Taxta — turli yogʻoch gʻoʻlalarni boʻylamasiga tilish yoʻli bilan tayyorlanadigan mahsulot. Binokorlik, mebelsozlik va idishlar (yashik) tayyorlashda ishlatiladi. Ignabargli daraxtlar (tiloyuch, Qayragʻoch, terak, tol, yongʻoq, tut, chinor va boshqalar) gʻoʻlalari taxta uchun xom ashyo sanaladi. Taxtalar shakliga koʻra, ikki qirrasi tekis tilingan, ikki qirrasi chala arralangan yoki umuman arralanmagan, gʻoʻlaning yonlaridan chiqadigan peshtaxta (gorbil) kabi xillarga boʻlinadi. Qalinligi 8mm dan 100mm gacha, uzunligi esa 9 m gacha boʻlishi mumkin. Qurilishda 30, 40, 50mm qalinlikdagi taxtalar koʻp ishlatiladi. Taxtalar toʻgʻri chiziqliligi, koʻzlarining bor yoki yoʻqligi va boshqa sifatlariga koʻra 6 xilga boʻlinadi.

Transport yoʻlida ishlatiladigan yogʻoch gʻoʻlalar shpal deb ataladi. Shpallarning qalinligi 13—17 sm, uzunligi esa 2,5—2,7 m ni tashkil etadi. Shpalning toʻrt tomoni tilingan boʻlsa – qirqilgan, ikki tomoni (pasti va usti) arralanib, qolgan ikki tomoni shunday qoldirilsa – yonbosh shpallar deb ataladi.