Majdiddin Muhammad, Xoja Majdiddin Muhammad Xavofiy (? — 1494-yil avgust) — Husayn Boyqaro davlatining yirik mansabdor shaxslaridan biri, vazir (1487—1490). Otasi Gʻiyosiddin Pir Ahmad Xavofiy Hirotda Shohrushing vaziri (1417—47) boʻlgan. M.M. Abu Said davrida oddiy mirza, soʻngra Husayn Boyqaroning jiyani Mirzo Muhammad Sultonning vaziri boʻlgan. Sulton Husayn Boyqaro undan M. M.ni soʻrab olib, parvonachi mansabiga oʻtqazgan (1472), M. M. saroy va mamlakatdagi ishlar xususida sultonga axborot berar, qabul qilingan qarorlarni yozib olar va oʻz muhrini sulton muhri bilan yonmayon qoʻyardi; shu tufayli hukmdorlarning noibi (oʻrin-bosari) hisoblangan. Biroq M. M. bilan Alisherbekning oʻzaro munosabatlari murakkab edi. Buning ustiga saroy vazirlari Nizomulmulk va Xoja Afzaliddin Muhammadlar M. M.ga qarshi fitna qoʻzgʻatib, uni sultonga qoralay boshlab, M. M.ni 60 ming dinor toʻlashga majbur etishgan. U parvonachi mansabini saqlab qolgan, biroq devon ishlariga aralashmasligi lozim boʻlgan (1478-yil). 1487-yil Alisherbek Astrobod hokimi etib tayinlangach, M. M. devon ishlariga yana aralasha boshlagan, dastlabiga u maʼlum hokimiyatga ega boʻlmagan. Xazina boʻshab qolib, sultonga 2 tuman pul zarur boʻlib qolganda M. M. sultonga nafaqat 2 tuman balki 2000 tumanni ham osonlik bilan topishi mumkinligini aytadi. Ertasi kuni M. M.ga keng vakolatlar beriladi: unga hukmdor nomidan muhr bosish, barcha ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish huquqi beriladi. M. M. „saltanat va podshohlikning ishonchli kishisi“ unvoniga ega boʻlgan. Amaldorlar poraxoʻrliklari uchun javobgarlikka tortilgan va qisqa mudsat ichida ulardan 2000 tuman pul toʻplab olingan.

Alisherbek 1490-yil Hirotga qaytgach,M. M.ning taʼsiri zaiflasha boshlagan. Balxda Darveshali qoʻzgʻolon koʻtarganligi haqidagi xabar Hirotga yetib kelganda, sulton Husayn Boyqaro davlat manfaatlarini koʻzlab, M. M.ni vaqtincha hokimiyatdan chetlashtiradi. M. M.ni barlos beklari, mashhur sufiy shoir Abdurahmon Jomiy qoʻllabquvvatlaydi.

M. M. barlos beklari yordamida sulton qabuliga kirishga muvaffaq boʻladi, u hukmdorga 20 ming dinor peshkash qiladi, lekin oradan bir necha kun oʻtgach, barlos beklari va M. M. hibsgaolinadi. M. M. barcha gunoxlarni oʻz boʻyniga olgan. Uning mol-mulki taftish qilinganda hech kim kutmagan nodir, qimmatbaho buyumlar topilgan. M. M. bir qancha toʻlov shartnomalarga imzo chekkach, ozod qilingan. M. M. farangilar (yevropaliklar) karvoni bilan Kirmonga qochadi, u yerdan Makkaga, haj ziyoratiga joʻnaydi, biroq manzilga yeta olmaydi, yoʻlda, Arabistondagi Tobuk degan yerda vafot etadi.

Adabiyotlar tahrir

  • Bartold V. V., t. II chast II, Sochineniya, M., 1964; Boburnoma, T., 1989.

Turgʻun Fayziyev.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil