Suvogʻriq, suauru, tripanosomozlar — tuya, ot, eshak, xachir va boshqa uy hayvonlari hamda yovvoyi hayvonlarda uchraydigan surunkali invazion kasallik. Kasallikni Trupanosoma turkumiga mansub sodda xivchinlilar qoʻzgʻatadi, asosan, Oʻrta Osiyoda tarqalgan. Suv havzalari bor joylarda (shuning uchun S. deb atalgan) qon soʻruvchi hasharotlar (chivin va soʻna) orqali kasal hayvonlardan yuqadi. Inkubatsiya davri 12—20 kun. Tripanosomalar hayvon qonining zardobi (plazmasi)da parazitlik qiladi va oʻzidan zaharli modda (tripanotoksin) chiqarib, organizmning hamma aʼzolarini, birinchi navbatda, nerv sistemasini zaharlaydi. Kasal hayvonning tana harorati koʻtarilib, nerv tugunchalari kattalashadi, ozadi, kamqonlik paydo boʻladi, koʻzi va terisi zararlanadi, koʻpincha oʻladi.

Davolash: qonga (venaga) naganin, antritsid, samorin, berinil va boshqa antigelmentiklar yuboriladi.

Oldini olish: qon soʻruvchi hasharotlar yoʻq qilinadi, sogʻlom hayvonlar qoniga antigelmintiklar yuboriladi.