Seminar (lot. seminarium — koʻchatxona; maktab) —1) oliy yoki oʻrta maxsus maktab talaba (oʻquvchi)larining muayyan nazariy kursni qanchalik oʻzlashtirganliklarini aniqlash usuli, mutaxassislar tayyorlashga yoʻnaltirilgan oʻquv amaliyotining muhim turlaridan biri. Talaba tomonidan bajarilgan referat, maʼruza, ilmiy tadqiqotning muhokamasidan iborat. S, albatta, mavzuni ilmiy tadqiq etgan professoroʻqituvchi yoki tegishli mutaxassislar rahbarligida amalga oshiriladi. Oʻquv predmeti harakteri, mashgʻulot maqsadi, oʻquv yurti yoʻnalishiga koʻra ayrim oʻziga xosliklar bilan universitet, institut hamda xalq xoʻjaligi sohalarida keng tarqalgan. Baʼzan maʼruzaga bogʻliq boʻlmagan holda, muayyan mavzudagi mustaqil taʼlim shakli sifatida ham oʻtkaziladi.

Taʼlimning S. shakli darslar, asosan, bahsmunozara tarzida uyushtiriladigan Yunoniston va Qad. Rim maktablarida vujudga kelgan. 17-asrdan boshlab Gʻarbiy Yevropa universitetlarida gumanitar yoʻnalishda oʻqiydigan talabalarning asl manbalar bilan ishlash usuli taʼlimning asosiy shakli sifatida qoʻllanilganligi S.ning taraqqiyoti va hozirgi shaklga kelishida muxim oʻrin tutadi.

Zamonaviy S.lar muayyan predmetni chuqur oʻrganishga yoʻnaltirilgan. S. mashgʻulotlari davomida talaba (oʻquvchi)lar ilmiy ish yuritish tajribasi, oʻz xulosalarini ogʻzaki va yozma ravishda ifodalay olish hamda nuqtai nazarlarini asosli himoyalash malakasiga ega boʻladilar. Bu xil mashgʻulotlarning 3 turi mavjud: muayyan kursni chuqurlashtirib oʻrgatishga yoʻnaltirilgan S.; kurs doirasida asosiy va muhim hisoblangan mavzularni oʻrganishga qaratilgan S; ilmiy izlanishga yoʻnaltirilgan, maʼruza mavzusiga aloqador boʻlmagan seminar. S. mashgʻuloti oʻtkazishning asosiy shartlaridan biri barcha ishtirokchilar uchun mavzu yoki mutaxassislikka bogʻliq adabiyotlar, manbalar, arxiv materiallari va qoʻlyozmalardan foydalanishda birdek imkoniyat yaratilishidir. S. mavzulari tegishli professoroʻqituvchilar tomonidan tuzilib, kafedra majlisida tasdiqlanadi. S. mavzusini qiziqishlariga koʻra, talaba (oʻquvchi)larning oʻzlari tanlashlari mumkin. S. rahbari oʻtkaziladigan S.ning maqsadi, mavzumundarijasi, uning metodologik yoʻnalishini maʼruza, maʼruzasuhbatlar vositasida tushuntirib beradi. Undan keyin har bir mavzu boʻyicha aniq talablar belgilab beriladi, adabiyotlar roʻyxati ilova qilinadi. S rahbari esa bunda maslahatchi sifatida ishtirok etadi. S. mashgʻulotlarining mahsuli, odatda, referat boʻladi. Referatlar mashgʻulot davomida tinglanadi va muhokama etiladi. Referatlar mavzuga mos kelishi, metodologik asosi toʻgʻri boʻlishi, mantiqan izchil va aniq ifodalanishi, ilmiy xulosalar asosli hamda amaliyotga aloqador boʻlishi kerak. Muhokama jarayonini fikr almashuv tarzida, barcha savollarga javob topa olish imkonini beradigan darajada tashkil etish S. rahbarining asosiy vazifasidir. S. mavzulari keyinchalik talaba (oʻquvchi)larning kurs, diplom ishlari mavzusiga aylanadi. Ular hatto dissertatsiya mavzusi darajasigacha ham chiqishi mumkin; 2) muayyan agrotexnik tadbir boʻyicha oʻtkaziladigan maslahat yigʻilishi. Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligidagi biror agrotexnik tadbir boʻyicha paydo boʻlgan yangiliklarni tegishli mutaxassislarga tanishtirish maqsadida oʻtkaziladigan S.lar keng yoyilgan. Mas, chigit yoki bugdoy ekish, paxta yoki don hosilini yigʻib olish boʻyicha oʻtkaziladigan S.lar; 3) Oʻzbekistonda nomzodlik yoki drlik ilmiy darajasiga daʼvogarning tayyorgarligini sinab koʻrish uchun ilmiy tadqiqot muassasasi va oliy oʻquv yurtlaridagi olimlarni oʻz ichiga oluvchi ilmiy tuzilma. Nazariy S deb ataladigan bu tuzilma majlisida daʼvogar oʻz dissertatsiyasidagi asosiy gʻoyani bayon etib beradi. S aʼzolari esa turli savollar bilan uning tayyorgarlik darajasini sinovdan oʻtkazadilar.

Qozoqboy Yoʻldoshev, Roʻzmon Keldiyorov [1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil