Yongʻin — bir zumda shiddat bilan roʻy beradigan va tez tarqaladigan yonish jarayoni. Moddiy boyliklarni yoʻqotadi va inson hayoti uchun xavf soladi. Yongʻinga, asosan, olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, elektr va gaz asboblaridan hamda ishlab chiqarish jihozlaridan foydalanishning qoida va meʼyorlarini buzish, moddalar (materiallar) ning oʻzoʻzidan alangalanishi sabab boʻladi. Tashqi (ochiq), mas, choʻl, oʻrmon, neft va gaz favvoralari Yongʻini; ichki (berk), mas, shaxta, bino ichidagi Yongʻin xillarga boʻlinadi. Yongʻin ishgʻol qilgan fazoni shartli ravishda zonalarga: faol yonish, issiqlik taʼsir etuvchi va tutun bilan qoplash zonalariga boʻlinadi. Faol yonish zonasi (Yongʻin oʻchogʻi) yuqori issiqlik va tutun hosil qiladi. Bunda materiallar koʻpincha atmosfera havosining kislorodi bilan oʻzaro taʼsirlashib tutaydi, alangalanadi, natijada issiqlik va tutun hosil boʻladi. Yonayotgan qurilmalar va materiallar issiklik taʼsirida qiziydi va alangalanadi, yonmaydiganlari deformatsiyalanadi. Bu zonadagi eng yuqori tra tashqi Yongʻinda sodir boʻlib, qattiq materiallar 1000°—1250°, suyukliklar 1100°—1300°, yonuvchi gazlar 1250°—1350° tra chiqaradi. Faol yonish zonasini boshqa zona — issiqlik taʼsir etuvchi zona qurshab oladi. Uning issiqlik taʼsiri taxminan 60—80° pastroq boʻlib, atrofdagi obyekt va insonlar uchun xavfli boʻladi. Yongʻin vaqtida ajralib chiqadigan yonish mahsuloti (tutun) bilan qoplash zonasini hosil qiladi. Tutun tarkibida, odatda, azot, kislorod, uglerod oksidi, karbonat angidrid, suv bugʻlari, kul va b. moddalar boʻladi. Tutun tarkibiga kiruvchi toʻla va chala yonish mahsulotlari juda zaharli, ayniqsa, polimer materiallar yonganda oʻta zaharli boʻladi. Baʼzi hollarda chala yongan mahsulotlar, mas, uglerod oksidi kislorod bilan yonuvchi va portlashga xavfli aralashma hosil qilishi mumkin. Yongʻin bilan kurashishda oʻt oʻchirish texnikasidan foydalaniladi.[1]

Havolalar tahrir

Yong'inga qarshi zamonaviy uskuna va vositalar

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil