Molibdenit, molibden yaltirogʻi — sulfidlar sinfiga mansub mineral, kimyoviy tarkibi MoS2; 60% Mo va 40% S dan iborat. Har vaqt oz miqdorda Re qoʻshimchasi boʻladi. Geksonal singoniyali. Varaqsimon va tangasimon agregatlardan iborat. Rangi qoʻrgʻoshsimon kulrang, metallsimon yaltiroq. Qattiqligi 1, zichligi 4620– 4800 kg/m3. M. nihoyatda yuqori temperaturali sharoitda greyzenli, kam hollarda pegmatitli konlarda volframit, topaz, kasseterit, flyuorit, xalkopirit, pirit va boshqa minerallar bilan birga hosil boʻladi. Renit izotoplardan birining izobar oʻzgarishi hisobiga nihoyatda qimmatbaho hisoblangan radiogenli izotop hosil boʻladi. M.ning yirik konlari kontaktli metasomatik granat-piroksenli skarnlarda, shuningdek, gipotermal va mezotermal kvarsmolibdenli ruda tomirlarida mavjud. Yirik konlari Oʻrta Osiyo, Kavkaz, AQSH, Meksika, Norvegiyada, Oʻzbeki-stonda esa, asosan, Olmaliq atrofida bor.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil