Yer kalamushlari, plastinka tishli kalamushlar (Nesokia) — kemiruvchi sut emizuvchilar urugʻi. Oziq tishlari emal qavati bilan qoplanmasdan alohida plastinkalarga oʻxshab koʻrinadi (plastinka tishli kalamushlar degan nomi shundan). Hindiston yarim oroli, Oʻrta Osiyo, Gʻarbiy Osiyo va Shimoliy Afrikada tarqalgan. Kopetdogʻ, Murgʻob, Amudaryo va Zarafshon vodiylarida hind yer kalamushi, yaʼni nezokiya (N. Indica) uchraydi. Tanasining uzunligi 22 sm gacha, dumi 15 sm cha. Usti toʻq qizil, qorni kulrang. Yiliga (3—6 tadan) 2— 3 marta bolalaydi. Asosan, oʻsimliklar (kartoshka, sabzi va b.)ning yerostki qismlari bilan oziqlanadi. Ekinlarga ziyon keltiradi. Yer ostini chuqur qazib, sugʻorish inshootlarining buzilishiga, yerning choʻkishi va boshqaga sabab boʻladi; yuqumli kasalliklar (masalan, toun kasalligi) qoʻzgʻatuvchilarini ham tarqatadi[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil