Molibden qotishmalari -asosini molibden tashkil qiladigan qotishmalar. Asosan, issiqbardosh konstruksion materiallar sifatida ishlatiladi. VM-1, SM-2 va VM-2 markali Molibden qotishmalari tarkibida 0,1—0,4% gacha uglerod boʻladi. VM-2 qotishmasidan chiviq, pokovka va shtampovkalar, VM-1 va SM-2 qotishmalaridan esa chiviq, list va quvurlar tayyorlanadi. Molibden qotishmalaridan tayyorlangan detallar vakuumda yuqori (1800° gacha) temperaturali sharoitda uzoq muddat ishlaydi. Bu qotishmalardan 2300— 2500° temperaturali gazlar oqimida qisqa muddat (5 min. gacha) ishlaydigan detallar ham tayyorlash mumkin. Molibden qotishmalaridan tayyorlanadigan himoya qoplamali detallarning havoda yoki boshqa oksidlovchi muhitlarda 1200—2000° dagi xizmat muddati — 5—500 soat. Odatda, Molibden qotishmalari yoyli vakuum pechlarda, elektron nurli va garnisaj pechlarda eritib olinadi. Molibden qotishmalari kukun metallurgiyasi usulida olinganda ancha ifloslanadi, natijada texnologik xossalari (ayniqsa, pay-vandlanuvchanligi) yomonlashadi.

Molibdenni legirlash uchun titan (Ti), sirkoniy (Zr), gafniy (Hf), vanadiy (V) ishlatiladi (0,1 — 1,5%). Legirlovchi elementlarning koʻpchiligi molibdenni moʻrtlashtiradi. Titan, sirkoniy, niobiy va boshqa bilan legirlangan molibdenning issiqbardoshligi ancha yuqori, ammo plastikligi pastroq. Molibdenning plastikliligini oshiruvchi birdanbir element — reniy. Sirkoniy va titan Molibden qotishmalarining plastik deformatsiyalanuvchanligini oshiradi. Molibden qotishmalarining mexanik puxtaligi temperaturaga bogʻliq. Molibden qotishmalaridan soplolar, uchish apparatlarining qoplamalari, raketa detallari, atom reaktorlarining qismlari, elektrotexnika va radiotexnika sanoatida ishlatiladigan turli detallar va boshqa tayyorlashda foydalaniladi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil