Xarbin — Xitoyning shim.sharqiy qismidagi shahar. Xeylunszyan provinsiyasining maʼmuriy markazi. Aholisi 9,2 mln. kishi (1998). Sungari daryosining oʻng sohilida. Yirik temir yoʻl chorrahasi, daryo porti. Aeroport bor. Mamlakatning muhim sanoat, ilmiy va madaniy markazi. Yetakchi sanoat tarmogʻi — mashinasozlik, xususan, elektrotexnika, elektroenergetika, transport, stanoksozlik, priborsozlik va boshqa Yogʻochsozlik, oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoati korxonalari mavjud. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. X.da 15 dan ortiq oliy oʻquv yurti, muzey va teatrlar bor. Shaharga 1898-yilda Xitoy Sharqiy temir yoʻlning qurilishi bilan asos solingan.