Volgograd (1925 i. gacha Saritsin, 1961-yil ga qadar Stalingrad) — Rossiya Federatsiyasidagi shahar, Volgograd viloyatining markazi. Volga daryosining oʻng sohilida. Yirik daryo porti, aeroport bor. Temir yoʻl tuguni. Kema qatnaydigan Volga-Don kanalining boshlangʻich punkti. Aholisi 1005 ming kishi (1999). Shaharga 1589-yilda asos solingan. 18-asr oxiriga qadar harbiy istehkom boʻlgan. 1942-yil iyulidan 1943-yil fevralgacha V.da nemis qoʻshinlari bilan shiddatli janglar boʻlgan. V. Rossiya Federatsiyasining yirik sanoat markazlaridan biri. Sanoatning yetakchi tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik (traktorsozlik, kemasozlik, neft mashinasozligi, motorsozlik va boshqalar), metallurgiya (alyuminiy, quvur, poʻlat sim-kanat zavodlari). Yogʻochsozlik, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektr energetika ham rivojlangan. Konserva, margarin, sut, pivo zavodlari, konditer fabikasi, goʻsht kombinatlari, temir-beton, uysozlik zavodlari, yengil sanoat korxonalari (koʻn zavodi, tikuvchilik fabikalari va boshqalar) bor. V.da 7 oliy oʻquv yurti (shu jumladan 3 universitet), 5 teatr, muzeylar (Mamay qoʻrgʻonidagi yodgorlik ansambli, oʻlkashunoslik muzeyi, tasviriy sanʼat muzeyi va boshqalar), mavjud.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil