Revalvatsiya (re... va lot. valeo — qadr-qimmatga egaman) —1) milliy valyuta — pul birligi kursini boshqa mamlakatlar yoki xalqaro valyutapul birliklariga nisbatan rasmiy oshirish. Inflyasiya bartaraf etilganidan keyin ichki pul muomalasini barqarorlashtirish usullaridan biri. Iqtisodiyotga devalvatsiyaga nisbatan aksincha taʼsir koʻrsatadi. Muayyan bir mamlakat valyuta kursini boshqa mamlakatlar valyutalariga nisbatan koʻtarish eksport qilinayotgan tovarlarning chet el valyutasidagi narxini oshiradi va bu bilan xalqaro bozorda mamlakatning raqobat qilish qobiliyatini pasaytiradi, tovarlar eksportiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. R.ni oʻtkazayotgan mamlakat uchun R. chet el valyutasini arzonroq sotib olish imkoniyatini yaratadi, bu esa tovarlar importyorlari va kapital eksportyorlari manfaatlariga muvofiq keladi; 2) kassadagi nakd pulni qayta baholash, milliy valyutada ifodalangan oltinning umumiy summasi va markaziy bank balansida turgan valyuta hisob-kitobini bildiradi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil