Yeley surtish marosimi (Yeleosvesheniye) - xristianlikdagi sirli marosimlarning uchinchisi. U rus tilida yeleosvyasheniye, soborovaniye degan nomlar bilan ataladi. Ushbu marosimga yeleosvyasheniye nomi xristianlarga yeley moyini surtilishi bilan bog‘liq bo‘lsa, marosim yetti ruhoniy jamoasi (sobori) tomonidan bajarilgani uchun unga soborovaniye nomi berilgan. Sirli marosim havoriylar davrida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unda bemor dindorlarga muqaddaslashtirilgan zaytun yog‘i surtiladi. Cherkov ta’limotiga ko‘ra, ushbu marosim insonning jismoniy va ruhiy kasalliklarini davolaydi. Shuni aytib o‘tish kerakki xristianlar marosim tavbasiga tayanib ulgurmagan bandalarning gunohlardan xalos etib, osongina jon berishlariga yordam beradi deb ishonadilar. Sirli marosim yetti yoshdan katta aqli raso bemor dindorlarga mo‘ljallangan. Bu marosim nafaqat cherkovda balki, kasalxona va uylarda ham bajarish mumkin. Marosim vaqtida ruhoniy Apostol kitobi va Yevangeliyeni o‘qigan holda bemorning peshona, yonoq, lab va qo‘llariga muqaddas zaytun moyini yetti marotaba suradi. Bundan tashqari ibodat vaqtida ruhoniy Iso Masihdan bemorga shifo berishini va uning gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rab duo va iltijolar qiladi. Bu orada bemor xudoga nola qilib, gunohlari kechirilishini so‘raydi. Keyin esa, ruhoniy Yevangeliyani (yozuvini pastga qilib) bemorning bosh qismiga qilib, gunohlarni avf etish duolarini o‘qiydi. Bu orqali bemor kasallikdan forig‘ bo‘lib, oshkora va yashirin gunohlari kechiriladi. Shuni aytib o‘tish kerakki xristianlikda bu marosimning o‘ziga xosligi oshkora gunohlar bilan birga yashirin gunohlarni ham kechirilishi bilan bog‘liq. Chunki xristianlikda gunohlarni kechirilishi tavba-tazarru qilish marosimi orqali amalga oshadi. Unga ko‘ra dindor gunohlariga oshkora iqror bo‘lishi lozim. Bundan ko‘rinib turibdiki esdan chiqib qolgan gunohlar kechirilmaydi. Soborovaniye marosimi esa ana shu gunohlarni avf etish yo‘li hisoblanadi. Soborovaniye bir vaqtning o‘zida bir nechta bemorlar uchun bajarilishi mumkin[1].

Manbalar tahrir

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 192-193.

Adabiyotlar tahrir

  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480 bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.