Xaltalilar (Metatheria) yoki qopchiqlilar – tirik tugʻuvchi sut emizuvchilar infrasinfi (ayrim maʼlumotlarga koʻra, turkum). Gavdasining uzunligi 4–160 sm. Koʻpchilik xaltalilar urgʻochisida bolasi xalta ichida rivojlanadi. Xalta ichida sut bezlari soʻrgʻichi boʻladi. Bosh miyasi tuban tuzilgan. Yoʻldosh (xaltali boʻrsiqlardan tashqari) hosil boʻlmaydi. Boʻgʻozlik davri 12,5–45 kun, bolasi nimjon (uzunligi 0,5–3 sm) tugʻiladi, koʻpincha xaltasi ichidagi sut bezi soʻrgʻichiga yopishib olib, 250 kun davomida rivojlanadi. Sut maxsus muskullar yordamida bolasi ogʻziga siqib chiqarib turiladi. 1 turkumi va 9 oilasi (opossumlar, yirtqich xaltalilar, xaltali chumolixoʻrlar, xaltali koʻrsichqonlar, xaltali boʻrsiqlar, vombatlar, kengurular va boshqalar) mavjud. Avstraliya, Tasmaniya, Yangi Gvineya, Janubiy, Markaziy va Shimoliy Amerika, ayrim Katta Zond orollarida tarqalgan. Yangi Zelandiyada ham iqlimlashtirilgan. Raqobat qiluvchi yoʻldoshli sut emizuvchilarning boʻlmasligi tufayli xaltalilar Avstraliyada ular bilan konvergent belgilarga ega boʻlgan bir qator formalarni hosil qilgan. Xaltalilar turlar soni (2 400 ga yaqin) boʻyicha hozirgi sut emizuvchilarning 6% ini tashkil etadi. Lekin ular adaptiv radiatsiya jihatdan qolgan barcha sut emizuvchilar kabi xilmaxil. Ayrim turlari qishloq xoʻjaligiga ziyon keltiradi. Bir qancha turlari terisi va goʻshti uchun ovlanadi. 21 turi Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.

Xaltalilar
Biologik klassifikatsiya
Domen: Eukariotlar
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Sinf: Sut emizuvchilar
Infrasinf: Xaltalilar

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.