Shimoliy Amerika (Kanada) platformasi — qadimiy baykal burmalanishi davrlarida (1250—950 mln. yil avval) shakllangan platforma. Unga Shimoliy Amerika qitʼasining katta qismi bilan Baffin Yeri, Grenlandiya va bir qancha kichik orollar kiradi. Platformaning gʻarb tomonidan turli geologik davrlarda burmalanish jarayoniga uchragan togʻlik zona Tinch okeandan, sharqda paleozoy davri togʻlari Atlantika okeanidan ajratadi. Shimolida esa u Arktika arxipelagi va Shimoliy Grenlandiya bilan chegaradosh. Kanada qalqoni yer ustiga chiqib qolgan platforma kristalli zaminning katta qismini egallaydi. Tektonik harakatlar jarayonida zaminning ayrim joylari koʻtarilibchoʻkishi tufayli u joylarda proterozoy, kembriydan tortib toʻrtlamchi davr qatlamlarigacha uchratish mumkin. Platformaning markaziy qismini Yuqori koʻldan jan.gʻarbga gumbazsimon Nemaxa anteklizasi egallaydi. Gʻarbda Kanada qalqoni va Qoyali togʻlar orasida 3000 km ga choʻzilgan keng va katta vodiy joylashgan va u, oʻz navbatida, Albert va Villiston choʻkmalarga ajralgan. Nemaxa anteklizasining sharq tomonida bir necha gumbazsimon koʻtarilma va choʻkma strukturalar bu joylarning geologik tuzilishini murakkablashtirgan. Buning natijasida Ulugʻ orollar zonasida doira shaklidagi Illinoys sineklizasi, Michigan chuqur choʻkmasi, eni juda tor boʻlgan Sinsinnat uzun antekliza strukturalari shakllangan. Ular kontinental sharoitda rivojlanmoqda.