Surxondaryo viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1941-yil 6-martda tashkil etilgan (1925-yil 29-iyundan Surxondaryo okrugi boʻlgan). 1960-yil 25-yanvarda Qashqadaryo viloyati bilan qoʻshilgan. 1964-yil fevralda qaytadan tashkil qilindi. Respublikaning janubi-sharqida, Surxon-Sherobod vodiysida joylashgan. Viloyat nomi vohadan oqib oʻtuvchi “Surxon” (fors-tojik: “qizil”) daryosi nomidan kelib chiqqan. Janubidan Amudaryo boʻylab Afgʻoniston, shimoliy, shimoli-sharq va sharqdan Tojikiston, janubi-gʻarbdan Turkmaniston, shimoli-gʻarbdan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 20,1 ming km². Aholisi 2821,9 ming kishi (2023-yil 1-aprel holatiga koʻra). Tarkibida 14 ta tuman (Angor, Bandixon, Boysun, Denov, Jarqoʻrgʻon, Muzrabot, Oltinsoy, Sariosiyo, Termiz, Uzun, Sherobod, Shoʻrchi, Qiziriq, Qumqoʻrgʻon), 8 ta shahar (Boysun, Denov, Jarqoʻrgʻon, Termiz, Shargʻun, Sherobod, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon), 114 ta shaharcha, 865 ta qishloq aholi punktlari mavjud (2020). Markazi — Termiz shahri.

Surxondaryo viloyati
viloyat
Maʼmuriy markazi Termiz
Yirik shahari Termiz
Boshqa yirik shaharlari Denov, Shoʻrchi, Boysun
Asos solingan sanasi 1941-yil 6-mart
Hokim Ulugʻbek Qosimov[1]
Rasmiy tili O'zbek
Aholi (2023-yil 1-aprel holatiga) 2 821 900 (7-oʻrin)
Millatlar tarkibi Oʻzbek, tojik, turkman
Dinlar tarkibi Islom
Maydoni 20,1 ming km2 km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Kod ISO 3166-2 UZ-SU
Avtomobil raqami kodi 75-79
Rasmiy sayti surxondaryo.uz
Xaritada
Surxondaryo viloyati xaritada
Surxondaryo viloyati, Xarita
Koordinatalari: 38°0′0″N 67°30′0″E / 38.00000°N 67.50000°E / 38.00000; 67.50000 G O

Tabiati tahrir

Surxondaryo viloyati relyefi togʻ va tekisliklardan iborat, shimoldan janubga qiyalanib va kengayib boradi. Togʻlardan oqib tushadigan koʻpdan-koʻp daryo va soylar dara hosil qilgan. Surxondaryo va Sheroboddaryo oqib oʻtadigan tekislik shimoliy, gʻarb va sharqdan baland Hisor tizmasi (eng baland joyi 4643 m) va uning tarmoqlari (Boysuntogʻ, Koʻhitang togʻ, Bobotogʻ) bilan oʻralgan.

Togʻlar, asosan, yuqori paleozoy va mezozoy davrlari jinslaridan, tekislik qismi esa toʻrtlamchi davr yotqiziqlardan tarkib topgan. Bu yerda neotektonika jarayonlari davom etmoqda: tevarak atrofdagi togʻlar koʻtarilib, botiq choʻkib bormoqda. Togʻlar bilan tekislik orasida adir va togʻoldi zonasi joylashgan. Togʻlar shimoliy sovuq havo oqimlarini toʻsib turishi natijasida subtropik oʻsimliklar oʻstirish uchun qulay iqlim sharoiti vujudga kelgan. Togʻ zonasi va adirlarda, asosan, gʻalla yetishtiriladi, chorva uchun yozgi yaylov. Mutlaq balandlik 300-500 m boʻlgan Surxon-Sherobod tekisligida paxta ekiladi, bogʻ-tokzorlar barpo qilingan. Janubiy qismi keng qumliklar bilan qoplangan. Foydali qazilmalardan neft va gaz (Xovdogʻ, Kakaydi, Lalmikor, Amudaryo boʻyi tekisliklari), toshkoʻmir (Shargʻun, Hisor, Boysun, Koʻhitang togʻlarining etaklari), polimetall (Sangardak), osh tuzi (Xoʻjaikon) konlari bor. Gips, granit, argillit kabi qurilish materiallari, mineral suvli buloq koʻp. Tekislik qismining iqlimi quruq subtropik. Yozi jazirama issiq va uzoq, qishi iliq va qisqa. Yillik oʻrtacha temperatura 16°—18°. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 28°.—32°, yanvarniki 2,8°—3,6°. Oʻzbekistonda eng issiq temperatura ham shu viloyat hududida kuzatilgan (1914-yil 21-iyunda Termizda 49,5° issiq boʻlgan). Baʼzi yillari qish ancha sovuq (-20° va hatto undan ham past). Yil davomida bulutsiz kunlarning koʻp boʻlishi va quyosh nurining tik tushishi effektiv tralar yigʻindisi yuqori boʻlishiga olib keladi. 10° dan yuqori trali kunlar tekislik qismida 290— 320 kun davom etadi. Bu esa viloyatda eng issiqsevar ekinlar (shakarqamish, ingichka tolali paxta) va mevalar yetishtirishga imkon beradi. Viloyat togʻlar orasidagi berk botikda joylashganidan bu yerda yogʻin kam. Viloyatning janubiy tekisliklarida yiliga 130- 140 mm, Hisor togʻlari yon bagʻirlarida 445-625 mm yogʻin yogʻadi. Yogʻinning asosiy qismi qish va bahorda tushadi. Gʻarbiy, janubi-gʻarbiy va shimoli-sharqiy shamollar koʻp esadi. Viloyatning janubi-sharqiy qismida esadigan Afgʻon shamoli iqlimga salbiy taʼsir etadi. Viloyatning asosiy suv arteriyalari — Surxondaryo va Sheroboddaryo hamda ularning Qoratogʻdaryo, Toʻpolondaryo, Sangardakdaryo, Xoʻjaipok kabi irmoqlari. Togʻ qor va muzliklaridan, yogʻindan toʻyinadigan bu daryolar viloyat hududining shimoliy qismi, togʻ va togʻoldi zonalarinigina suv bilan taʼminlay oladi, janubidagi keng tekisliklarda doimiy suv tanqisligi kuzatiladi. Yer osti (artezian) suvlaridan tobora keng foydalanilmoqda. 1957—1958-yillarda Uchqizil, 1959—1962-yillarda Janubiy Surxon va Degrez suv omborlari, Jarqoʻrgʻon gidrotuguni qurildi. Hazorbogʻ, Daytoʻlak, Qumqoʻrgʻon, Zang kanallari, Sherobod, Amu-Zang mashina sugʻorish kanallari barpo etildi. Tuprogʻi tekisliklarda taqirsimon va shoʻrxok och boʻz tuproqlar, togʻ yonbagʻrida turli xil boʻz tuproqdir. Oʻsimliklar dunyosi ham tabiiy sharoiti bilan bogʻliq. Janubidagi ekin ekilmaydigan qumloq joylarda qandim, oq saksovul, cherkez, taroqbosh, yaltirbosh, yantoq, butasimonlar; daryo boʻylarida yulgʻun, jiyda, turangʻil, terak, savagʻich, qiyoq, qamish; adir va togʻlarning pastki yonbagʻirlarida bir yillik efemerlar (lolaqizgʻaldoq, noʻxatak); 1200-2500 m balandliklarida efemerlar bilan birga archa, pista, qayin, tol, yongʻoq, olma, zarang oʻrmonlari uchraydi. Bobotogʻ tizmasi yonbagʻirlarida respublikaning eng yirik tabiiy pistazorlari joylashgan. Baland togʻ zonasi subalp va alp oʻtloqlari bilan band. Hayvonot dunyosi ancha boy: boʻri, tulki, chiyaboʻri, ayiq, jayron, qobon, yovvoyi echki, arhar, toʻqaylarda bugʻu, toʻqay mushugi, kalamush, qoʻshoyoq, yumronqoziq, koʻrsichqon, gekkon kaltakesagi, koʻzoynakli ilon (kobra), oʻqilon, jayra, qushlardan ular (togʻ kurkasi), qirgʻovul, mayna, qaldirgʻoch, gʻoz, oʻrdak, soʻfitoʻrgʻay, chil, kaklik bor. Daryo va suv omborlarida har xil baliq koʻp.

Surxondaryo viloyati hududida Surxon davlat qoʻriqxonasi joylashgan.

Hududiy boʻlinishi tahrir

 
Tuman nomi Tuman markazi
1 Angor tumani Angor shahri
2 Bandixon tumani Bandixon shaharchasi
3 Boysun tumani Boysun shahri
4 Denov tumani Denov shahri
5 Jarqoʻrgʻon tumani Jarqoʻrgʻon shahri
6 Qiziriq tumani Sariq shaharchasi
7 Qumqoʻrgʻon tumani Qumqoʻrgʻon shahri
8 Muzrabod tumani Xalqobod shaharchasi
9 Oltinsoy tumani Qarluq shahri
10 Sariosiyo tumani Sariosiyo shaharchasi
11 Sherobod tumani Sherobod shahri
12 Shoʻrchi tumani Shoʻrchi shaharchasi
13 Termiz tumani Uchqizil shaharchasi
14 Uzun tumani Uzun shahri

Aholisi, asosan, oʻzbeklar (78%), shuningdek, tojik, rus, turkman, qozoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi (2004). Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 130,0 kishi. Shahar aholisi 923,4 ming kishi, qishloq aholisi 1689,0 ming kishi (2019).

Xoʻjaligi va sanoati tahrir

Yaqin oʻtmishda viloyat iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligi yetakchi mavqeda edi. Keyingi davrda yangi tarmoqlar vujudga keldi. Viloyatning tabiiy geografik oʻrni qulay, mehnat resurslari ham yetarli.

Sanoat ishlab chiqarish: yengil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi: paxta va bugʻdoy yetishtirish, qoramolchilik va qoʻychilik, transport, ayniqsa, temiryoʻl va avtomobil transporti salmoqli oʻrin tutadi. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: paxta tozalash, paxtani qayta ishlash korxonalaridir. Yirik sanoat korxonalari: „Jarqoʻrgʻonneft“ boshqarmasi, Sherobod keramika badiiy buyumlar, Denov yogʻekstraksiya, Sariosiyo tosh saralash zavodlari, Shoʻrchi un kombinati, Jarqoʻrgʻon yigiruv-toʻquv, Termiz tikuvchilik fabrikalari, Shargʻun koʻmir koni, Xoʻjaikon tuz koni korxonalari va boshqa Surxondaryo viloyatida 40 ga yaqin qoʻshma, 4000 dan ziyod kichik va xususiy korxona ishlab turibdi. Jumladan, Afgʻoniston bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalq isteʼmoli mollari ishlab chikariladigan „Namaf“ va „Afroʻz“, „Surxonteks“ va boshqa qoʻshma korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda. Hindiston — Termiz „Farmed“ qoʻshma korxonasida mahalliy giyohlar asosida dori-darmon, Turkiya — Termiz „Poʻlat“ qoʻshma korxonasida milliy gilamlar, paloslar tayyorlanadi. Tumanlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qayta ishlanadigan kichik korxonalar, sexlar tashkil etilmoqda.

Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlari: paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, pillachilik, limonchilik. Togʻ etaklarida lalmikor dehqonchilik (asosan, bugʻdoy va arpa) bilan shugʻullaniladi. Oʻzbekistonda eng koʻp ingichka tolali paxta Surxondaryo viloyatida tayyorlanadi. Viloyatning togʻoldi tumanlarida bogʻdorchilik va tokchilik rivojlangan. Chorvachilikda qoramol, qoʻy (qorakoʻl va hisor qoʻylari), echki, yilqi, parranda, quyon boqiladi. Jahon moʻyna va teri auksionlarida juda qadrlanadigan „Surxon suri“ qorakoʻl terisi yetishtiriladi.

Dehqonchilikda foydalanadigan yerlar maydoni 284,3 ming gektar, shundan sugʻoriladigan yerlar 271,6 ming gektar, shu jumladan, 120,8 ming gektar yerga paxta, 129,7 ming gektar yerga don ekinlari, 9,1 ming gektar yerga sabzavot, 1,8 ming ga yerga poliz, 5,5 ming ga yerga kartoshka, 16,2 ming gektar yerga yem-xashak ekinlari ekiladi. 33,5 ming gektar yer koʻp yillik daraxtzorlar, 12,7 ming ga yer mevazor, 5,2 ming ga yer tutzor, 15,1 ming gektar yer tokzorlar bilan band. 854,2 ming gektar yerni yaylovlar egallagan. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash maqsadida kollektor-drenaj tarmoqlari qurilgan. Viloyatda 151 shirkat, 4715 fermer xoʻjaliklari bor. Viloyat jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 487,2 ming qoramol (shu jumladan, 227,7 ming sigir), 1042,0 ming qoʻy va echki, 1052,5 ming parranda, 12,2 ming ot boqiladi (2004).

Transporti tahrir

Viloyatda temiryoʻl transportining salmogi katta. Surxondaryoda dastlabki temiryol 1915-yilda Kogon— Termiz qurilgan. Bu viloyatni boshqa regionlar bilan bogʻlaydigan dastlabki muhim yoʻl boʻlgan. 1925-yilda 248 kmli Termiz—Dushanbe temiryoʻlni qurishga kirishildi. Bu yoʻlning qurilishi Termizni Oʻrta Osiyoning yirik shaharlari — Toshkent va Dushanbe bilan bogʻladi. 1971-yilga kelib Surxondaryo viloyatini Tojikistonning janubiy tumanlari bilan bogʻlovchi Termiz—Qoʻrgʻontepa — Yavan temiryoʻlini qurishga kirishildi. Gʻuzor — Boysun — Qumqoʻrgʻon temir yoʻlning qurilishi yakunlangan. Amudaryo ustidan Hayraton temir yoʻ koʻprigi qurilgan. Viloyat hududidan Moskva — Dushanba, Ashxobod — Dushanba temir yoʻllari oʻtgan. Termiz — Toshkent, Termiz — Amu-Zang, Termiz — Sariosiyo shaharcha Sariosiyo, Termiz — Boldir yoʻnalishlarida poyezdlar qatnaydi. Shuningdek, Termiz orqali Dushanbe — Astraxon, Dushanbe — Konibodom, Qoʻrgʻontepa — Konibodom, Koʻlob — Astraxon yoʻnalishlarida poyezdlar qatnaydi. Viloyatdagi Temir yoʻllarning uzunligi 300 km. Viloyatning ichki transport aloqalarida avtomobil yoʻlining ahamiyati juda muhim. Surxondaryo viloyatidagi qattiq qoplamali avtomobil yoʻllarning uzunligi 2,7 ming km. Viloyatning asosiy avtomobil yoʻli —Katta Oʻzbekiston traktoor. Avtomobilda mamlakatlararo yuk tashish xizmati korxonasi yuklarni qoʻshni Afgʻonistonga yetkazib bermoqda. Surxondaryo viloyatining yirik shaharlari (Termiz va Denov)dan bir qancha xorijiy mamlakatlar va Oʻzbekistonning ichki tumanlariga avtomobil transporti qatnaydi. Termiz — Qarshi, Termiz — Hayraton (Afgʻoniston), Termiz — Dushanbe, Termiz — Toshkent, Denov — Qarshi, Denov — Shahrisabz, Denov — Gʻuzor, Denov — Urganch, Denov — Samarqand yoʻnalishlari shular jumlasidan.

Surxondaryo viloyatida respublikada yagona boʻlgan Termiz dare porti joylashgan. Termiz va Sariosiyoda aeroport bor. Termiz aeroportidan Toshkent, Moskva, Ashxobod, Olmaota, Samarqand, Namangan, Buxoro, Andijon va boshqa yoʻnalishlarda yoʻlovchilar tashuvchi samolyotlar qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.

Madaniyat va maorif, sogʻliqni saqlash va sport tahrir

Surxondaryo vodiysi ilk ibtidoiy odamzod makon topgan joy sifatida taʼriflanadi. Boysun tizmalaridan oʻrta paleolit davriga (mil. av. 100— 40 mingyilliklarga) oid ibtidoiy odam manzillarining qoldiqlari topilgan.

Surxondaryo togʻlarida tosh davrining soʻnggi bosqichi—yuqori paleolitga (miloddan avvalgi 40-12-mingyilliklar) doir topilma ham koʻp. Shulardan biri Teshiktosh unguridan qazib olingan 8-9 yashar bola suyaklaridir (antropolog M. M. Gerasimov tomonidan qiyofasi tiklangan). Ushbu topilma „neandertal odam“ nomi bilan mashhur boʻlib, Oʻzbekistonning, umuman, Oʻrta Osiyoning hozirgi zamon odami (kromanon) shakllangan mintaqaga taalluqli ekanini isbotlashga dalil boʻldi. Vohada qadimgi madaniyatga mansub Ayritom, Dalvarzintepa, Xolchayon, undan keyingi davrlarga oid Sopollitepa, Mirshodi, Moʻlali, Kampirtepa, Jarqoʻrgʻon, Bolaliktepa va boshqa arxeologik yodgorliklar topilib oʻrganildi.

Koʻhitang togʻlarida aniqlangan Zarautsoy qoyatosh rasmlari mezolit yoki neolit davriga tegishli. Zarautsoydagi gʻor shiftlari va devorlarida oxra boʻyogʻi yordamida rayem chizilgan. Rasmlarning asosiy qismi yovvoyi buqalarni sehr-jodu yoʻli bilan ovlash manzarasini aks ettiradi.

Miloddan avvalgi 2-mingyillikning 1-yarmida hozirgi Oʻzbekiston janubga Amudaryo soʻl sohilidan kelgan qabilalar Koʻhitang va Boysun togʻoldi hududlarini oʻzlash.tirib Sopollitepa, Jarqoʻton, Moʻlalitepa aholi manzilgohlariga asos soldilar.

Miloddan avvalgi 329-327-yillarda viloyat hududi makedoniyalik Iskandar tomonidan bosib olingan. Keyinchalik Salavkiylar davlati tarkybiga kirgan.

Oʻrta asrlarda Buyuk ipak yoʻlining bir tarmogʻi Surxondaryo (Termiz) orqali oʻtgan.

Kushon podsholigi hududiga kirgan Dalvarzintepa va Xolchayonda oʻtkazilgan arxeologik qazishmalar, Eski Termizdan topilgan Budda ibodatxonalari shaharlarning naqadar rivojlanganligini koʻrsatadi. Bu davrda hunarmandchilik va qishloq xoʻjaligini taraqqiy topishi, tovar pul munosabatlarining rivojlanishi, meʼmorlik, monumental haykaltaroshlik, rassomlik va boshqa sanʼatlarning yuksalishi kuzatiladi.

Surxondaryo viloyatining hozirgi hududi III-IV asrlarda Kushonlar davlati parchalanib ketgach, eftaliylar davlati, V-VIII asrlarda Toxariston tarkibida, keyin Turk xoqonligi qoʻl ostida boʻldi.

667-yilda arablar dastlab Chagʻoniyon va Termizga hujum qilib bu shaharlarni faqat VIII asrning 2-yarmidagina toʻliq bosib olishga erishdilar. Oʻzbekiston janubidagi yerlar Pa.gacha Chagʻoniyon davlati qoʻlida boʻlgan. XI asrda Chagʻoniyon va Termizni egallash uchun Gʻaznaviylar va Qoraxoniylar oʻzaro kurashadilar. Termiz Gʻaznaviylar davlatiga qoʻshib olinadi, soʻngra Xorazmshohlar davlati tarkibida boʻladi. 1220-yilda moʻgʻullar bosib oldi. 1370-yildan Amir Temur saltanati tarkibiga kirdi. Surxondaryo koʻhna tarixi, qadimgi madaniyati, yodgorliklari bilan mashhur.

Surxon vohasidagi olimlarning koʻpchiligi „Termiziy“ taxallusi bilan nom chiqarganlar. Ular tarix, geografiya, falsafa, huquqshunoslikka oid asarlari bilan tanilgan. Hakim at-Termiziy, Shahobuddin Sobir Termiziy, Muhammad ibn Hamid Termiziy, Abu Bakr Varrok Termiziy va boshqa allomalar shu vohadan yetishib chiqqanlar. Surxondaryo viloyatida mashhur sanʼatkorlar, baxshilar, xalq artistlari, rassomlar voyaga yetgan.

Viloyatda 2003-2004-oʻquv yilida 827 umumiy taʼlim maktabi, 2 internat maktabi, Mehribonlik uyi, 18 litsey, 4 gimnaziyada 517,5 ming oʻquvchi taʼlim oldi. 2003-yilda „AKSELS“ xalqaro tashkilotining „Oʻqishga aʼlochilik dasturi“ tanlovida viloyatning gʻolib chiqqan oʻquvchilari oʻqishni xorijda davom ettirmoqdalar. 2004-yilda ham taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlik ishlari davom ettirilib „AYREKS“ xalqaro tashkilotining „Butun olam Sizning sinfingizda“ tanlovida Termiz tumani oʻquvchilari respublika gʻolibi boʻlishdi.

1998—2003-yillarda 35 ta kasb-hunar kolleji va 2 akademik litsey qurilib foydalanishga topshirildi. Bu oʻquv muassasalarida 80 dan ortiq mutaxassislik boʻyicha taʼlim-tarbiya berilmoqda. Viloyatdagi 5 oʻquv yurtida 9,9 ming oʻquvchi oʻqiydi. 16 bolalar musiqa maktabida 1443 oʻquvchi, 1 oliy oʻquv yurti (Termiz davlat universiteti)da 6,5 ming talaba bilim olmoqda. Surxondaryo viloyatida Shreder nomidagi bogʻdorchilik, tokchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining Janubiy Oʻzbekiston subtropik oʻsimliklar seleksiyasi stansiyasi faoliyat kursatadi. Surxondaryo arxeologiya muzeyi, Surxondaryo viloyat oʻlkashunoslik muzeyi, musiqali drama teatri, bolalar qoʻgʻirchoq teatri mavjud. 413 jamoat kutubxonasi (kitob fondi 3,6 mln. nusxa), 146 klub muassasasi, 2 madaniyat va istirohat bogʻi, bolalar bogʻi, Termiz hayvonot bogʻi, yoshlar majmui, xalq ijodiyoti va madaniy-maʼrifiy ishlar viloyat uslubiyat markazi bor. 4 xalq drama teatri, 2 qoʻgʻirchoq xalq teatri, 10 ashula va raqs dastasi, 6 folklor etnografik xalq dastasi, milliy dorbozlar guruhi va boshqa madaniy muassasalar ishlab turibdi. Jumladan, Boysun tumanidagi „Shalola“, Shoʻrchi tumanidagi „Kumush tola“, Uzun tumanidagi „Rohat“ ashula va raqs xalq dastalari Buyuk Britaniya, Turkiya, Afgʻoniston va Hindistonda boʻlib oʻtgan xalqaro festivallarda ishtirok etishgan.

Surxondaryo viloyatida Oʻzbekiston xalq rassomi Roʻzi Choriyev, Oʻzbekistonda sanʼat arbobi Mansur Ravshanov, Oʻzbekiston xalq baxshilari Sh. Boltayev va A. Poyonoye, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi A. Ibrohimov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar G. Ravshanova, R. Mamataliyev, H. Oripov, M. Mahmudova, A. Narzullayev, Y. Mirqurbonov, S. Qosimova, N. Allanazarovlar voyaga yetganlar.

Viloyatda „Boysun bahori“ xalqaro folklor-etnografik festivali oʻtkazilib boriladi. 1999-yilda „Alpomish“ dostonining 1000-yilligi, 2002-yilda Termiz shahrining 2500-yilligi xalqaro miqyosda nishonlandi.

Sogʻliqni saqlash tahrir

Viloyatda 92 kasalxona (8715 oʻrin), 366 poliklinika, ambulatoriya va boshqa tibbiy muassasalar, 179 ayollar konsultatsiya markazi, 225 bolalar poliklinikasi va xonalari, 149 qishloq vrachlik punkti, 398 feldsher-akusherlik punkti, 19 qishloq uchastka kasalxonasi, 73 qishloq vrachlik ambulatoriyasi mavjud. Ushbu tibbiy muassasalarda 4,2 ming vrach (har 10 ming aholiga 24 vrach), 17,6 ming oʻrta tibbiy xodim ishlaydi.

Davlat dasturiga asosan viloyatda Davlat shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Termiz boʻlimi (140 oʻrin) va barcha tuman markaziy kasalxonalari qoshida uning boʻlinmalari (340 oʻrin) tashkil etilgan hamda zaruriy tibbiy va texnik jihozlar bilan taʼminlangan.

Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi oʻz faoliyatida AQShning Projekt Xoup, Karelift Interneyshnl, Kauntepart Interneyshnl tashkilotlari bilan uzviy aloqalar bogʻlagan.

Oʻrta Osiyo xalqaro taraqqiyot agentligi (YUSAID) tomonidan viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi tashkilotlar va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda yangi dasturni rivojlantirish, giyohvandlikka qarshi kurash, sil kasalligini davolash va uni oldini olish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda tashkil etilgan nodavlat muassasalar soni 75 ta. Surxondaryo viloyatida Xonjiza dam olish uyi, „Jayronxona“, „Uchqizil“ balneologik kurorti, bolalar revmatologiya sanatoriylari, Denov tumanidagi „Hazorbogʻ“ sanatoriysi ishlab turibdi.

Sport tahrir

Surxondaryo viloyati sportchilari sportning koʻplab turlari boʻyicha har xil darajadagi musobaqalarda ishtirok etmoqda (kurash, dzudo, voleybol, futbol, tennis, boks va boshqalar). Surxondaryodan kurash boʻyicha Jahon va Osiyo chempioni, Hakim at-Termiziy, Prezident sovrini uchun xalqaro turnirlar gʻolibi Toshtemir Muhammadiyev, xalqaro Hakim at-Termiziy turniri gʻoliblari Oʻrol Toʻrayev, Rustam Ergashev, Erali Mamarasulov; bir qancha xalqaro turnirlar gʻolibi, Antaliya musobaqasi jahon chempioni Mahtumquli Mahmudov, dzudo boʻyicha Osiyo chempioni, kurash boʻyicha xalqaro turnirlar gʻolibi Abdulla Tangriyev kabi mashhur sportchilar yetishib chiqqan. Surxondaryo viloyatida zamonaviy sport inshootlaridan „Kurash saroyi“, stadion, „Delfin“ suv havzasi, „Alpomish“ sport majmui, turli darajadagi xalqaro musobaqalar oʻtkaziladigan tennis korti mavjud. Surxondaryo viloyatida bolalar va oʻsmirlar sport maktabi faoliyat koʻrsatadi (2004).

Adabiyotlar tahrir

Surxondaryo qadimdan shoir va ulamolar, baxshilar toʻplangan vohalardan biridir. Bu zaminda xalq ogʻzaki ijodi va yozma adabiyot rivojlanib kelgan. „Alpomish“ dostoni yaratilgan makon sifatida shu vohada bayram qilinishi, 40 dan ortiq „Termiziy“, 10 dan ortik, „Chagoniy“ taxallusi bilan ijod qilgan allomalarning ilmiy-adabiy merosi buni toʻliq isbotlaydi.

Eski Termizda islom nazariyotchisi, muhaddis Hakim at-Termiziy yashab ijod qilgan. „Ilal ash-shariat va xatm ul-Asliyot“ asari islom nazariyotchilari tomonidan eng koʻp eslanadigan kitoblardan biri. Boshqa muhim asarlari „Kitob annahi“ („Yoʻriqnoma kitobi“), „Kitob al-furuh“ („Ollohdan qoʻrquvchilar haqida kitob“), „Navroʻznomai Xoja Hakim Termiziy“.U Abu Ali al-Juzjoniy, Abu Bakr Varroq va boshqa mashhur olimlar ustozidir. Andalusiyalik yirik islomshunos Muhyiddin ibn al-Arabiy (1165—1240) oʻzini Hakim Termiziyning shogirdi deb hisoblagan.

Surxondaryo viloyatida yashagan mashhur muhaddis Imom Termiziy hadislarni toʻplab bir qancha asarlar yaratgan. „AlJomiʼ assahih“ yoki „Sunani Termiziy“, „Kitob al-ilal“, „Kitob azzuxd“ va boshqa shular jumlasidandir. U Imom Buxoriyning mashhur shogirdi va izdoshi hisoblanadi.

Surxondaryoning Oltinsoy hududida tasavvuf ilmining pirlaridan boʻlgan Soʻfi Olloyoʻr, Xoʻjaipok oma (asl nomi — Abdurahmon bin Avf Abu al-Kurayshiy az-Zuhriy), Sayd ibn Vaqqos, Mavlono Zohid Xalifa bobo kabilarning xoklari bor.

Surxon vohasida X-XII asrlarda yashab oʻtgan Daqiqiy, Farruhiy, Adib Sobir Termiziy kabi yirik shoirlar mashhur.

Chingiz bosqini tanazzulidan keyin, XVI-XIX asrlardan yana Termiziy taxallusi bilan bir turkum shoirlar paydo boʻldi. Ular Umar at-Termiziy as-Soʻfiy, Mavlono Qudsiy Termiziy Maxjub, Xoja Samandar Termiziy, Abdulloh Termiziy, Taqiy Termiziy, Soʻfi Olloyor va Masiho Boysuniylar edi.

Vohaning qadIMGI Sherobod dosshonchilik maktabid&n oʻzbek dostonchiligining mashhur ijrochilari yetishib chiqqan, ayni shu maktab Nurota va Bulungur dostonchilik maktablariga ham ijobiy taʼsirini oʻtkazib turgan. XVIII asrda bu maktabdan Bobo shoir, Qosim oqinlar, 19-asrda Olim baxshi, Xoler baxshi, Niyozali baxshi, Sherna baxshilar, XX asrda esa Shotoʻra baxshi, Mardonakul baxshi, Mamarayim baxshi, Boʻriboy baxshi Ahmedov, Yusuf Oʻtagan oʻgʻli, Chorsham baxshi Rahmatulla oʻgʻli, Toshmurod baxshi, Xushboq baxshi Mardonaqul oʻgʻli, Qora baxshi, Shoberdi baxshi Boltayev, Boborahim bahshi Mamarayim oʻgʻli, Abdunazar baxshi, Shodmon baxshilar yetishib chiqqan. Bulardan eng isteʼdodlilari „Alpomish“ va „Goʻroʻgʻli“ turkumidagi dostonlarni mukammal biladigan Bobo shoir, Sherna baxshi, Mardonaqul Avliyoqul oʻgʻli va Chorsham baxshi Rahmatulladir.

XX asrning 50—80 yillarida Shukur Xolmirzayev, Raʼno Uzoqova, Erkin Aʼzam, Sattor Tursunov, Tesha Saydaliyev, Karim Mallayev, Isomiddin Otaqulov, Mengziyo Safarov, Ozod Avliyoqulov, Usmon Azim, Nizomjon Parda, Yusufjon Valizoda, Ismat Norboyev, Shafoat Rahmatullo Termiziy, Togʻay Murod, Boltajon Sodiqov, Xurram Mak, sadqulov, Sirojiddin Sayyid, Gʻulom Egamshukur, Bolta Yoriyev, Narzulla Soʻfiyev, Arbob Chosh, Eshqobil Shukur, shoir va pedagog Xolmuhammad Qulniyozov, Nodir Normatov, Mirzo Kenjabek, XX asrning keyingi yillarida Namoz Ergashev, Zoir Mamajonov, Gulandom Togʻayeva va boshqalarning sheʼriy va nasriy asarlarida sevgi, yaxshilik, mehroqibat, adolat tuygʻulari, shuningdek, voha kishilarining hayot tashvishlari, mehnat yumushlari, urfodat va anʼanalari muhim oʻrin egallagan.

Surxondaryo viloyatida Oʻzbekiston ijodiy uyushmalari (yozuvchilar, rassomlar, meʼmorlar, jurnalistlar va boshqalar)ning viloyat tashkilotlari faoliyat koʻrsatadi.

Matbuot, radioeshittirish va televizioni tahrir

Surxondaryo viloyatida 3 viloyat gazeta, 14 tuman gazeta chiqadi. Viloyatda, shuningdek, 13 tarmoq va 2 ta xususiy gaz. nashr etiladi. Jami 32 nomdagi gaz. chop etiladi (2004).

Birinchi radioeshittirishlar 1954-yildan boshlangan. Viloyat radiosi kuniga 1 soatlik xajmda eshittirishlar beradi. 2003-yil fevraldan boshlab Surxondaryo viloyati radiotelevideniye uzatish markazi muassisligidagi „Surxon sadosi“ radiosi faoliyat koʻrsatadi. Har kuni 15 soatlik radioeshittirishlar tayyorlanib, efirga uzatilmoqda. 2003-noyabr oyidan Surxondaryo radiosi qoshida „Yangi asr“ radiostudiyasi faoliyat koʻrsata boshladi. Kuniga 8 soat eshittirishlar tayyorlanib efirga uzatiladi.

Viloyatda 1 davlat va 4 tarmoq va nodavlat televideniyelari mavjud. 1990-yildan buyen faoliyat koʻrsatayotgan Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasining kunlik koʻrsatuvlari oʻrtacha 3—4 soatni tashkil etadi.

„Ishonch“ telekompaniyasi 1997-yildan buyen faoliyat koʻrsatib, ayni paytda har kuni 3 soatlik koʻrsatuvlar beradi.

„ATR Denov“ va „Sherobod“ televideniyelari 1995-yildan faoliyat koʻrsatib, „Sherobod“ televideniyesining kunlik koʻrsatuvlari 1 soatni, „ATR Denov“ televideniyesi koʻrsatuvlari 1,5 soatni tashkil etadi.

Meʼmoriy yodgorliklari tahrir

Viloyatdagi 359 tarixiy yodgorliklardan 294 tasi arxeologiya, 26 tasi meʼmoriy, 39 tasi monumental sanʼati yodgorliklaridir. Termiz shahrining 2500 yillik yubileyi munosabati bilan 2001—2002-yillarda viloyatdagi bir kancha tarixiy obidalar va arxeologik yodgorliklarda taʼmirlash ishlari olib borildi. Surxondaryo viloyatidagi yodgorliklar oʻzining qadimiyligi bilan mashhur. Xuroson meʼmorlik anʼanalarida qurilgan mashhur Jarqoʻrgʻon minorasi (1108—09 yillar), Sulton Saodat majmuasi (X asr, XV-XVII asrlar), Denovdagi Chagʻoniyon davlati qalʼasi qoldiqlari (15-asr), Hakim atTermiziy majmuoti (11 — 15-asrlar), Eski Termizdagi Zurmala minorasi krldikdari (II asr), Termiz atrofidagi Kokildor xonaqohi (16-asr) va boshqa shular jumlasidan.

OʻzME 7-jiddining 656-657-betlari orasidagi Surxondaryo viloyatining tabiiy va iqtisodiy rangli xaritasiga qarang.

Adabiyotlar tahrir

  • Rtveladze E., Aminov M., Surxondaryo, albom [prof. N.Toʻxliyev tahriri ostida], T., 1996;
  • Roʻziyev A. N., Surxondaryo viloyati, T., 1996;
  • Pugachenkova G. A., Ochiq osmon ostidagi muzey, T., 1981;
  • Tursunov S, Qobilov E., Pardayev T., Murtazoyev B., Surxondaryo tarixi, T., 2004.

Surxondaryo viloyati

  • Maʼmuriy markaz — Termiz shahri.
  • Maʼmuriy boʻlinishi — 14 ta tuman, 8 ta shahar, 7 ta shahar tipidagi posyolka va 114 ta qishloq * * Aholisi — 1 mil 8067 ming kishi.
  • Umumiy yer maydoni — 20,1 ming km.
  • Ekin maydoni — 282,7 ming gektar.
  • Mehnatga yaroqli aholi — 880,0 ming kishi.
  • Temir yoʻl uzunligi — 301,0 km.
  • Avtomobil yoʻli uzunligi 2,7 ming km.

Surxondaryo viloyati Oʻzbekistonning eng janubiy qismida joylashgan boʻlib, uning hududi quruq suptropik iqlimiy mintaqaga toʻgʻri keladi. Viloyat hududini 37°10' — 39°02' shimoliy kenglik va 66°32'- 68°25' sharqiy uzunlik chiziqlari kesib oʻtadi.

Surxondaryo Oʻzbekistonning siyosiy, maʼmuriy, ijtimoiy hayotida alohida oʻrin tutadigan regiondir. U Oʻzbekistonning 5 iqtisodiy rayonlaridan biri tarzida eʼtirof etilgan.

Surxondaryo viloyatining tarkibi maʼmuriy jihatidan davrlar osha oʻzgarib turgan. Jumladan Surxondaryo viloyatining hududi 20 asrning boshida maʼmuriy va siyosiy jihatdan Buxoro amirligi qaramogʻida boʻlgan. U dastlab 1927-yilda Oʻzbekiston Respublikasi tarkibida tuzilgan viloyatlarning biri boʻlgan. Biroq tez orada u Buxoro viloyati tarkibidagi „Surxondaryo okrugi“ ga aylantirilgan. 1941-yil 6-mart kuni Oʻzbekiston Oily Kengashining qarori bilan Surxondaryo viloyati tarzida qayta tuzilgan.

Sobiq ittifoqning regionlardagi ichki tabiiy va iqtisodiy shart-sharoit hamda imkoniyatlarni hisobga olmasliklari oqibatida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlri 1960-yilning 25-yanvarida qoʻshib yuborildi. Bir-biridan tabiiy resurslar va iqtisodiy imkoniyatlari jihatidan katta farq qiladigan bu regionda ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish va rivojlantirish bir xil kechmadi. Viloyatning janubiy — Surxondaryo qismining xalq xoʻjaligi taraqqiyotiga markazdan uzoqlik salbiy taʼsir koʻrsatib turadi. Oʻzbekiston hukumati va iqbolini belgilash tashkilotlari maʼmuriy boʻlinishdagi bu xatoni tuzatish maqsadida 1964-yil 7-fevralida Surxondaryo viloyati maʼmuriy jihatidan 14 tumanni birlashtiradi. Ular:

tumanlaridir. Viloyatda 2 ta yirik shahar bor. Ular Termiz (viloyatning maʼmuriy markazi) va Denov (viloyatning sanoatlashgan markazi) dir. Viloyatda 8 shahar kengashi va 3 kasaba kengashi mavjud boʻlib, ular maʼmuriy jihatidan tuman hokimliklariga qaraydi.

Surxondaryo viloyatining chekka (va ayni bir paytda janubiy geografik) oʻrni uning boshqa viloyatlarga nisbatan koʻproq xorijiy davlatlar bilan chegaralanishini taqozo qilgan. Surxondaryo viloyati Surxon — Sherobod vodiysida joylashgan boʻlib u yaqin xorijiy davlatlar Tojikiston bilan shimol, shimoliy-sharq va sharq tomondan hamda Turkmaniston bilan gʻarb tomondan, uzoq xorijiy davlat Afgʻoniston bilan esa janibiy tomondan Amudaryo oʻzani orqali chegaralanadi. Shuningdek, viloyat baland togʻlar orqali Oʻzbekistonning Qashqadaryo viloyati bilan ham katta masofaga chegaralanadi. Bu chegaraning sarhad chizigʻi Oʻzbekistonning eng baland togʻi — Hisor togʻ tizmasining qirralariga toʻgʻri keladi. „Dunyo osmoni“ deb nom olgan Pomir togʻiga mansub boʻlgan Hisorning qudratli devor tarzida choʻzilgan tizmalari:

Viloyatning Qashqadaryo orqali boʻlgan bu chegarasi shimolroqda Chaqchar va Boysun togʻ suvayrigʻichi, soʻngra janubiy gʻarbda shoʻrob botigʻining boshlangʻich nuqtasi suvsiz togʻ va Koʻhitangning shimoldagi qirrasi orqali oʻtadi.

Viloyat hududi egri chizilgan uchburchakni eslatadi. Uning oʻlchamlari: shimoldan janubga 220-250 km gʻarbdan sharqqa esa 150-170 km ga choʻziladi.

Viloyatning 3 tomonidan togʻlar bilan oʻralgan, chegarasi janubiy tomonga ochiq unug janubdagi Amudaryo oʻzani orqali Afgʻonniston davlati bilan oʻtgan chegarasi esa daryo oʻzaniga koʻra gʻoyat egri bugridir.

Surxondaryoning gʻarbiy va shimoliy-gʻarbiy checara chiziqlarida joylashgan baland togʻlar viloyatda oʻzgacha iqlimiy sharoit hosil qiluvchi omillardandir. Janubiy chegaradagi ochiqlik esa shimoliy shimoliy-gʻarbiy havo oqimlarining viloyat hududiga kirib kelishi uchun „darvoza“ hisoblanadi. Viloyat iqlimi subkontinental, qishi iliq, yozi issiq va quruq boʻladi. Yozda kunduzi harorat 46-48 darajagacha etadi. Viloyat janubida havo namligini keskin tushirib yuboradigan quruq, janubi — gʻarbiy shamollar esadi. Viloyatning tabiatga tabiiy landshaftiga uning iqlimi, suv resurslari, tuprogʻ, oʻsimliklar va hayvonot dunyosi holatiga uning geografik oʻrni (ayniqsa chegara qismidagi togʻlar) taʼsir koʻrsatib turadi. Shuningdek viloyatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga chegaradosh davlatlar bilan aʼloqaning taʼsiri kuchli. Ayniqsa, Afgʻoniston bilan Amudaryo porti va Amudaryo temir yoʻli (va ayni paytda avtomobil yoʻli) koʻprigi orqali olib borilayotgan 20 mingdan ortiq Osiyo va Yevropa davlatlarining iqtisodiy, texnikaviy savdo-sotiq aloqalari hamda Tojikiston bilan Termiz-Dushanbe, Termiz-Yovon temir yoʻl va avtomobil yoʻllari orqali olib borilayotgan aloqa, viloyat ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotga oʻta kuchli taʼsir koʻrsatib turadi.

Viloyat hududining koʻlami 20,8 ming kv. km. U Oʻzbekiston hududining 4.6 % ni tashkil qiladi Surxondaryo egallagan maydonning kattaligi jihatidan Oʻzbekiston viloyatlari ichida salmoqli oʻrinda turadi, yaʼni Surxondaryoning hududi Xorazm viloyatlnikidan 33, Andijonnikidan 4.9, Namangannikidan 2,6, Fargʻonanikidan 2,9, Sirdaryonikidan 4 marta kattadir. Xorijiy davlatlarga qiyosda, jumladan uning hududi Kiprnikidan 2,23, Quvaytnikidan 1,3, Litvanikidan 2, Singapurnikidan 34,7 marta katta. Shuningdek, Surxondaryoning hududi Markaziy Amerikadagi Yamayka davlati (21,0 ming kv. km.) ga deyarli teng.

Manbalar tahrir

Havolalar tahrir