Oyna – oʻzbek tilidagi dastlab tashkil etilgan jurnal hisoblanadi Uning 1-soni 1913-yil 20-avgustda nashr etilgan. Jurnalning bosmaxona va bosh ofisi Samarqandda joylashgan. Nashrning nomlanishi muqovada – arab, oʻzbek, fors va rus tillarida yozilgan: „Mir’ot“, „Koʻzgu“, „Oyna“ va „Zerkalo“[1][2][3] shakllarida."Oyna" jurnaliga Turkiston jadidlarining rahnomasi – Mahmudxoʻja Behbudiy tomonidan asos solingan va uning muharrirligida faoliyat koʻrsatgan. Jurnal har hafta nashr qilinib, har bir soni 24 sahifadan iborat boʻlgan.  Bu xususiy tipdagi jurnal boʻlib, 400—600 nusxada toshbosma usulida chop qilingan, muxlislar orasida obuna va chakana savdo yoʻli bilan tarqalgan. „Oyna“ avvaliga haftada 1-marta 24 sahifada nashr etilgan boʻlsa, keyinroq 15 kunda 1-marta 35 sahifada chiqarila boshlagan. Jurnal uchun materiallar „Bayoni hol“, „Samarqand xabarlari“, „Axbori jahon“, „Reklama“ nomli doimiy ruknlar ostida chop etilgan. Jurnalning bir qancha xorijiy Sharq mamlakatlarida ham muxlislari boʻlgan[4].

Oyna (jurnal)
Turi ijtimoiy siyosiy
Formati Haftalik nashr
Asoschi(lar) Mahmudxoʻja Behbudiy
Asos solingan 1913-yil 20-avgust
Bosh muharrir Mahmudxoʻja Behbudiy
Tili O'zbek, fors
Nashrning toʻxtatilishi 1915-yil 15-iyun
Bosh ofisi Samarqand
Adadi 400-600 nusxa
Fayl:Oyna jurnali nashryoti.jpg
Bu binoda „Samarqand“ gazetasi, „Oyna“ jurnali chop etilgan, — deydi Samarqand davlat chet tillar instituti oʻqituvchisi Dilafroʻz Rahmatova. – Shuningdek, „Padarkush“ dramasi ham ilk bor shu bino hovlisida sahnalashtirilgan[5].

Faoliyati tahrir

„Oyna“ oʻqish uchun qulay formatda edi va anʼanaviy arab yozuviga asoslangan. Oxirgi sahifalari rus tilidagi reklama va maʼlumotlar uchun ajratilgan. Jurnalning birinchi sonida Mahmudxoʻja Behbudiyning  „Ikki emas, turt til lozim“ nomli maqolasi bosilgan. Jurnalni chiqarishda M. Behbudiyga samarqandlik iqtidorli qalamkashlar: Saidrizo Alizoda, Rojiy, Hoji Muinlar koʻmaklashganlar. Jurnalda chetdan maktab, madrasa muallimlari, elga tanilgan adiblar, ilm axllari hamkorlik qilganlar. M. Behbudiy noshirlik, muharrirlik vazifalarini ado etish bilan birga, jurnalning qariyb har bir sonida dolzarb mavzulardagi sermazmun, sara maqolalar bilan koʻrinib turgan. Behbudiy Samarqand viloyati harbiy gubernatoriga yozgan arizasida jurnalni oʻzbek, tojik va rus tilida chiqarishga izn soʻragan. Lekin mustamlakachilar tilida faqat eʼlonlar berilgan. Aftidan, ruschani ham qoʻshgani Behbudiyning arzi ijobiy hal boʻlishida muhim rol oʻynagan[6]. M. Behbudiy va uning jadid safdoshlari Turkistonning milliy va diniy zaminda taraqqiy etmogʻini koʻzlaganlar. Shu bois oʻlka taraqqiyotining jadidlar nazarda tutgan bu ikki asosiy yoʻnalishiga daxldor muammolar „Oyna“ jurnalining ham diqqat markazida turgan. Jurnalning 47-sonidan boshlab foto illyustratsiyalar sahifalarda aks eta boshlagan. Ushbu fotolarning koʻpchiligini Samarqand shahrining meʼmoriy yodgorliklari, M.Behbudiy sayohati davomida toʻxtagan joylar tashkil qilgan. Rasmlar orasida  Ismoil Gasprinskiyning bir qancha fotosuratlari ham boʻlgan[7]. Behbudiy arab mamlakatlariga qilgan sayohat xotiralarini "„Xotiralar“ nomi ostida jurnalning 1914-yilgi sonlarida izma-iz nashr ettirib borgan[8].

Maqsadi tahrir

Turkistondagi tub aholini zamonaviy ilmu urfondan, maʼrifatdan bahramand etish maqsadida nashr qilingan. „Oyna“ jurnalining asosiy diqqatni oʻlkadagi milliy taʼlim tizimini yangilashga yoʻnaltirgan. Jurnal sahifalarida chop qilingan materiallarning aksariyati maorifga aloqador boʻlib u jamoatchilik oʻrtasida ham diniy, ham dunyoviy ilmlarni oʻrgatuvchi yangi „usuli jadid“ maktablarini tashviq qildi, bunday maktablar uchun darsliklar, bilimdon muallimlar tayyorlash va-zifasini eslatib turdi, milliy oʻzlikni anglash muammolariga katta eʼtibor berdi.

Vatanparvarlik, millatparvarlik gʻoyalarini, betakror tarixiy madaniy merosimizni keng targʻib qilish – „Oyna“ ning muhim xususiyatidir. Bu fazilatni M. Behbudiy qalamiga mansub „Turkiston“, „Samarqandda Sherdor madrasasi“, „Ulugʻbek rasadxonasi“, „Sart soʻzi majhuldir“, „Sayohat xotiralari“ va boshqa maqolalardan yaqqol his etish mumkin. „Oyna“ milliy tilga doir maqolalarida jamoatchilikni milliy tilni taraqqiy ettirishga, uning sofligini asrashga daʼvat etib, „har millat oʻz tili ila faxr etar“, deya uqtirgan. Oyna jurnalida Hindiston universitetlarida tahsil olayotgan Qozon va Buxorodan borgan  musulmonlarning maktublari eʼlon qilingan boʻlib, bu jurnalning tarqalish doirasi keng ekanligini koʻrsatadi. Maktubda jurnalni nashr etishni davom ettirish haqidagi iltimos ham bor edi[7]. Jurnalda 1902-yildagi aholini roʻyxatga olish maʼlumotlari ham keltirilgan.

Yopilishi tahrir

„Oyna“ jurnali tahririyati faoliyati doimiy nazoratda saqlangan. Oʻzbekiston Markaziy davlat arxivida bizga dalil boʻlgulik koʻpgina hujjatlar bor. Masalan, Turkiston harbiy okrugining shtab boshligʻi imzosi bilan Samarqand viloyat harbiy gubernatoriga 1914-yil 19-avgust kuni 100-raqamli xat yuborilgan. Mazmuni shundan iboratki, birinchi jahon urushi davrida „mahalliy matbuotda Rossiya manfaatiga zid maqolalar paydo boʻlishi mumkinligi bois“ Turkiston harbiy senzurasi Samarqanddagi nashrlarni nazorat qilib turishni shtabs-kapitan Otayevga topshiradi. „Oyina“ jurnali korrekturasi uchun koʻchirma (ottisk)dan jurnal bosmadan chiqishiga ikki kun qolguncha yuborilishi bosh muharrir zimmasiga yuklatiladi. Behbudiyni harbiy okrugga chaqirtirib, ushbu „oʻta maxfiy xat“ ostiga „Oʻqidim va maʼlumot uchun qabul qildim“, deya imzo chektirishgan. „Oyna“ jurnali muharriri va noshirini turli yoʻllar bilan taʼqib qiladilar. Masalan, Turkistondagi urf-odatlar, jadid maktablari, oʻzgarishlarni oʻrganayotgan missioner G.Andreyev Behbudiy va uning „Oyna“si haqida ketma-ket ikkita maqola yozadi. Birinchisida muharrir bilan suhbat qurib, fikrlarini beradi, lekin past nazar bilan qaragani „tureskiy targash“ deganidan yaqqol bilinadi. Ikkinchi maqolasida esa „Oyna“ning 1915-yil 1 (53) – sonini oʻz nuqtayi nazari, yaʼni mustamlakachi sifatida batafsil sharhlaydi, jurnal sahifalari „zerikarli“ maqolalarga toʻla ekanini aytadi. Qisqasi, muallif Behbudiyning publisistik hamda muharrirlik faoliyatiga noxolis yondashgan[9].

Baʼzi tadqiqotchilar „Oyna“ nashr etilgandan bir yil oʻtib taqiqlangan degan fikr bildirashadi. Biroq, „Oyna“ning 49-sonida muharrirlar oʻz oʻquvchilarini jurnal yopilishi haqida birinchi marta ogohlantirishgan.  Mahmudxoʻja Behbudiyning „Туркестанские ведомости“ nashri muharriri G.Andreyevga quyidagi maʼlumotlarni ochiqlagan:

O'tgan yili men 300 obunachini hisobladim va nashrning ikkinchi yilining boshiga kelib, ulardan bor-yo‘g‘i 200 tasi qolgan, o‘shanda ham Farg‘ona eng ko‘p obunachi (100 dan ortiq), bizning Samarqand viloyati esa 50 ga yaqin obunachini beradi[10].

Oxirgi sonlardan birida muharrirlar eʼlon berib, unda senzura tufayli jurnalning nashr etilishi kechikayotganini tushuntiradi.

„Oyna“ 1915-yilning 15-iyuniga qadar nashr qilingan. Jami 68 ta soni chiqqan.[11]


Manbalar tahrir

  1. "Jurnallarning eng birinchisi va yaxshisi…"
  2. matbuot fidoyisi[sayt ishlamaydi]
  3. Behbudiy (1875—1919)[sayt ishlamaydi]
  4. Behbudiy (1875—1919)[sayt ishlamaydi]
  5. Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyi ochildi
  6. "Jurnallarning eng birinchisi va yaxshisi…"
  7. 7,0 7,1 Алимова, Д (2007). „Махмудходжа Бехбудий и его Самаркандский журнал «Ойна»“ (PDF). Самарқанд шаҳрининг умумбашарий маданий тараққиёт тарихида тутган ўрни. Qaraldi: 23–sentabr 2023–yil.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  8. Xayrullayev, M. Ma'naviyat yulduzlari. Toshkent: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1999 — 359 bet. ISBN 5-86484-072-6. 
  9. "Jurnallarning eng birinchisi va yaxshisi…"
  10. Андреев, Г (17–sentyabr 1915–yil). „Самаркандский журнал «Ойна» и его редактор-издатель Махмуд-Ходжа Бехбудий“. Туркестанские ведомости.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()
  11. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil