Shavkat Buxoriy (taxallusi; ismi Muhammad Ishoq) (17-asrning 20y.lari, Buxoro — 1695/1699, Isfahon) — fors-tojik shoiri. Buxoroda tahsil olgan. Sarroflik bilan shugʻullangan. Hirotga kelib, shahar hokimi Safoqulixon Shomlu va uning vaziri Mirzo Saʼduddin xizmatida boʻlgan. Dastlab Nozik taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Sh.B. oʻz davrining yetuk shoiri, hind uslubining namoyandalaridan boʻlgan, nafaqat zamondosh, balki oʻzidan keyingi shoirlarga ham taʼsir koʻrsatgan. Maleho Samarqandiyning "Muzakkir ulashob", Mirzo Muhammad Tohir Nasrobodiyning "Tazkirai Nasrobodiy", Gʻulomalixon Ozod Bilgiromiyning "Xizonai Omira", Shamsiddin Somiyning "Qomus ulaʼlom" tazkiralarida shoir haqida maʼlumot berilib, sheʼrlaridan namunalar keltirilgan. Isfahonda u bilan 7 oy davomida muloqotda boʻlgan Maleho oʻz tazkirasidan oʻrin olgan 202 shoir ichidan faqat Sh.B.ga batafsil va yuksak baho bergan. U anʼanaviy uslubni yangilagan, ohorli va goʻzal fikru tashbexlarni oʻziga xos usudda badiiy yuksak ifodalagan. Anʼanaviy ishq mavzui bilan birga, shoir ijodida tarjimai hol ruhidagi, vatandan va doʻstlardan judolik, dunyo, zamon va odamlardan shikoyat ohangidagi sheʼrlar yetakchilik qiladi. Hayotsevarlik, pandu nasihat va boshqa ham shoir ijodining asosiy xususiyatlaridan hisoblanadi.

Merosining asosiy qismini qasida, gʻazal, qitʼa va ruboiylar tashkil etadi. 6221 baytdan iborat sheʼriy merosi toʻplanib, 1987-yilda Dushanbada nashr qilingan. Devonining nusxalari Toshkent, Dushanba, Moskva, Sankt-Peterburgdagi qoʻlyozma fondlarida saqlanadi.

Manbalar tahrir

  • Buxoriylar boʻstoni, T., 1997. Ad..Toʻxsanov Q., Shavkat Buxoriysheriyatining uslubi va badiyati, Samarqand, 1998.