Zavqiy (taxallusi; asl ism sharifi Ubaydullo Solih oʻgʻli) (1853 – Qoʻqon – 1921) – oʻzbek lirik shoiri. Qoʻqondagi „Madrasai oliy“ va „Madrasai chalpak“da tahsil olgan (1870–1874). Maxsidoʻzlik bilan shugʻullangan. Maʼlum muddat mirzalik qilgan, Xoʻjand, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Oʻsh, Andijon, Margʻilon shaharlarida boʻlgan. Togʻasi Muhammad Siddiq bilan Madinani ziyorat qilgan (1900). 1903-yil Qoʻqonga qaytgan. Zavqiy mumtoz oʻzbek adabiyoti anʼanalarini davom ettirgan, Qoʻqon adabiy muhitining Muqimiy, Furqat, Nodira, Rojiy kabi namoyandalari bilan ijodiy hamkorlik qilgan.

Zavqiy
Tavalludi 1853
Vafoti 1921[1]
Fuqaroligi Oʻzbekiston
Kasbi shoir

Sheʼrlari tahrir

Zavqiyning gʻazal, muhammas, muvashshaxlari („Aylab keling“, „Radifi Zavqiy“ va boshqalar)da oʻzi yashagan muhit va tuzum, mehnat axlining ahvoli tasvirlangan. U turmush alam-iztiroblari, hijron azobiga visol umidi, vafodorlik, sadoqat tuygʻularini qaramaqarshi qoʻyadi („Yuzingni koʻrsatib avval“, „Bodai vasling“ va boshqalar), kishilarni turmush goʻzalliklaridan zavqlanishga, uni sevishga chorlaydi. Zavqiyning bir qancha sheʼrlari („Kajdor zamona“, „Ajab zamona“, „Abdurahmon shayton“ va boshqalar)da mustamlaka tuzumidagi ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik, chor maʼmuriyati himoyasida boʻlgan ayrim nopok amaldorlarning kirdikorlari fosh etiladi. Zavqiyning „Muncha koʻp“ radifli hamda „Ajab zamondur, ahbob, bosh qotib qoldi“ misrasi bilan boshlanuvchi muhammaslari 19-asr boshlari sheʼriyatidagi eng oʻtkir ijtimoiy asarlari jumlasiga kiradi.

Asarlari tahrir

Zavqiy ijodiy merosida oʻzbek qishloqlarining ahvoli, dehqonlar hayoti mavzui ham katta oʻrin tutadi („Yangi Qoʻrgʻon qishlogʻi“, „Suv janjali“, „Shohimardon sayohati“ ). Bu asarlar Muqimiyning „Sayohatnoma“si taʼsirida yozilgan. Zavqiy Muqimiyning hajvchilik yoʻlini davom ettirib, oʻzbek adabiyotida hajviy yoʻnalish taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdi („Obid mingboshi haqida hajv“ va boshqalar). Zavqiyning „Voqeai qozi saylov“ (1909–1910), „Qahatchilik“ (1916) kabi asarlarida ijtimoiy adolatsizlik fosh etiladi, xalqning zulmga qarshi namoyishlari aks ettiriladi. „Ajab ermas“ radifli muhammasi 20-asr boshlari oʻzbek sheʼriyatida muhim hodisa boʻldi. Bunda shoir mustamlaka asoratida ezilayotgan yurtning baxtli kelajagi haqida fikr yuritdi. Ijtimoiy hayotdagi ayrim nosozliklar, kishilar faoliyatidagi salbiy hollar ustidan bir qator sheʼrlari („Taʼrifi kalish“, „Otim“, „Fonus“, „Sigirim“, „Pashshalar“ va boshqalar)da zaharxanda bilan kuladi.

Zavqiyning „Voqeai qozi saylov“, „Qahatchilik“ dostonlari ham muhim ijtimoiy hodisalarni aks ettiruvchi dostonlardir.

Gʻazal va muhammaslari tahrir

Shoirning ishqiy gʻazal va muhammaslari oʻsha davrlardanoq xalq hofizlari tomonidan kuyga solinib, ijro etilgan („Yor kelur zamona yoʻq, kelmasa-kelmasun netay?!“, „Kulbam aro, ey maxliqo, bir yoʻl xirom aylab keling“ va boshqalar).

Xotira tahrir

Zavqiyning sheʼrlari turli bayoz, majmua, vaqtli matbuot hamda ogʻzaki manbalar orqali bizgacha yetib kelgan. Qoʻqon shahridagi bir mahalla, qishloq, maktab va koʻchaga Zavqiy nomi berilgan.

Ilmiy adabiyotlar tahrir

  • Razzoqov H. Zavqiy. Hayoti va ijodi. T., 1955.
  • Karimov Gʻ. Oʻzbek adabiyoti tarixi. T., 1987.
  1. // (unspecified title)