Yeryongʻoq, Xitoy yongʻogʻi (Arachis hupogaea L.)

Yeryong'oq o'simligi

dukkakdoshlar oilasiga mansub bir yillik oʻsimlik, moyli ekin. 10 dan ortiq turi bor. Oʻzbekistonning sugʻoriladigan mintaqalarida oddiy turi ekiladi. Vatani — Janubiy Amerika (Braziliya). 16-asrda Jan. Amerikadan Osiyoga, soʻng Yevropaga (Xitoydan) tarqalgan. Ye. yo. Hindiston, Xitoy, Myanma (Birma), Yaponiya, Markaziy va Shimoliy Afrika, AQSH, Oʻrta Osiyoda ekiladi. Jahon boʻyicha umumiy ekin mayd. 24,7 mln. ga, oʻrtacha hosildorligi 13,4 s/ga, yalpi hosili 33 mln.t(1999).

E.yo.ning ildizi oʻq iddiz, tuproqqa 2 m. chuq.ga kirib boradi, azot toʻplovchi tugunaklar hosil qiladi. Poyasi oʻtsimon, bal. 50—60 sm, shoxlangan, tik, yon shoxlari yer bagʻirlab oʻsadi. Bargi murakkab, juft patsimon, yoki teskari tuxumsimon shaklda. Har bir barg qoʻltigʻida gultoʻplam (shingil) joylashgan. Gullari ikki jinsli, kapalaksimon; rangi sariq, zargʻaldoq. Yer tagidagi gullari (kleystogamli gullar) ochilmaydi, oʻzidan changlanadi. Yer ustidagi gullari esa chetdan changlanadi. Guli changlangandan keyin tugunchasi avval tik, soʻng pastga qarab oʻsadi, 8—10 sm chuqurlikda tuproqqa kirib boradi va meva (dukkak) tugadi. Dukkagida 1—6 gacha urugʻi boʻladi. 1000 dona urugʻining vazni 200—1500 g (oʻrtacha 400—500 g). Dukkagi chatnamaydi. Bir tupda 700 gacha dukkak boʻladi. Ye.yo.— issiqsevar, namsevar, yorugʻsevar va qisqa kun oʻsimligi. Qumoq va unumli tuproqlarga talabchan, shoʻrlangan va botqoqlangan yerlarda yaxshi oʻsmaydi. Urugʻi 12—15° da unib chiqadi, maysasi — G sovuqda nobud boʻladi. Oʻsuv davri 150—170 kun. Oʻzbekistonda Ye.yo. sugʻoriladigan yerlarga ekiladi, hosildorligi 20—40 s/ga.

E.yo. mevasi tarkibida 48—66% yogʻ va 23—38% oqsil, 22% gacha uglevodlar bor. Urugʻi aksariyat qovurilgan (dukkagi bilan yoki tozalanib) holda isteʼmol qilinadi. Urugʻi va yogʻi qandolatchilik mahsulotlari (xolva, konfet) i. ch.da ishlatiladi. Ye. yo. tuproqda biologiya azot toʻplab, tuproq unumdorligini oshiradi.

Agrotexnikasi chopiq qilinadigan ekinlarnikiga oʻxshash. 2—3 marta haydalib boronalangan maydonlarga bahorda (apr. oxirida) ekiladi. Fosforli va azotli oʻgʻitlarga talabchan. Urugʻi yoki dukkagi makkajoʻxori yoki chigit seyalkalarida keng qatorlab (60—70 sm) 70x10, 70x15 sxemasida har uyaga 7—8 yoki 4—5 tadan urugʻ tashlab 5—7 sm chuqurlikka ekiladi. Gektariga 70— 100 kg urugʻlik sarflanadi. Oʻsish davrida 4—6 marotaba sugʻoriladi. Qator oralariga ishlov beriladi, oʻsuv davrida 2—3 marta chopiq qilinadi, ildiz boʻgʻzi tuproq bilan koʻmilsa hosildorlik ancha oshadi.

Navlari: Toshkent 112, Toshkent 32, Perzuvan 4612, Qibray 4.

Kasalliklari va zararkunandalari: asosan kasallik va zararkunandalardan kam zararlanadi. Oʻrgimchakkana xavfli zararkunanda hisoblanadi.

Adabiyot

tahrir
  • Vavilov P. P., Rasteniyevodstvo, M., 1986; Pasipanov G. S, Rasteniyevodstvo, M., 1997.

Halima Otaboyeva.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil