Zarkosa

Bobotogʻ tizmasidagi eng baland choʻqqi

Zarkosa — Bobotogʻ tizmasidagi eng baland choʻqqi. Surxondaryo viloyatining shimoli-sharqida, Uzun tumani hududida joylashgan. Oʻrtacha balandligi 2290 metrni tashkil etadi. Sharqiy yon bagʻri Kofarnihon daryosi vodiysiga hamda shimoli va shimoli-sharqiy yon bagʻri Surxondaryo vodiysi tomon tik tushgan. Janubi va janubi-sharqiy yon bagʻri qiyaliklardan iborat. Togʻ qishda qor bilan qoplanadi. Zarkosadan sharqqa tomon kichik soy oqadi, gʻarbida esa buloqlar bor. Choʻqqi atrofida archazor, pistazor, bodomzorlar keng tarqalgan[1].

Zarkosa
Joylashuvi Hisor tizmasi
Togʻ tizmasi Bobotog'
Balandligi 2289 metr

Joylashishi tahrir

Zarkosa choʻqqisi Hisor tizmasining bir boʻlagi boʻlgan Bobotogʻ tizmasining eng baland choʻqqisi hisoblanadi. Bu togʻ ancha yemirilib, paslashib qolgan. Zarkosaning balandligi 2289 metga yetadi. Bobotogʻ gʻarbga va janubga tomon asta-sekinlik bilan pasayib boradi. Tizmadagi togʻlarning oʻrtacha balandligi 1200-1500 metrga yetadi. Bobotogʻ okrugi relyefi Hisor-zarafshon okrugi relyefidan tubdan farq qiladi[2].

Asosan paleogen va yura davri ohaktoshlari, gil, alevrolit, qumtoshlardan tarkib topgan. Zarkosa choʻqqisi joylashgan hududning sharqiy yon bagʻri tik va ensiz, togʻ oldi tekisliklari Kofarnihon daryosi terrasalariga yaqin yerda joylashgan. Gʻarbiy yon bagʻri ancha yotiq va keng boʻlib, asosiy qismi past togʻlardan tarkib topgan. Togʻ tizmasining yon bagʻirlari koʻplab quruq soylar oʻtganligi sababli parchalangan. Bu yerda karst keng tarqalgan. Mazkur hududdagi togʻlar orasida koʻplab botiqlar mavjud, ular neogen va antropogen davri yotqiziqlari bilan toʻlgan[3].

Oʻsimliklar dunyosi tahrir

Zarkosa choʻqqisida turli oʻsimliklar mavjud. Jumladan togʻ oldi hududlarida archazor, bodomzorlar mavjud. Shuningdek togʻ piyozi, kiyikoʻt, marmarak, yovvoyi beda, chayonoʻt, qiziltikan kabilar ham keng tarqalgan.

2022-yilda bu yerdana bir nechta yangi turlar aniqlangan. Jumladan, Piyoz (Allium L.) turkumiga mansub boʻlgan oʻsimlik turi aniqlangan. Mazkur piyozning boʻyi 15-20 sm boʻlib, gullari mayda va och pushti rangda. Bu turning eng yaqin qardoshi Eron, Afgʻoniston va Markaziy Osiyo hududidagina uchraydi[4].

Adabiyotlar tahrir

Zarkosa“,  Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 4-jild (Zebunniso — Konigil). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2002 — 704 bet. 

Manbalar tahrir

  1. "Zarkosa" OʻzME. Z-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „BOBOTOG` OKRUGI“. Qaraldi: 08-2023.
  3. „Surxondaryo tabiiy geografik okrugi“. geografiya.uz. Qaraldi: 08-2023.
  4. Rahmonova, Nigora. „Olimlarimiz yangi o‘simlik turlarini aniqladi, ularning noyobligi nimada? – Akademik bilan suhbat“. O'zA. kknews.uz (2023-yil 1-fevral). Qaraldi: 08-2023.