Qozonxon
Qozonxon, Qazon Sulton (? -1347) — Chigʻatoy ulusi xoni (1332— 47). Chigʻatoyxon naslidan boʻlgan Yasavur oʻgʻlonning farzandi. 1332-yil movarounnahrda xonlik taxtiga oʻtiradi. Qozonxonning hukmronlik vaqtida zoʻravonlik va zulm kuchayadi, aholining turmushi yomonlashadi. Amir Qazagʻon ulusning tirik qolgan aʼyonlari bilan ittifoq tuzib bosh koʻtaradi va Soli-Saroyda qoʻshin toʻplab, Qozonxonga qarshi jangga tayyorlanadi. 1345 yilda Darayi Zangiy qishlogʻi yaqinidagi dashtda har ikki qoʻshin toʻqnashadi. Bu jangda amir Qazagʻonning qoʻshini magʻlubiyatga uchraydi. Gʻolib Qozonxon Qarshi shahri tomon yoʻl oladi. Shu yili qishning qattiq sovugʻidan Qozonxon lashkari ulovining koʻp qismi qirilib ketadi. Amir Qazagʻon bu holatdan xabar topgach, zudlik bilan qoʻshin jamlab, Qozonxonni yoʻq qilmoq maqsadida raqibi tomon yuradi. 1347-yilda 2 tomon lashkarlari yana toʻqnash keladi. Jang amir Qazagʻonning gʻalabasi bilan yakun topadi. Qozonxon jang maydonida qatl qilinadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() | Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |