Yangiariq tumani — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyatidagi tuman, 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Shimoldan Xonqa tumani, sharqdan Bogʻot tumani, gʻarbdan Xiva tumani, janubdan Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 0,40 ming km2. Aholisi 110,5 ming kishi (2018). Tumanda 10 qishloq fuqarolari yigʻini (Gullanbogʻ, Gulobod, Kattabogʻ, Ostona, Oxunboboyev, Tagan, Chigʻirchi, Yangiariq, Quruqtom,Qorakoʻz) bor. Markazi — Yangiariq qishlogʻi[2].

Yangiariq tumani
tuman
Tarkibida Xorazm viloyati
Maʼmuriy markazi Yangiariq
Asos solingan sanasi 1926-yil
Hokim Anvar Davletov
Aholi (2018) 100,5 ming [1]
Zichligi 226,5 kishi./km²
Millatlar tarkibi Oʻzbeklar — 96%
Dinlar tarkibi Musulmonlar
Maydoni 0,40 ming km²
(6,5 %)
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Yangiariq tumani xaritada
Koordinatalari: 41°19′37″N 60°33′7″E / 41.32694°N 60.55194°E / 41.32694; 60.55194 G O

Aholisi tahrir

Aholisi 90,6 ming kishi, oʻrtacha zichligi 1 km2ga 226,5 kishi (2008). Aholining milliy tarkibi oʻzbeklar (96%), shuningdek, turkmanlar, tatarlar, koreyslar, ruslar va boshqalar millat vakillari ham yashaydi[3].

Etimologiyasi tahrir

Z.Do'simov va X.Egamovlarning "Joy nomlarining qisqacha izohli lug'ati" kitobida Yangiariq toponimning kanal, ariq so‘ziga hech qanday aloqador emas. Yangiariq toponimning ikkinchi qismi ark so‘zi bilan bog‘liqdir. Bu so‘z “Boburnoma”da podshoh o‘rdasi, V.V.Radlovning lug‘atida “qal’a” manosida ekanligi, uning doimo baland joyda o‘rnashib, hukmdor saroyi shu yerda bo‘lganligi qayd etiladi[4]. Yangiariq va Xiva o'rtasida o'rik va olma yetishtiradigan bog'lar barpo etilgan. Bu joylarda xon uchun sayillar va yig'inlar o'tkazilgan. Shunda keyin bu joylarga Yangiariq nomi berilgan xonning oldingi arkidan farq qilib turishi uchun. Yangiariq Xorazm shevasida Yangoriq deya talqin qilinadi[5]. Iqtisod fanlari nomzodi Komil Avazning aytishicha, bu yerda ark bo'lgan. Aholininig ko'chishi natijasida boshqa yerlarda ham arklar quriladi. Aholi arklarga nisbatan birinchi arkni O'ngark deb atagan. Vaqtlar o'tishi bilan bu nom o'zgargan va yangizriq nomi berilgan[6].


Tabiati tahrir

Tuman hududi viloyatning janubi-sharqida joylashgan. Relyefi, asosan, pasttekislikdan iborat. Janubidagi kattagina maydon qum barxanlari bilan band. Obulkoʻl, Moʻltang, Shoʻrkoʻl, Jirmizkoʻl va boshqalar kollektorlar bor. Tuman xoʻjaliklari Ostona, Oqmachit, Quruqtom, Tagan, Kattabogʻ va Amudaryodan chiqqan magistral kanallaridan suv oladi. Tuman hududida koʻl koʻp. Ulugʻshoʻrkoʻl, Obulkoʻl, Tangali, Bayotkoʻl, Kichikkoʻl va boshqalar shular jumlasidan. Ularning aksariyati bir biri bilan tutashtirilgan. Tuman koʻllari baliqchilikda viloyatda yetakchi oʻrinni egallaydi. Koʻllar negizida ixtisoslashtirilgan baliq kombinati tashkil etilgan. Tuproqlari, asosan, shoʻrlashgan oʻtloq va oʻtloqi boʻz tuproqlardan iborat. Tuproq shoʻri kollektor yordamida yuvib turiladi. Yovvoyi oʻsimliklardan changal, oqbosh, yantoq, shoʻra, pechak, ajriq, qamish, yakan va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, quyon, qunduz, kalamush va boshqalar; qushlarlardan oʻrdak, gʻoz, qashqaldoq, chagʻalay, qargʻa, chumchuq va boshqalar koʻp.

Iqlimi tahrir

Iqlimi keskin kontinental. Yillik oʻrtacha harorat 11,8 °C. Yanvar oyining oʻrtacha harorati — 4,5 °C, eng past harorat -31 °C. Iyul oyining oʻrtacha harorati 27 °C, eng yuqori harorat 45 °C. Vegetatsiya davri 208 kun. Yiliga 82 mm yogʻin tushadi. Yogʻinning asosiy qismi bahorda yogʻadi.

Sanoati tahrir

Tumanda paxta tozalash, gʻisht, meva konservalash zavodlari, taʼmirlash ustaxonasi, Oʻrta Osiyo — Markaz gaz quvurining 3 kompressor stansiyasi, Xorazm baliq kombinati, baliq dudlash sexlari, qurilish tashkilotlari, MTP, avtokorxona, 100 ga yaqin kichik, oʻrta biznes va yirik korxonalar, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, dehqon bozori, 1100 dan ziyod mikrofirma bor. Oʻzbekiston — Turkiya qoʻshma korxonasi (kalava ip ishlab chiqariladi) ishlab turibdi. Shisha ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

Qishloq xoʻjaligi tahrir

Tuman qishloq xoʻjaligi, asosan, paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan, shuningdek, chorvachilik, baliqchilik, pillachilik, sabzavotchilik, bogʻdorchilik ham rivojlangan. Qishloq xoʻjaligida 8 shirkat xoʻjaligi, 2 aksiyadorlik jamiyati, 17 qishloq xoʻjaligi korxonasi, 6 xususiy ferma, 1 ijara xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi. Yangiariq tumanida jami ekin maydoni 13 ming ga dan ziyod, shu jumladan, 6,5 ming gektar yerga paxta, 1,7 ming gektarga yerga don, 164 ga yerga sabzavot ekinlari ekiladi. Yangiariq tumanidagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 30 mingdan ziyod qoramol, 19,8 mingga yaqin qoʻy va echki, 108 mingdan ziyod parranda boqiladi (2004).

Ijtimoiy soha tahrir

Tumanda 40 umumiy taʼlim, bolalar sport maktabi, 4 kasb-hunar kolleji bor. Tuman markaziy kutubxonasi va uning 40 ta tarmogʻi, 24 klub muassasasi, madaniyat uylari faoliyat koʻrsatadi. Stadion, 35 sport zali va boshqalar sport inshootlari ishlab turibdi. Tuman markaziy kasalxonasi (210 oʻrin) va uning boʻlimlari, 2 tish davolash poliklinikasi, 14 feldsher-akusherlik punkti, 2 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 7 qishloq vrachlik punkti, dorixonalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Ushbu tibbiy muassasalarda 161 vrach, 714 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. Yangiariq tumani hududida Shayx Muxtor Valiy meʼmoriy majmuasi (14-asr) saqlangan. 1936-yildan „Yangiariq ovozi“ gazetasi nashr etiladi (adadi 927; 2005-yil).

Manbalar tahrir

  1. „Tuman haqida“. 2013-yil 6-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 14-sentyabr.
  2. „СОАТО Система обозначений административно-территориальных образований“. 2012-yil 28-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 1-oktabr 2011-yil.
  3. „Хорезмская область“ (ruscha). 2012-yil 30-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 1-oktabr 2011-yil. (WebCite saytida 30-avgust 2012-yil sanasida arxivlangan)
  4. O‘ZBEKISTON JOY NOMLARINING IZOHLI LUG‘ATI. Toshkent. 2022
  5. З.Дўсимов, Х.Эгамов. Жой номларининг қисқача изоҳли луғати. –Тошкент, 1977. 151-бет
  6. Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.