bo‘lgan tuproqlarga ajratiladi. Voha tuproqlarining paydo bo‘lish jarayoni o‘ziga xos zonal belgilarga ega. Bu jarayonni ikki asosiy bosqichga bo‘lish mumkin. Birinchi bosqichda voha tuproqlarining tabiiy belgilari (qo‘riqlik) saqlanib qoladi. Masalan, haydash va sug‘orish ta’sirida tusi, qalinligi, strukturasi, chimli va chim osti qatlamlarining joylanishi turlicha bo‘lgan sur tuproqlardan zichligi, mexanik tarkibi deyarli bir xil, kulrangroq haydalma va yanada zichroq haydov osti qatlamlar shakllanadi.

O‘zbekiston voha tuproqlari tahrir

O‘zbekistonning relyefi juda xilma-xil. Chunonchi, janubiy va sharqiy tomonlari tog‘ tizmalari bilan o‘ralgan, shimoli-g‘arbiy tomonlari past tekisliklar, Qizilqum sahrosi, Ustyurt va Orol dengizi bilan tutashib ketgan. Tekisliklar asosan Amudaryo, Zarafshon va Sirdaryoning o‘rta va quyi oqimlariga joylashgan bo‘lib, respublika maydonining 70-75%ini tashkil etadi. Bu tekisliklarda Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro va Xorazm vohalari bilan bir qatorda Qizilqum, Malik, Qarshi va Kamob cho‘llari ham joylashgan[5].

Voha hasharotlari tahrir

Vohalarda hashoratlar ko‘p bo‘ladi. Shulardan biri voha chigirtkasi. Voha chigirtkasidan biri italiya chigirtkasi (Calliptamus italicus) — chigirtkalar oilasiga mansub zararkunanda hasharot. Erkagi tanasining uzunligi 14,5—24 mm, urg‘ochisiniki 24—41 mm. Baquvvat tanasi to‘q qo‘ng‘irdan och kulrang yoki sarg‘ish kulranggacha. Tuxumli ko‘zachasining kattaligi 14—41 mm bo‘lib, ko‘pincha uvatlarga, dala, yo‘l chetlari, partav yerlardagi chimga qo‘yadi. Yevropa, Shimoliy Afrika, Xitoy, Kavkaz, G‘arbiy Sibir, Janubiy Oltoy o‘lkasi, Qozog‘iston va O‘rta Osiyoda tarqalgan. Voha chigirtkasi shuvoqboshoqli o‘simliklar o‘sadigan cho‘llarga xos. Juda ko‘payib ketgan yillari g‘o‘za, dukkakli, poliz, boshoqli va boshqa ekinlarga zarar keltiradi[6].

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Havolalar tahrir

  1. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Davlat ilmiy nashriyoti, 2006 — 470 bet. 
  2. Sh. Rahmatullayev. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati. Universitet, 2003 — 98 bet. 
  3. Ensiklopedik lug‘at. O‘zbek sovet ensiklopediyasi bosh redaksiyasi, 1988 — 167 bet. 
  4. O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi (birinchi jild), Toshkent, 2000. 
  5. S. A. Azimboyev. Dehqonchilik, tuproqshunoslik va agrokimyo asoslari. IQTISOD-MOLIYA, 2006 — 20 bet. 
  6. O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi. Davlat ilmiy nashriyoti, 2006 — 250-251 bet.