Yablonoviy tizmasi — Markaziy Baykalortidagi togʻ tizmasi (Rossiya Federatsiyasi Chita viloyati, qisman Buryatiya Respublikasida). Yablonoviy tizmasi jan.gʻarbdan shim.sharqqa 650 km ga choʻzilgan. Eng baland joyi 1680 m. Tizma baykal burmalanishi davrida shakllangan, paleozoy davri slanetslari, qumtoshlar, granit va boshqalar togʻ jinslaridan tashkil topgan. Muzloq tayga va chimli podzol tuproqlarda tilogʻoch, qora qaragʻay, kedr daraxtlari oʻsadi, jan. yon bagʻri esa qora qaragʻay oʻrmonlari bilan qoplangan. 1200–1400 m. dan baland suvayirgʻich qismlari togʻtundra oʻsimliklari va qurumlar bilan band.