Xoʻjaipok — Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi daryo, Surxondaryoning oʻng irmogʻi. Boysuntogʻning sharqidagi Xoʻjabuzboraktogʻdan 3360 m balandlikdan boshlanadi. Uzunligi 91 km, havzasining maydoni 765 km², oʻrtacha balandligi 695 m. Yillik oʻrtacha suv sarfi 16,8 m³/sek.dan (koʻp suvli 1969-yilda) 2,49 m³/sek.gacha (kam suvli 2001-yilda) oʻzgaradi. Qor va yomgʻirdan toʻyinadi. Daryoning gidroenergiya zaxirasi 1 mlrd. kVt/soat. X.dan ekinzorlarni sugʻorishda foydalaniladi. Qayroq, Duoba, Diybola, Qoʻrgʻoncha, Oqsuv, Fangart qishloqlaridan oqib oʻtadi. X.ning turli qismlari qaysi qishloq yonidan oʻtishiga qarab Xalqajar, Qizilsuv, Xoʻjabuzborak, Qoʻrgʻonchasoy, Tentaksoy deb yuritiladi.