Saidnosir Mirjalilov

maʼrifatparvar va jamoat arbobi

Saidnosir Mirjalilov (1884-1937) — atoqli maʼrifatparvar, Turkistondagi milliy ozodlik harakatining taniqli namoyandalaridan biri. U 1884-yili Turkiston shahrida tavallud topgan. Yoshligidan oʻta ziyrak, tadbirkor va mehnatkash boʻlgan Saidnosir tujjorlik faoliyatini kichik bir gazlama doʻkonini ochishdan boshlagan. Koʻp oʻtmay u Turkistonda birinchi jadid maktabini tashkil etgan. 1914-yilda paxta zavodini qurib, Turkistonning taniqli boylari va savdogarlaridan biri sifatida shuhrat qozongan.

Saidnosir Mirjalilov 1917-yil siyosiy faoliyatga oʻtadi. Fevral inqilobidan soʻng u Toshkentda tashkil etilgan „Shoʻroyi islomiya“ tashkilotining faol a’zolaridan biriga aylandi. Turkiston mustaqillikka erishishini orzu qilgan Saidnosir Mirjalilov tijoratchi sifatida topgan sarmoyasining katta qismini milliy ittihod va istiqlol uchun olib borilgan kurashga bagʻishladi. Turkiston Muxtoriyati hukumatining barpo etilishida faol ishtirok etdi va hukumat a’zosi etib saylandi. Muxtoriyat qonga botirilib, uning rahbarlari taʼqib ostiga olingach, Saidnosir Mirjalilov xorijga ketishga majbur boʻldi va dastlab Samaraga borib, Turkistonda roʻy berayotgan xunrezliklarga chek qoʻyish yoʻllarini axtardi, soʻng Turkiya va Tiflisda bir muddat yashadi. Bolsheviklar e’lon qilgan umumiy afvga ishonib, u 1921-yili vataniga qaytdi. U „Turkiston“ savdo-sanoat shirkatini tashkil qilib, undan tushgan foyda evaziga „Koʻmak“ jamiyati orqali isteʼdodli yoshlarni Germaniya va boshqa mamlakatlarga oʻqishga yuborish, „Nashri maorif“ jamiyati faoliyatini avj oldirish ishiga oʻz ulushini qoʻshdi. Lekin bolsheviklar kuzatuvidan ozod boʻlmagan Saidnosir Mirjalilov 1925-yil 12-dekabr kuni hibsga olinib, Solovetsk orollariga qamoqqa yuborildi. U uch yillik qamoq muddatini oʻtaganidan keyin 1932-yili yana besh yil muddatga qamaladi, nihoyat 1937-yil 21-iyul kuni takror hibsga olinib, oʻsha yilning 25-oktabrida otib tashlanadi.

Saidnosir Mirjalilov qabrining qayerdaligi nomaʼlum.

Manbalar

tahrir