Oʻzbekiston siyosiy partiyalari

O‘zbekistonning siyosiy partiyalari

Markaziy Osiyoda, jumladan Oʻzbekistonda siyosiy partiyalar tuzish uchun tarixiy-ijtimoiy vaziyat XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida yuzaga kela boshlagan. Jadidlar va maʼrifatparvarlarning xalq orasida maʼrifatni yoyib, uning siyosiy faolligini oshirish, ommani Chor Rossiyasi tarkibida muxtoriyatga erishishga daʼvat qilish, oʻlkada mustaqil milliy davlat yaratish masalasini oʻrtaga qoʻyish borasidagi harakatlari shundan dalolat berardi (qarang Jadidchilik). Lekin ularning intilishlariga chor hokimiyati va mahalliy hukmdorlar boshdan qarshilik qilgan. Oqibatda, mintaqada 1917-yilgacha boʻlgan davrda siyosiy, nazariy va tashkiliy jihatdan yetuk siyosiy partiyalar shakllanib ulgurmadi. Oktabr toʻntarishi arafasida va undan keyin oʻzini namoyon eta boshlagan siyosiy tashkilotlar va ularning rahbarlari qatagʻonga uchradi, badargʻa va surgun qilindi (qarang „Milliy ittihod“, Yosh buxoroliklar, Yosh xivaliklar). Shoʻrolar davrida esa hukmron kommunistik partiyadan boshqa bironbir partiyani tuzish taqiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqil boʻlganidan soʻng siyosiy partiyalarning shakllanishi va faoliyat olib borishiga imkoniyat yaratildi. Mamlakatda hozirgi paytda 5 ta siyosiy partiya (Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi, Oʻzbekiston „Adolat“ sotsial demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi) mavjud. Bu siyosiy partiyalar oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (1992-yil 8 dekabr), Oʻzbekiston Respublikasining „Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida“gi qonuni [1](1996-yil 26 dekabr), boshqa qonun hujjatlari, shuningdek, oʻz ustavi asosida amalga oshiradi. Siyosiy partiyalar tashkil etish huquqi Konstitutsiyaning 34-moddasida mustahkamlangan[2]. Qonunga koʻra siyosiy partiyalar fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirish maqsadida, oʻz xohish-irodalarini erkin bildirish, partiyaga ixtiyoriy ravishda kirish va undan chiqish, aʼzolarining teng huquqliligi, oʻzini oʻzi boshqarish, qonuniylik va oshkoralik asosida tuziladi va faoliyat koʻrsatadi. Lekin, konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik bilan oʻzgartirishni maqsad qilib qoʻyuvchi; Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetiga, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi; urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib qiluvchi; xalqning sogʻligʻi va maʼnaviyatiga tajovuz qiluvchi; milliy va diniy ruhdagi partiyalarni tuzish va ularning faoliyat koʻrsatishi taqiqlanadi. Siyosiy partiyalar toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni boʻyicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmat qiluvchi shaxslar (sudyalar, prokurorlar va prokuratura tergovchilari); ichki ishlar organlari, milliy xavfsizlik xizmati xodimlari, harbiy xizmatchilar, xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar siyosiy partiyalarga aʼzo boʻla olmaydilar. Siyosiy partiyalarga aʼzolik faqat yakka tartibda qayd etiladi. Bir partiyaning aʼzosi ayni vaqtda ikkinchi partiyaga aʼzolikka qabul qilinmaydi. Siyosiy partiyalarni tuzish uchun kamida 8 ta hududiy subʼyektda (viloyatda), shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida boʻlgan kamida 20 ming fuqaroning imzosi boʻlishi talab etiladi. Siyosiy partiyalar saylab qoʻyiladigan davlat organlaridagi oʻz vakillari orqali tegishli qarorlarni tayyorlashda, qonunda belgilab qoʻyilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyati organlari saylovlarida ishtirok etadi. Oʻz partiyalarining siyosatini uyushqoqlik bilan oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Siyosiy partiyalarning fraksiyalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarida partiya guruhlari tuziladi. „Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida“gi qonunda Siyosiy partiyalar faoliyatining kafolatlari, ularni tuzish, roʻyxatga olish, partiyalar mulki, ular faoliyatini toʻxtatish tartibi va boshqa masalalar toʻliq koʻrsatib berilgan[3].

</O’zXDP/O’zbekiston Xalq demokratik partiyasi>

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasiga (qisqacha nomlanishi – Oʻzbekiston XDP) 1991-yil 1-noyabrdagi partiyaning Taʼsis qurultoyida asos solindi.

</SDP / O’zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi

Oʻzbekiston „Adolat“ sosial-demokratik partiyasi 1995-yil 18-fevralda partiyaning birinchi Taʼsis Qurultoyida tashkil topgan.

</O’zLiDep/O’zbekiston Liberal demokratik partiyasi>

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi 2003-yil 15-noyabrda boʻlib oʻtgan Taʼsis S’yezdida tashkil topgan.

</O’zMTDP / O’zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi>

2008-yil 20-iyun kuni Oʻzbekiston „Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi va Oʻzbekiston „Fidokorlar“ milliy demokratik partiyasining birlashish Qurultoyi boʻlib oʻtib, ikki partiya negizida yangi Oʻzbekiston „Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi tashkil topdi.

</O’zbekiston Ekologik partiyasi>

2019 yil 24 yanvarda Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Rasmiy partiyalar

tahrir
  1. OʻzXDP / Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi
  2. OʻZLiDeP / Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi
  3. OʻzMTDP / Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi
  4. SDP Adolat / Oʻzbekiston Adolat sotsial demokratik partiyasi
  5. Ekoharakat / Oʻzbekiston ekologik harakati

Jamoat birlashmalari

tahrir
  1. Oʻzbekiston Kamolot Yoshlar Ijtimoiy Harakati
  2. Oʻzbekiston Kamolot Yoshlar Jamgʻarmasi
  3. Oʻzbekiston Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
  4. Oʻzbekiston Xalq Birlig Jamoatchilik Harakati

Manbalar

tahrir
  1. „Oʻzbekiston Respublikasining „Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida“gi qonuni“.
  2. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. Oʻz. Res. Konst. 08.12.1992.
  3. Akmal Saidov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil