Tarixchi olim Muhammad Narshaxiyning yozishicha, Qutayba ibn Muslim ibn Umar ibn Husayn ibn Robiya ibn Xolid ibn Usayd al-Xayr milodiy 661 yilda Shomning Boxiliy degan joyida tavallud topgan. Manbalarga ko‘ra, u intizomli, iste’dodli, qat’iyatli va irodasi mustahkam sarkarda bo‘lgan. Har qanday ishni maslahat ila amalga oshirgan.

Qutayba ibn Muslimni(r) milodiy 691-yili ummaviylar xalifasi Abdurahmon ibn Marvon Xurosonga noib etib yuborgan. Qutayba o‘z qalamravidagi hududni shariat asosida boshqarish barobarida, xalifalik yerlarini sharqqa tomon kengaytirishga katta hissa qo‘shgan. 706-yili u Zarafshon vodiysi tomon yurish qilib, Poykentni zabt etadi. 708-yili Marv va Keshni, 709-yili Buxoroni egallaydi. 712-yili Xorazm va Samarqandga kirib boradi. 713-yil bahorida Toshkent(Shosh)ni egallab, keyin Farg‘ona vodiysi tomon yo‘l oladi. Sarkarda o‘zi zabt etgan hududlarga islom ahkomlarini yoyib, xalqni hidoyatga da’vat etadi.

U qaysi shaharni zabt qilsa, o‘sha yerda masjid, madrasa va minoralar qurdirgan. Movarounnahrdagi ilk masjid ham uning boshchiligida, Buxoro shahrida 712-yilda qurilgan. Bugungi kungacha yetib kelgan Samarqanddagi Hazrati Xizr masjidi ham aynan uning ko‘rsatmasiga binoan tiklangan ekan.

Samarqandda «yengilgan» Qutayba

Ismoil Haqqiy (r.a.) «Tafsir ul-rux ul-bayon» kitobida yozishicha, «Qutayba ibn Muslim hazratlari Jayhun qirg‘oniga kelganida o‘z askarlariga qarata: «Ey birodarlar! Qalbingizda zarracha dunyo havasi bo‘lsa shu qirg‘oqda qoling, niyatingiz Allohning roziligi va uning dinini yetkazish bo‘lsa menga ergashing», — deya xitob qilgan. So‘ng qo‘lini duoga ochib, parvardigorga yuzlangan: «Yo Robbim! O‘zing guvohsan, bizlarning qalbimizda zarracha dunyo umidi bo‘lsa, shu daryoda cho‘ktirgin, qalbimizda faqat sening diningni yetkazish bo‘lsa bizlarga shu daryodan najot bergin». U shunday deya daryoga ot solgan va butun askarlari bilan narigi qirg‘oqqa sog‘-salomat chiqqan ekan.

Xabarlarga ko‘ra, Qutayba Samarqandni egallaganidan keyin shahar ma’murlaridan biri sarkarda bu shaharga shar’iy talablarga zid tarzda kirganini da’vo qilib, qoziga arz qiladi. Qutaybani ham da’vogarning yonida turg‘izib qo‘yadilar.

Islomiy harb ahkomlariga ko‘ra Qutayba shahar ahliga yo islomni qabul qilish, yo jizya (g‘ayridinlardan undiriladigan soliq) to‘lash, yo urushni taklif qilishi lozim edi. Qutayba esa shahar ahlini ogohlantirmasdan, qo‘qqisdan hujum qilgan va g‘alaba qozongan edi. Qozi da’vogarning arzini puxta o‘rganib chiqib, Qutayba ibn Muslim shaharni chindan ham makr-hiyla bilan egallagan deya hukm chiqaradi va sarkardaning bu harakatini qattiq qoralaydi.

Qozining hukmiga ko‘ra Qutayba boshliq musulmonlar shaharni tark etadilar. Taomilga binoan shahar ahliga yuqoridagi shartlar taklif etiladi. G‘olib sarkardaning mag‘lub yurt vakili oldida mahkamada yengilishi tarixda kuzatilmagan edi. Shu hodisaning o‘zidan islomning naqadar haq va adolatli din ekani haqida xulosa chiqargan shahar ahli yoppasiga islomni qabul qilgan ekan.

Avval o‘ldirib, so‘ng pushaymon qilishgan

Qutayba ibn Muslim ko‘p tarixiy kitoblarda g‘ayratli, uddaburon lashkarboshi, adolatli peshvo, xiyonatni sevmagan, ma’rifatga, she’riyatga yaqin nozikta’b inson sifatida gavdalanadi.

Qutayba ibn Muslimni Xurosonga noib qilib tayinlagan xalifa Abdulmalik ibn Marvon o‘z davrida Usmon ibn Affon, Abu Hurayra, Abu Said, Ummu Salama singari ulug‘ zotlarning nasihatlarini eshitgan edi.

715-milodiy yilning ikkinchi yarmida xalifa Valid vafot etib, hokimiyat uning ukasi Sulaymon qo‘liga o‘tadi. Tarixchilarning yozishicha, xalifa Sulaymon binni Abdulmalikning yonidagilar Qutaybaga qarshi kishilar edi. Qutayba bu xususda o‘z qo‘shini boshliqlari bilan maslahat qilganda ular sarkardani qo‘llab­quvvatlamaydilar. Bundan jahli chiqqan Qutayba qo‘mondonlarini qattiq mazammat qiladi. Shunda qo‘mondonlar Qutaybaning chodirini o‘rab oladilar. Qutaybaning yaqinlari xavfni sezib, uni qochishga undaydilar, ammo sarkardaning oti bezovtalanib, egarga minishiga monelik qiladi. Natijada tamimiylar qabilasining boshlig‘i Voqi’ binni Abu Suud va boshqalar Qutayba, uning ukalari va o‘g‘illarini qatl etishadi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra Qutayba ibn Muslimni o‘ldirish uchun xalifa Sulaymon o‘zi maxsus ko‘rsatma bergan ekan.

Oyning orqa tomoni

Albatta, Qutayba ibn Muslimning ona zaminimizga islom nuri va ma’rifatini olib kirgani yuksak tahsinga sazovor. Afsuski, sarkardaning vatanimiz hududiga kirib kelgan paytda shafqatsiz urushlari, minglab aholini beomon qatl etgani, ayollar va bolalarni asir qilgani, madaniy yodgorliklarni tag-tugi bilan yo‘qotishga uringani ham tarixiy haqiqat.

Arab muarrixi Abu Ja’far Tabariyning yozishicha, arablarga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan Toxaristonning Tallikon shahrida juda katta qirg‘in yuz bergan. Qutayba ibn Muslim shaharni egallagach, qo‘li qilich tutishga qodir bo‘lgan barcha odamlarni o‘ldirishga buyuradi. Tallikonga olib boruvchi yo‘lning ikki chetidagi daraxtlarga isyonchilarni osib chiqadilar. Tarixiy manbalarda yozilishicha, 4 farsax (24 kilometr) masofadagi yo‘lning ikki tarafidagi yong‘oq daraxtlariga jasadlar osib chiqilgan ekan.

Ushbu tarixchining yozishicha, janglarning birida Qutaybaning huzuriga to‘rt ming asirni olib kelishadi. Taxt ustida o‘tirgan Qutayba asirlarni taxtining to‘rt tarafiga mingtadan joylashtirishni buyuradi, so‘ng o‘z askarlariga asirlarining barini qilichdan o‘tkazishga amr etgan.

Abu Rayhon Beruniy «Osorul-boqiya» asarida Xorazmni fath etgan Qutayba qadimgi xorazmiy tilidagi bitiklarning barchasini yig‘ib yoqishni buyurgani, bu tilni biladigan olimlarni qatl etganini yozib qoldirgan.

Tarixchi Tabariyning yozishicha, unga qarshilik ko‘rsatgan mahalliy odamlardan har birining boshi uchun o‘z askarlariga 100 dirhamdan mukofot va’da qilgan. Qutayba bir jangda shunday xitob qilgan ekan: «Agar umrimdan uchtagina so‘z aytish imkoni qolganda «uqtuluhu, uqtuluhu, uqtuluhu» (ularni o‘ldiring, o‘ldiring, o‘ldiring!) degan bo‘lardim».

Afsuski, Qutayba ibn Muslim hayotiga oid bunday raqamlarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Fransuz adibi Viktor Gyugo yozganidek, tarixning chiqindi qutisi bo‘lmaydi. Binobarin, o‘zimizga yoqmagan, ammo rad etib bo‘lmaydigan tarixiy fakt va raqamlarni ham tan olishga majburmiz.

Qutayba ibn Muslim dinimiz ravnaqi uchun juda ko‘p ishlar amalga oshirgan va o‘sha davr vaziyati uni keskin choralar ko‘rishga majbur qilgan.

Yuzlab sarkardalardan biri

Bugun mamlakatimiz o‘zining ko‘hna tarixi, beqiyos tabiati, mehmondo‘stligi bilan dunyo ahlini o‘ziga jalb etayotir. Yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimi tobora ortib bormoqda. O‘z navbatida joylarda sayyohlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tarixiy qadamjolarni obod maskanlarga aylantirishga katta e’tibor berilayotir.

Shu ma’noda Jalaquduqdagi Qutayba ibn Muslim maqbarasining qayta tiklanishi musulmon mamlakatlaridan kelayotgan sayyohlar diqqatini o‘ziga tortishi shubhasiz. Har qalay bu sarkarda islom tarixida o‘z o‘rniga ega siymolar qatoridan joy olgan.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: xo‘sh, bu maqbaraga tashrif buyurgan sayyohlarga Qutayba ibn Muslim nomi qanday taqdim etiladi? Yurtimizga qilich ko‘tarib kelgan fotihmi yo milliy qahramon? Aslida bu zotning millatimizga aloqasi bor deb aytolmaymiz, uning «qahramon»ligini ham ta’riflashimiz mantiqqa to‘g‘ri kelmas. Agar u chindan yurtimizni bosib olgan fotih bo‘lsa, nima uchun unga bu qadar ehtirom ko‘rsatayapmiz? Yo «biz shu qadar bag‘rikeng xalqmizki, hatto yurtimizga qilich ko‘tarib kelgan fotihning ham izzatini shu taxlit o‘z o‘rniga qo‘yamiz» desak to‘g‘ri bo‘larmikin?

Har qalay uning shaxsini ko‘klarga ko‘tarish, aziz-avliyolar darajasida zikr etishdan avval Qutayba ibn Muslim shaxsiyati, uning jangu jadallari, harbiy faoliyati, amallari haqida tarixiy manbalarda keltirilgan ma’lumotlarni puxta o‘rganib chiqish zarar qilmaydi.

«Qutayba ibn Muslimning yurtimizda islom dini yoyilishiga qo‘shgan xizmati uning har qanday xatolarini yuvib ketadi» deguvchilar ham topilar. Avvalo islomning ona vatanimiz hududida yoyilishiga sabab faqat Qutaybaning qilichi emas, dinimizning haqligi va buyukligi, xalqimizning azaliy fikratiga uyg‘unligi bo‘lsa ajab emas. Qolaversa, islom vatanimizga Qutaybadan ancha avvalroq kirib kelgandi. Bobur Mirzo birgina Samarqand ahlining hazrati Usmon (r.a.) zamonlaridayoq musulmon bo‘lishganini yozgan.

AdabiyotTahrirlash

  • Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966; Beruniy, Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar, t. 1, T., 1968; Istoriya at-Tabari, T., 1987.

Qahramon Rajabov.