Yoʻtal — murakkab reflektor holat, ixtiyoriy yoki gʻayriixtiyoriy ravishda tez nafas chiqarish harakati; nafas aʼzolarining himoyalanish-tozalanish reaksiyalaridan biri. Yoʻtal markaziy nerv sistemasi (yoʻtal markazi uzunchoq miyada joylashgan) tomonidan idora etiladi. Nafas yoʻllari va oʻpka yalligʻlanganda, shuningdek, nafas yoʻllariga chang, toʻzon va boshqa yot narsalar tushganida yoʻtal paydo boʻladi. Baʼzan nafas yoʻllari shilliq qavatining „qichishishi“dan yoki bezovtalanish va zoʻriqishdan (asabiylashish tufayli) yoʻtal yuzaga keladi. Yoʻtal vaqtida, avvalo chuqur nafas olinadi, soʻng nafas muskullari taranglashadi, hiqildoqdagi ovoz yorigʻi esa berkiladi — koʻkrak boʻshligʻida yuqori bosim vujudga keladi. Shundan keyin toraygan ovoz yorigʻi orqali kuchli havo oqimi yuqori bosim bilan ketma-ket tashqariga otilib chiqadi va, ayni vaqtda, u oʻpkadan balgʻam yoki yot zarralarni ilashtirib haydab keladi.

Yoʻtal

Koʻkyoʻtal bilan ogʻrigan bolaning yoʻtali.
 
Klassifikatsiyasi va tashqi linklar
Ixtisos Yuqumli kasalliklar
KXK-10 R05
KXK-9 786.2
DiseasesDB 17149
MedlinePlus 003072
eMedicine ENT/1048560
MeSH D003371

Tasnifi tahrir

Yoʻtal uzun-qisqaligiga qarab xurujli (koʻkyoʻtalda), davriy (bronxitda), toʻxtovsiz, qisqa (plevritda); tovushiga koʻra — xirillagan (hiqildoq shikastlanganda va isteriya vaqtida), boʻgʻiq (tovush boylamlarining yalligʻlanishi va yaralanishida); balgʻam hosil boʻlishiga qarab — hoʻl (balgʻam keladi) va quruq boʻladi. Yoʻtal tez va qattiq tutganda koʻkrakni ogʻritishi, bemorni halloslatishi va hatto uyqu bermasligi mumkin. Mudom va bot-bot yoʻtal tutishi oʻpka emfizemasi, yurak-oʻpka yetishmovchiligiga olib keladi. Yoʻtalni bartaraf etish uchun vrachga murojaat qilish lozim.

Davolash tahrir

Asosan, yoʻtalga sabab boʻlgan kasallik davolanadi, balgʻam koʻchiradigan, yoʻtal markaziga taʼsir etadigan dorilar beriladi. Quruq yoʻtalda ogʻriqni va yoʻtalni qoldiruvchi dori-dormonlar tavsiya etiladi. Vrach tavsiyasiga koʻra, tomoqqa, koʻkrak sohasiga gorchichnik qoʻyiladi, issiq sutga asal qoʻshib ichiriladi, dorili ingalyasiya qilinadi. Yoʻtal koʻkyoʻtal, gripp va boshqa infeksion kasalliklar belgisi boʻlishi mumkin, shu sababli, yoʻtalganda ogʻizga dastroʻmol tutish zarur (uni tez-tez yuvib, dazmollab turish kerak). [1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Yana qarang tahrir