Koʻchmas mulk birjasi, Respublika koʻchmas mulk birjasi (RKMB) — koʻchmas mulk savdosi bilan shugʻullanadigan yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyati. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 y, 29-apreldagi qarori bilan tashkil etilgan. Asosiy vazifasi davlat mulklarini ochiq auksion, tanlov va birja savdolari orqali xususiylashtirish, zavonaviy koʻchmas mulk bozorini yaratish, mulkdorlar sinfini shakllantirish. Markaziy boshqaruv idorasi Toshkent shahrida. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va 12 viloyatda, Toshkent shahrida filiallari bor. RKMB va uning filiallari davlat obyektlarini ochiq savdolar orqali xususiylashtirish, respublikada yaxlit koʻchmas mulk bozorini yaratish, jahon talablari darajasida ochiq savdolarni tashkil etishni yoʻlga qoʻyish bilan shugʻullanadi. 2001-yilda RKMB 2101 ta (695 ta kimoshdi, 1389 ta birja, 17 ta tanlov savdolari) savdo tadbiri oʻtkazdi. 26168 ta obyekt boʻyicha (koʻchmas mulk, qurilishi tugʻallanmagan obyektlar, uy-joy qurish uchun umrbod egalik qilib meros qoldirish xuquqi bilan yer maydonlari, uy-joylar, avto-ulovlar, undiruvga qaratilgan mulklar) jami 14502,8 mln. soʻmlik bitimlar qayd etilgan (2000-yilda 19850 obyekt; 8262,5 mln. soʻm).

RKMB chet el firmalari va kompaniyalari hamda ularning vakolatxonalari, barcha xorijlik sarmoyadorlar bilan aloqani yoʻlga qoʻygan.

Nozimbek Matqosimov.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil