Yer osti muzi
Yer osti muzi - Yer poʻstidagi kelib chiqishi va yotish shakli har xil boʻlgan muz. Hosil boʻlgan vaqtiga koʻra hozirgi zamon va qazilma, kelib chiqishi boʻyicha birlamchi (singenetik), ikkilamchi (epigenetik) va koʻmilgan muzlar boʻladi. Birlamchi Ye.o.m. — suv dastlab boʻsh jinslarda toʻplanadi, soʻngra muzlaydi; bular Ye.o.m.ning koʻp qismini tashkil etib, koʻpincha kontakt, gʻovak, pardali bazal muz-sement koʻrinishida, shuningdek, segregatsion va inʼyeksion muz deb atalmishlari ham yirik linza va qatlam shaklida uchraydi. Keyingi ikkitasining shakllanishi Yer yuzasida sovuqdan koʻpchishni keltirib chiqaradi, natijada inshootlar deformatsiyaga uchraydi yoki joy-idansiljiydi. Ikkilamchi Ye.o.m. — muzlagan zich yoki muzlayotgan jinslarning yoriq (tomir muzi), kavak va boʻshliqlarida (gʻor muzi) suv va suv bugʻlarining sovib kristallanishidan vujudga keladi.
Yoriqlardagi tabiiy muzxonalarni har yili muz bilan toʻlishidan qayta tomirli muz hosil boʻladi. Muztomirlarning hosil boʻlishi bilan bir paytda yangi choʻkindilar yigʻilsa, koʻtarilib borayotgan muz yuzasining orqasidan muztomirlar asta-sekin oʻsib boradi. Muzlayotgan choʻkindilardagi singenetik muztomirlarning kengligi 8 m gacha, boʻyi 40–80 m. Bular Sibir shimoli va Alyaskadagi dengiz oldi tekisliklarining 70% gacha maydonini egallagan.
Koʻmilgan muz avval yer yuzasida (dengiz, daryo, koʻl muzi va b.) hosil boʻlib, keyinchalik choʻkindi jinslar bilan koʻmilib qoladi. Koʻmilgan muzlarning eng yirik massivlari ulik muz deb ataladi. Ye.o.m. koʻp yillab muzlab yotgan togʻ jinslari tarqalgan oblastlarda mavjud. U litosferaning eng beqaror qatlami boʻlib, togʻ jinslarini muzlatadi, ularning fizik-mexanik xususiyatlarini oʻzgartirib yuboradi. Ye.o.m.ning Yer kurrasidagi oʻrtacha hajmi 0,3—0,5 mln. km3. Oʻrta Osiyo togʻlarida Ye.o.m. baland togʻ muzliklari hududida 3500 m dan yuqoridagi qatlamlarda uchraydi. Yer sharida iqlimning oʻzgarishi (isib borishi) muzlarning ortiqcha erishiga, termokarstlarning oʻpirilishiga, soliflyuksiya muz surilmalari kabi xavfli geologik hodisalarning sodir boʻlishiga olib keladi. Inshootlar va b. obʼyektlarni loyihalashda Ye.o.m.ni hisobga olish zarur.[1]
Manbalar
tahrir
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |