Qaldirgʻochlar — sayroqi chumchuqsimonlar oilasi. Uzunligi 10— 23 sm. Qanotlari uzun va ingichka; uzoq va tez (27,5 m/sek. gacha) uchishga moslashgan. Deyarli faqat hasharotlar bilan oziqlanadi. Oyoqlari kalta, yerda yaxshi yurolmaydi. Shuning uchun yerga faqat in qurish davrida material yigʻish uchun qoʻnadi; oʻljasini havoda tutadi; suv ustida past uchib, suv ichadi va choʻmiladi. Qning 20 urugʻi va 79 turi maʼlum. Arktika va Antarktidadan tashqari barcha hududlarda tarqalgan. Oʻzbekistonda 4 urugʻga mansub 6 turi (shahar qaldirgʻochi, togʻ qaldirgʻochi, qirgʻoq qaldirgʻochi, kichik qaldirgʻoch, tuyaqaldirgʻoch, qishloq qaldirgʻochi) uchraydi. Qishloq qaddirgʻochi respublikamizdagi barcha shahar va qishloqlarda binolarning shifti ostidagi toʻsinlarga va devoriga yarimsharsimon uya quradi. Bunda soʻlak bilan aralashtirilgan loydan foydalanadi. Uyasiga 2—7 taga yaqin tuxum qoʻyib, urgʻochisi va erkagi navbat bilan bosadi. Qaldirgʻoch qon soʻruvchi hasharotlarni qirib, katta foyda keltiradi.

Qaldirgʻochlar mart oyida uchib keladi va aprel-may oylarida in quradilar. Qaldirgʻoch inini, koʻpincha, yarim doira va koʻzasimon shaklida jun va xas-xashak aralash loydan yasaydi. Yiliga 1—2 marta 4—6 ta tuxum qoʻyadi. Tuxumini 14—16 kunda ochib chiqadi. Qaldirgʻochlar avgust oyining oxirlarida oila boʻlib, issiq mamlakatlarga uchib ketadi. Sayohatni erta boshlashiga sabab manzillari uzoq boʻlib safar 2 oy davom etadi.