Tikanboshlilar, akantotsefallar (Acanthocephala) — birlamchi tana boʻshlikli chuvalchanglar sinfi (baʼzi maʼlumotlarga kura tip). Gavdasi qopga oʻxshash, uz. 1— 65 sm. Kugikulasi ostida qalin gipoderma qavati joylashgan. Gavdasining oldingi uchidagi koʻp ilmoqli xartumi yordamida xoʻjayin tanasiga yopishadi. Xartumi tana ichiga tortiladi. Halqa va boʻylama muskullari bor. Ichagi boʻlmaydi (osmotik oziqlanadi). Ayirish sistemasi protonefridiy tipida. Nerv sistemasi oldingi tomonda joylashgan bosh nerv gangliysi va undan ketadigan nervlardan iborat. Ayrim jinsli, tuxum qoʻyadi. Metamorfoz va xoʻjayin almashtirib rivojlanadi. Oraliq xoʻjayini — qisqichbaqasimonlar va hasharotlar. 6 turkum, 14 oila, 500 dan ortiq turi bor. Asosan, hayvonlarda, baʼzan odamda parazitlik qilib, akantotsefalyoz kasalligini paydo qiladi.