Bosh menuni och

Vikipediya β

Sabzi (Daucus) — soyabonguldoshlar oilasiga mansub ikki, qisman bir yillik oʻtsimon oʻsimliklar turkumi, sabzavot ekini. Sning 60 dan ortiq turi bor. Bir turi (D. carota) — madaniy S. ekiladi. Bu tur Gʻarb (Oʻrta Yer dengizi havzasidan kelib chiqqan 4 turxil — karotinli, sariq, oq, binafsharang Slar) va Osiyo (Afgʻoniston va unga yaqin hududlardan kelib chiqqan 6 tur xil — sariq, binafsharang , qizil, toʻq binafsharang , pushti, oq Slar) kenja turiga boʻlinadi.

Jahondagi deyarli barcha mamlakatlarda karotinli navlari yetishtiriladi. Dehqonchilikda mil. av. 2ming yillikdan maʼlum. Xitoy, Fransiya, Italiya, Rossiya va boshqa mamlakatlarda koʻp ekiladi. Jahon boʻyicha S. ekin maydoni 861 ming ga, yalpi hosili 18,4 mln. t, hosildorligi 214,3 s/ga (1999). S. 1-yili barg chiqarib, ildizmeva beradi, 2-yili gulpoya chiqarib urugʻ beradi. S. namsevar (ayniqsa, unish, gullash va ildiz-meva tugish davrida), yorugʻsevar, sovuqqa chidamli oʻsimlik (maysalari — 2° ga chidaydi). Urugʻi 4—5° da unib chiqadi. 18—20° da yaxshi rivojlanadi. Oʻsuv davri 80—110 kun. Osiyo kenja turiga kiradigan S. barglari yaproqli, 3 karpa patsimon qirqilgan. Guli 2 jinsli, toʻpguli murakkab soyabon, hasharotlar yordamida changlanadi. Urugʻi mayda, 1000 donasi 1—1,5 g . Ildizmevasi sersuv, naviga qarab dumaloqroq, silindrsimon, rangi sariq, oq va baʼzan qizgʻish, och kizil, uz. 8—17 sm, vazni 30—200 g va undan ortiq. Sabzisi (ildizmevasi)da 10—12 % qand, 9,2% uglevodlar, 1,1% azotli moddalar va S, V,, V2, RR vitaminlari, 9,0 (20—25 gacha) mg% karotin bor. S. inson oziq-ovqat ratsionida muhim oʻrinda turadi. Xashaki navlarining ildizmevasi rangi oq, asosan, chorvachilikda ozuqa sifatida ishlatiladi. 100 kg ildizmevasida 14 ozuqa birligi, 0,8 kg hazm boʻluvchi protein, 80 g kalsiy, 50 g fosfor bor. S. oziq-ovqat va shirali ozuqa sifatida, shuningdek, boshqa mahsulotlar olishda xom ashyo sifatida ishlatiladi. S. bir yilda 3 marta ekiladi. Ertagisi fevral oxiri—mart boshlarida, yozgisi 15 iyun—15 iyulda, qishkisi noyabr oxiri — dek. boshlarida ekiladi. Urugi 4° da 12—20 kunda unib chiqadi. Unib chiqishiga qadar suvga juda talabchan. Qator orasi 60, qatordagi tasmalar oraligʻi 15—20 sm sxemada ekiladi. Ikkinchi yaganadan keyin oʻsimliklar oraligʻi 5—7 sm boʻlishi kerak, 1 ga yerga 6–7 kg urugʻ sarflanadi. Oʻsuv davrida oʻtoq qilinadi, yaganalanadi, qator orasi yumshatiladi, oziklantiriladi, 7—12 marta sugʻoriladi. S. yalpi kavlab olinadi. Hosildorligi 25—35 t/ga. Yangiligida isteʼmol qilinadi, konservalar, tibbiyotda esa Sdan turli doridarmonlar tayyorlanadi. Shim. rayonlarda va Yevropa mamlakatlarida, asosan, qizil, Markaziy Osiyo mamlakatlarida sariq S. ekiladi. Oʻzbekistonda xalq seleksiyasida S.ning juda koʻp navlari yaratilgan. Hozirgi davrda S.ning Mushak 195 (ertapishar) va Nurli (oʻrtapishar), Mirzoy qizil 228, Mirzoy sariq 304 (oʻrta ertagi), Nant 4, Shantane 2461 (oʻrtagi) va Ziynatli, Kaskade Gʻ,, Puma Gʻ, va boshqa navlari va duragaylari ekiladi.

Zararkunandalari: sabzi pashshasi, kuyalar, oʻtloq parvonasi.

Kasalliklari: fomoz, alternarioz, sklerotinioz va boshqa

AdabiyotTahrirlash

  • Balashev I.N., Zeman G.O., Sabzavotchilik, T., 1982; Boʻriyev X.Ch., Abdullayev A., Tomorqa sabzavotchiligi, T., 1989.

Abdunabi Hakimov.[1]

ManbalarTahrirlash

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil